O‘zA O`zbek

13.06.2019 11:53 Chop etish versiyasi

Tog‘orada giyohvand moddasi parvarishlash usuli fosh bo‘ldi

Tog‘orada giyohvand moddasi parvarishlash usuli fosh bo‘ldi

Denovlik fuqaro giyohvand modda parvarishlashning antiqa yo‘lini o‘ylab topibdi. 

Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘tkazilgan “Qoradori-2019” tezkor tadbiri chog‘ida tumandagi “Lolazor” mahallasida yashovchi Panji Choriev (ism-shariflar o‘zgartirildi) giyohvand modda parvarishlashning antiqa yo‘lini o‘ylab topganiga duch kelindi. Uning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda hammom ichidagi tog‘orada parvarishlab kelayotgan besh tup nasha o‘simligi tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, Denov tumani Gulobod mahallasida o‘tkazilgan tadbirda shu mahallada yashovchi 77 yoshdagi Sanam Xolboeva tomorqasida 27 tup ko‘knori giyohvand o‘simligini ekib, parvarishlayotgani aniqlangan. Mazkur tumandagi Dahana mahallasida yashovchi 49 yoshdagi Po‘lat Samievning tomorqasida yetishtirilayotgan 13 tup nasha o‘simligi ham tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

– Joylarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar doirasida giyohvand moddalarni yetishtirish, saqlash, sotish kabi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangani keng tushuntirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim shaxslarning bunday qaltis ishga qo‘l urayotgani achinardilir, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboev. – Viloyatda olib borilayotgan tezkor tadbirlar chog‘ida qaltis ishga qo‘l urayotgan bunday shaxslarning siri ochilib qolmoqda. Masalan, Boysun tumanidagi Chilonzor mahallasida o‘tkazilgan tadbirda Raim Po‘latovning tomorqasida ikki tup ko‘knori giyohvand moddasi, Denov tumanidagi Daxana mahallasida Sohib To‘raev tomorqasida ikki tup nasha o‘simligini parvarishlayotganida qo‘lga tushib qoldi. Shu tumandagi Buyuk ipak yo‘li mahallasida yashaydigan Erkin To‘laev tomorqasidagi makkajo‘xori o‘simligi orasida bir tup nasha giyohvand moddasini yetishtirayotgani aniqlanib, hujjatlashtirib olindi.

Ayni paytda zahri qotil yetishtirishni kasb qilmoqchi bo‘lgan bu shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA
474