Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2018 20:00 Chop etish versiyasi

To‘y-ma’rakalarga oid Nizom

Parlament quyi palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida jamiyatimizning turli sohalarini isloh qilishga doir bir qator qonun hujjatlari ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senati taqdim etgan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi deputatlar tomonidan muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining yaqinda matbuotda e’lon qilingan xalqqa murojaatida ilgari surilgan to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarga, dabdababozlik va isrofgarchilikka barham berishga oid takliflar keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

Murojaatda aytilganidek, keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning urf-odat va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanmoqda. Eng yomoni, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitni buzishga olib kelmoqda.

Odamlarimiz hayot tarzi yaxshilanib borayotgan bir davrda milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berishda Vatanini sevadigan, millat, oila g‘ururi va kelajagini o‘ylaydigan har bir fuqaro befarq bo‘lmasligi kerak.

Fraksiya a’zolari bu boradagi muammolarni tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish orqali bartaraf etish vaqti kelganini, shu nuqtai nazardan “Mahalla” fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining murojaatida keltirilgan takliflar hamda Oliy Majlis Senati tomonidan taklif etilayotgan Nizom loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Muhokama davomida deputatlar Nizomda to‘y marosimlarini o‘tkazishning qat’iy me’yor va mezonlarini belgilash hamda rioya etish yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning aniq mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini, bu jamiyatda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglik tamoyillari qaror topishi, aholi orasida keskin tabaqalanishning oldi olinishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, to‘y-marosimlarni tartibga solishda oddiy odamlarning fikr va takliflarini inobatga olish, Nizom loyihasini keng jamoatchik muhokamasidan o‘tkazish orqali takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
6 048