O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

To‘y millat kelajagiga daxldor masala

To‘y millat kelajagiga daxldor masala

Ma’naviyat saboqlari 

Shodon kunlarni qarindosh-urug‘, mahalla, yoru birodarlar davrasida to‘y qilib nishonlash xalqimizga xos urf-odat, oilaviy marosim hisoblanadi. To‘y – duo olish, xayrli ishlarga undash, kelajakdan ezgulik kutish demak. Shu bois, nuroniy otaxonlarimiz, kayvoni momolarimiz hammamizni ham to‘yga yetkazsin, deya duo qiladi. Boshqacha aytganda, to‘y – xalqimizning azaliy qadriyati.

Xalqimiz farovonligi kundan-kun oshib borgan sari oilaviy marosim va tadbirlar to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazilmoqda. Oila – mo‘jaz Vatan. Har bir oila – o‘ziga xos betakror olam, demak, har bir oilaning o‘z tutumi, talabi, mezon va ichki qonuniyati bor.

O‘zbekistonning har bir hududidagi to‘y marosimlari o‘ziga xos, bir-biridan go‘zal udumlar bilan o‘tadi. Shuning uchun uylanish, qiz uzatish, beshik to‘yi kabi marosimlarda umummilliy odatlar asos bo‘lsa-da, ulardagi bir qator farqlarning kuzatilishi ham tabiiydir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan zamonaviy namunali oilani qanday mezonlar asosida shakllantirish, qadriyat va rasm-rusumlarning oilaviy munosabatlarga ta’siri turli mintaqalar kesimida ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etildi. Tadqiqotlar davomida to‘y-hashamlar va boshqa oilaviy tantana hamda marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha keng jamoatchilik fikri atroflicha o‘rganildi, natijalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Masalan, tadqiqotlarimizdan biri Samarqand viloyatida o‘tkazilgan bo‘lib, unda ishtirok etgan respondentlar zamonaviy namunali oilaning modelini yaratishda oilada ma’naviy-psixologik sog‘lom muhit mavjud bo‘lishi, ota-onani hurmat qilish, farzandlarni milliy qadriyat va urf-odatlar asosida tarbiyalash, uy-ro‘zg‘or ishlarini oqilona olib borishga e’tibor qaratish kabi omillarga urg‘u berishgan. Ular dabdabali to‘y qilish niyatida emas, aksincha, farzandlar kamoli va baxtini ko‘rish, ularning obro‘li, ilmli, olimu kashfiyotchi bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi. So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning yana bir qismi jigarbandlarining ma’nan, jismonan sog‘lom bo‘lishi, sport va ijodiy to‘garaklarga qatnashib, dongdor sportchi, rassom, tadbirkor bo‘lishi, yurtimiz sha’nini ulug‘lashi, tolei baland inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi va shu orqali mahalla-ko‘y, el-yurt oldida hurmat-e’tibor topishni niyat qiladi.

Demakki, yoshlarimiz namunali oila qurishga, milliy qadriyatlarni saqlab qolgan holda yangilikka, ilmu ma’rifatga, taraqqiyotga, innovatsion rivojlanishga intilmoqda.

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan marosimlarning oila hayotidagi o‘rni bo‘yicha ham alohida tadqiqot, shuningdek, urf-odat va an’analarimizning bugungi hayotiy mohiyati bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi.

Namangan viloyatining shahar va tumanlarida o‘tkazilgan ushbu so‘rovlar yuzasidan respondentlar fikrini o‘rganish va muhokama qilishga oid uch bosqichli chuqur ilmiy tadqiqot o‘tkazildi.

Tadqiqotda qatnashgan aksariyat respondentlar keraksiz sarpo-suruqlar, kim o‘zarga behisob tog‘aralar yuborish, xullas, yillar davomida yemay-ichmay, yig‘ib-terganini bir kunda ko‘kka sovurish oilaning iqtisodiy ahvoliga, farovonligiga salbiy ta’sir qilayotganini, qolaversa, quda-andalar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishi va ajrashishlarga sabab bo‘layotganini kuyunchaklik bilan qayd etgan.

Respondentlarning barcha fikr-mulohazalarini umumlashtirgan holda aytish mumkinki, dabdabali to‘y, sanog‘i yo‘q sarpolar hech qachon baxtga kafolat bo‘lmagan. Lekin farzandni komil inson, benazir ilm-hunar sohibi qilib tarbiyalagan ota-ona hamisha el duosini olgan.

Shu o‘rinda, beixtiyor xayolimizdan atoqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasidagi “Bidat to‘yga isrof bo‘ladurg‘an oqchaga o‘g‘illaringiz va qizlaringizni o‘qitinglar” degan so‘zlari o‘tadi.

Tadqiqotda ishtirok etganlarning fikr va talablari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 14 sentabrdagi “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorida keltirilgan me’yorlar bilan to‘liq hamohangligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagi salbiy holatlar tobora avj olishi oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimiz ning ma’naviy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qo‘shma qarorda mazkur holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni qat’iy tartibga solishni davrning o‘zi taqozo etayotgani alohida ta’kidlab o‘tilgan.

O‘zbekistondagi demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, ayollarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokining faollashuvi, urbanizatsiya va globallashuv kabi jarayonlar oilalarning zamonaviy modelga o‘tishini taqozo etmoqda.

Bu oila modelining asosiy mezoni – ijobiy ma’naviy muhit, farzandlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, ularga zamonaviy ta’lim va kasb-hunar berish, ilm cho‘qqilarini egallash uchun sharoit yaratish va daromadni o‘rinli taqsimlay olish, eng muhimi, oilaviy qadriyatlarni saqlab qolgan holda zamonaviy farovon oila qurishdir.

Shu o‘rinda fikrimizga isbot sifatida bir misol keltirib o‘tmoqchimiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 avgust kuni Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida bergan topshirig‘i hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida respublika bo‘ylab “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur innovatsion maktablarga FHDYo bo‘limlariga turmush qurish uchun ariza bergan yoshlar ixtiyoriy ravishda kelib, bepul o‘qiydi.

Mazkur maktablarda nikohlanuvchi juftliklar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yoshlarbop, zamonaviy yutuqlaridan samarali foydalangan holda, kreativ yondashuv va ilmiy-innovatsion usullar yordamida 16 soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi.

Hozirga qadar respublikamizning viloyat va tuman markazlarida 137 innovatsion maktab faoliyat olib bormoqda. Ularning faoliyatiga psixolog, pedagog, iqtisodchi, huquqshunos kabi 400 dan ziyod mutaxassis jalb etilib, hozirga qadar 18 mingga yaqin juftlik yoki qariyb 36 ming bo‘lg‘usi kelin-kuyov o‘qitildi.

Markazimiz tomonidan oila masalalari bo‘yicha olib borilgan innovatsion tadqiqot va so‘rov tahlillarigi ko‘ra, mamlakatimizdagi har bir ota-ona o‘z farzandining ibratli va zamonaviy oilada kamol topishini istashi ma’lum bo‘ldi. Davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, o‘zi faoliyat yuritayotgan soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, oilaga sadoqati va farzand tarbiyasidagi ibrati bilan xalq e’tirofiga sazovor bo‘layotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlardan biri bu – “Ibratli oila” respublika ko‘rik-tanlovi.

Bu yilgi ko‘rik-tanlovda 70 mingga yaqin oila ishtirok etdi. Markazimiz mazkur tanlov targ‘iboti davomida respublika, viloyat va har bir tuman darajasida “Ko‘ring, havas qiling, ibrat oling” mavzusida uchrashuvlar, davra suhbatlari va oddiy o‘zbek oilasining ezgu havaslarini o‘zida mujassam etgan boshqa tadbirlarni rejalashtirgan. Ko‘rik-tanlovda g‘olib va sovrindor bo‘lgan oilalarga markazimiz hamda hamkor tashkilotlar tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari berildi.

Xulosa qilib aytganda, to‘ylar oila, yurt kelajagi va millat taqdiriga daxldor masala. Bu haqda ko‘p bahs yuritish mumkin. Shu boisdan fikr-mulohazalarimizni buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy misrasi bilan yakunlamoqchimiz: “...Ajab saodat erur qolsa yaxshiliq bila ot”. Bu dunyoda abadiy qolmoq mumkin emas, biroq yaxshi nom qoldirmoq katta saodatdir. Binobarin, shunday ekan, nazarimda, oilalarni aziz ona tuprog‘imizning mustahkam qo‘rg‘oniga aylantirish borasidagi ezgu harakatlarimiz barchamiz uchun saodat ato etadi.

Dilorom TOShMUHAMEDOVA,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot
markazi direktori, senator.

255
O‘zA