O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

“Togʻ sharpasi” oʻquv mashgʻulotlari yuqori saviyada oʻtmoqda (+video)

“Togʻ sharpasi” oʻquv mashgʻulotlari yuqori saviyada oʻtmoqda (+video)


Mudofaa vazirligi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazida oʻtayotgan “Togʻ sharpasi” oʻquv kurslarida sara harbiy xizmatchilar malakali mutaxassislar yetakchiligida jismoniy-taktik imkoniyatlarini oshirmoqda.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti OʻzAga maʼlum qildi.

Kunduzgi va tungi otish, razvedka va aloqa, hududga muvofiq niqoblanish, shartli bemorni favqulodda evakuatsiya qilish, pistirmadan hujum, shartli dushmanni qurshab olish, daryodan kechuv, jarlik va daralararo kanat orqali xavfsiz oʻtish yoʻli hozirlash, shuningdek, togʻ anjomlaridan bexato istifoda etish kabi oʻnlab murakkab jangovar vazifalarni guruh va yakka tartibda ado etayotgan “togʻ oʻgʻlonlari” yilning toʻrt faslida – har qanday vaziyatda oʻzlarining jangovar shayligini yuksaltirmoqda.

“Togʻ sharpalari”da topografiya, taktika, tibbiy tayyorgarlik kabi muhim harbiy fanlarni puxta bilish barobarida togʻ ilmidan boxabarlik: jangovar sharoitlarda tabiat va nabototning nozik unsurlaridan ustamonlik bilan foydalanish singari tajribalarni ham muvaffaqiyatli oʻzlashtirish talab etiladigan oʻquv-mashgʻulotlar yuqori saviyada olib borildi.

– Aksariyat harbiy xizmatchilar ushbu oʻquv mashgʻulotlarida ilk bor qatnashayotganiga qaramay, yaxshi natijalarga erishmoqdalar, kundan-kunga tajribalari oshyapti, – deydi kapitan Farrux Toshev. – Ayni damda “Koʻksuv” darasidan kanat orqali shartli yaradorni olib oʻtish, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda tungi va kunduzgi otish mashgʻulotlari samarali amalga oshirildi.

“Togʻ sharpasi” oʻquv kurslarida aʼlo baho olgan harbiy xizmatchilar qishki oʻquv-mashgʻulotlariga jalb etiladi.

photo_2019-09-28_10-42-45.jpg

photo_2019-09-28_10-42-46.jpg

photo_2019-09-28_10-42-49.jpg


1 820
OʻzA