Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2018 19:19 Chop etish versiyasi

To‘ylar – ma’naviyatimiz belgisi

To‘ylar – ma’naviyatimiz belgisi
MUNOSABAT


Ming afsuslar bo‘lsinki, keyingi yillarda to‘ylarimizda ortiqcha manmanlik, dabdababozlik, sarf-xarajatlar va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilib, kim o‘zarga to‘y qilish holatlariga duch kelayapmiz. Bu kabi salbiy xolatlar Respublikamiz hukumatini, qolaversa xalqparvar insonlarni tashvishga solgani sir emas. Ularning sa’yi- harakatlari bilan to‘y va marosimlar bir muncha tartibga keltirildi. Biroq, joylarda hali-hamon tartibsizliklar, jumladan, sunnat va nikoh to‘ylarida maslahat oshi, qiz yig‘inlari, rang-barang sarupo va mebellar, kelin-kuyovning qisqa “sayohati”da ko‘plab bir xilda mashinalarda shahar ko‘chalarini to‘ldirib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan yurishlari, to‘yxonalarda ovoz kuchaytirgichlarning baland ovozlarda qo‘yilib tinch aholi kayfiyatini buzishi, ayniqsa, xavaskor san’atkorlarning turli millat tillarida aytayotgan ma’no-matrasiz qo‘shiqlari, bu kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushayotgan ayrim sarxush yigit-qizlarning ortiqcha qiliqlari kishi g‘ashini keltiradi.

Bu kabi xalqimizga yot, salbiy illatlarning oldini olish vaqti kelganligi hech kimga sir emas. Shu munosabat bilan Respublika “Maxalla” hayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi faolllarining to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz, dabdabasiz o‘tkazish yuzasidan mamlakatimiz xalqiga Murojaati qabul qilindi. Murojaatda ta’kidlanishicha, keyingi vaqtlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, turli marosimlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning asriy urf-odatlarini mensimaslik kabi illatlar ommalashayotganligi tashvish bilan aytildi. Shuningdek, bu haqda muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev Navoiy viloyati faollari bilan o‘tgan uchrashuvda alohida, achinish bilan ta’kidlab o‘tdilar.

photo5280938345616222335.jpg

Taraqqiyotimizga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan bu kabi illatlarga barham berish, to‘y va marosimlarni ixcham zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish, to‘y oldi va to‘ydan keyingi kerak-nokerak tadbirlarni to‘xtatish zarurligi, bunda ko‘pni ko‘rgan kayvoni otaxon va onaxonlar, xotin-qizlar, din vakillari, yoshlar birgalikda harakat qilishlari zarurligi uqtirildi.
Pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kishilar, jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarni ko‘zlayotgani sir emas. Bu xol minglab oilalarning moddiy axvoli yomonlashuviga, qarzga botishiga, eng yomoni jamiyatimizda qaror topgan ma’naviyatimizning buzilishiga olib kelayotgani ayni haqiqatdir.
Buning uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz zarur. Bir kunlik to‘y deb, butun umr bo‘yi yiqqanini sovurish aqlga sig‘maydigan ishdir. Bundan ko‘ra, beva-bechoralarga nochor insonlarga, muhtoj va extiyojmand oilalarga yordam berishning savobi katta ekanligini har bir to‘y qiladigan fuqaroga tushuntirishimiz, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. 
 
Tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilish, to‘y va marosimlarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishlarda, urf-odat va an’analarimizga mos tarzda o‘tkazish mezonlarini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.

To‘y va marosimlarni belgilangan me’yorlar asosida o‘tkazishga bo‘ysunmagan kishilarni mansabi va mavqeidan qat’iy nazar mahalla fuqarolar yig‘iniga chaqirib, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinishi barcha mahalla oqsoqollariga va aholiga yetkazildi.

Mening fikrimcha bu kabi illatlarga barham berilmasa, millatimiz ma’naviyatiga, yosh avlodimiz tarbiyasiga, fikr va qarashlariga albatta zarar yetkazadi.



Normo‘min Xolboyev
Oliy Majlis Senati a’zosi, 
Kasbi tumani hokimi


5 042