Toʻxtash mumkin boʻlmagan joylarda qoldirilgan avtomobillar majburiy evakuatsiya qilinadi
Endilikda toʻxtash mumkin boʻlmagan joylarda qoldirilgan avtomobillar evakuator yordamida yoʻldan olib tashlanadi.
Endilikda toʻxtash mumkin boʻlmagan joylarda qoldirilgan avtomobillar evakuator yordamida yoʻldan olib tashlanadi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB, yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-apreldagi “Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan amaldagi yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.
Ushbu kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra 7.21 raqamli (evakuator ishlamoqda) qoʻshimcha axborot belgisi poytaxtimiz koʻchalarida oʻrnatilgan. Mazkur belgi toʻxtash mumkin boʻlmagan belgilari taʼsiri ostida qoldirilgan avtomobillar majburiy evakuatsiya qilinishini anglatadi.
Taqiq belgilari taʼsiri ostida agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 291-moddasiga koʻra transport vositasi ushlab turilishi uchun evakuatorda majburiy evakuatsiya qilinadi.
Toshkent shahar IIBB, yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi qonunchilikdagi mazkur oʻzgarishlar amalga tatbiq etila boshlanganini eslatgan holda, aholidan oʻz avtomashinalarni toʻxtash va toʻxtab turish taqiqlangan joylarda qoldirmasliklarini iltimos qilmoqda.