O‘zA O`zbek

28.08.2018 16:43 Chop etish versiyasi

Toʻrtkoʻlda bayram keng nishonlandi

Urgut tumanidagi Toʻrtkoʻl mahallasi Samarqand viloyatining togʻli qishloqlaridan. 4000 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan qishloqda keyingi yillarda keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, 1,6 gektar maydonda zamonaviy loyihalar asosida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi barpo etildi. Mahalla markazi, qishloq vrachlik punkti, 1300 oʻrinli amfiteatr, 120 savdo rastasidan iborat bozor, 30 ga yaqin savdo va maishiy xizmat koʻrsatish nuqtalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari qishloq qiyofasini butunlay oʻzgartirib yubordi.

– Bir necha oʻn yillar davomida orzu qilingan ishlar keyingi ikki yilda amalga oshirilgani haqida birovga aytsangiz ishonmaydi, – deydi mahalla faollaridan Shamsiddin Xolmoʻminov. – Lekin bu haqiqat, koʻrgan koʻz quvonadigan obodlik. Bozorlik qilish uchun yoki maishiy xizmat, tibbiy koʻrik va boshqa turli yumushlar bilan tuman markaziga borishning hojati yoʻq. Barchasi mahallamizning oʻzida muhayyo. 2016 yilda qurilgan amfiteatrda esa tez-tez konsert va badiiy jamoalar chiqishlari oʻtkazib turiladi.

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi ham mahallada keng nishonlandi. Qishloq markazidagi amfiteatrda mahalla ahli, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari uchun samarqandlik taniqli xonandalar, tuman madaniyat boʻlimi qoshidagi folklor jamoalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.

– Bayram va turli muhim sanalar chegara oldi mahallalarimizda ham doim yuqori saviyada nishonlanadi, – deydi Urgut tumani hokimining chegara masalalari boʻyicha oʻrinbosari H.Qosimov. – Shu kunlarda Mustaqillik bayrami tantanalarini oʻtkazyapmiz. Bu tadbirlar doirasida kam taʻminlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga bayram sovgʻalari ulashilmoqda. Chegaralarimizda xizmat qilayotgan harbiylar bilan uchrashib, ularni bayram bilan tabriklayapmiz.

Gʻolib Hasanov, OʻzA
1 892