O‘zA O`zbek

06.07.2018 19:50 Chop etish versiyasi

To‘y – ko‘pchilik bilan bo‘ladigan tadbir

№ 9  .Гузарбоши.jpg

Tursunxo‘ja ERGASHOV,
“Guzarboshi“ MFY raisi:

– Mahallamizda 6 ming 654 aholi, 1 ming 569 ta oila istiqomat qiladi. Bunyodkorlik ishlari ushbu mahallani ham chetlab o‘tmagan. Bu yerda yashovchi uy-joyi buzilgan oltmish foiz aholining barchasi boshqa uy-joy bilan ta’minlandi. Ko‘chirilgan aholi uylari o‘rniga 28 ta ko‘p qavatli uylar qurildi.

Odamlarimizning hech biri taqdiriga befarq emas. Ayniqsa, to‘y-ma’rakalarni ixcham, kam-xarajat qilib o‘tkazish ishlariga jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Mahallamizda yaqinda bir yigitni uylantiryapmiz. Hisob-kitob qilib ko‘rsak, bu to‘yga taxminan 6 million so‘m mablag‘ ketar ekan. Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ushbu masalani aytgan edim, ular hayron bo‘lib: “Mayli men o‘n millionga ham roziman”, – dedilar. To‘y-hashamlardagi ortiqcha dabdababozliklar, isrofgarchilikka, albatta, chek qo‘yishimiz zarur.

Mahalla hududidagi Kaykovuz kanali yoqasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarning ekologiyaga, atrof-muhitga salbiy ta’siri ko‘p. Bu obyektlarni buzib tashlash yoki nazoratga olish juda zarur. Yana bir masala: mahallamizda “Eski shahar rekonstruksiyasi rejasi” ga tushgan, biroq buzilishi noma’lum bo‘lib kelayotgan xonadonlar, ularning uylantiradigan o‘g‘illari, uzatadigan qizlari bor. Tabiiyki to‘ydan oldin uy-joyni ta’mirlash kerak. Uy egalari nima qilishni, ya’ni qachon uy buzilishini bilolmay o‘tiribdi. Bu masalaga aniqlik kiritish lozim. 1995 yillarda Farobiy, Sag‘bon, Qorasaroy ko‘chalari kengaytirilganda ko‘p xonadonlar buzilib, egalari uy olib ko‘chib ketgan. Lekin ular hamon mahallamizda doimiy ro‘yxatda turadi. Bu masala Hurriyat va Sag‘bon ko‘chalaridagi uyi buzilib, uy olib ketganlarga ham taalluqli. Mahallaga tushgan kelinlar, ularning tug‘ilgan farzandlari turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga qo‘yilmayapti. Mahallaga shu masalada kerakli tuzilmani (pasportistka) ajratibmi, bu muammoni ham hal qilish lozim. Nurafshon ko‘chasining mahalla hududiga kirgan hududda 40 taga yaqin ko‘p qavatli uylar qurilib, aholi kelib joylashayotgani bois, bolalar bog‘chasi, poliklinika, sport maydonchasi hamda otalar choyxonasi qurishga ehtiyoj ortib bormoqda.

O‘zA
3 467