O‘zA O`zbek

20.07.2018 20:08 Chop etish versiyasi

To‘ylar o‘ylarga ulanmasin

Joriy yil Bo‘stonliq tumanida oilaviy ajrimlar soni 40 foizga oshib, qariyb 100 tani tashkil etdi. Xo‘sh, ajrimlar soni bu qadar oshib ketishining asl sababi nimada va bunda dabdabali to‘ylarning ulushi bormi?

O‘zbekiston “Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan muloqotda oilaviy marosimlar, to‘y-hasham va boshqa turli tantanalarni ixchamlashtirish, ortiqcha isrofgarchilik va dabdabaning oldini olish borasida tumanda amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Partiya tuman kengashi mas’ullari, o‘qituvchilar va mahalla faollari tomonidan so‘nggi paytlarda to‘y-marosimlar va oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlikka berilish oqibatida ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani, bunday tadbirlarni o‘tkazishda xalqimiz mentaliteti, dunyoqarashi va milliy an’analariga mutlaqo yotodatlar o‘ylab topilayotgani, o‘z navbatida, ular o‘ziga xos “musobaqa”ga aylanib, aholi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

– To‘y-hashamlarda dabdababozlik holatlari uchrab turibdi, – deydi “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tuman bo‘limi mutaxassisi M.Fayziyeva. – Afsuski, manmanlik yo‘lida kim o‘zarga qilinayotgan bu kabi to‘ylar butun jamiyatga zarar yetkazmoqda. Achinarlisi, aynan shu sabab qanchadan-qancha yosh oilalar ajrashib ketmoqda.

Yig‘ilishda to‘y-hasham va tantanalarda ortiqcha isrofgarchilik va dabdabaning oldini olish borasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jonlantirish, bu borada keng jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga kelishib olindi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 661