Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 11:46 Chop etish versiyasi

To‘rt tilni puxta egallagan yigit sud zalidan ozod etildi

Prezidentimiz raisligida 2017-yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha taklif bildirilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi raisi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan ayblangan Bo‘riyev Elyor Ilhom o‘g‘liga oid jinoyat ishi bo‘yicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi natijasida sud uning qilmishini o‘zi to‘la anglamagan holda sodir etgani, muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, sodir etgan qilmishining jinoyat ekanini tushunib yetmaganini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni bekor qildi va sudlanuvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalidan ozod etildi. Ota-onasi bag‘riga qaytdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan Elyor Xitoy Xalq Respublikasining HENAN universitetiga o‘qishga kirgan edi. Muassasada 2016-yilning 10-sentabridan 2017-yil 30-iyuniga qadar tahsil olib, universitetni a’lo baholarga tugatdi. Xitoy, ispan, rus, ingliz tillarini puxta o‘zlashtirdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati va Navoiy shahar kengashi tomonidan uning harakatlari o‘rganilib, tahlil qilindi. Natijada E.Bo‘riyevning ota-onasi ishtirokida o‘tgan muhokamadan so‘ng uni Yoshlar ittifoqi kafilligiga olishga qaror qilindi.

– Men, avvalo, Prezidentimga o‘z minnatdorligimni bildiraman, – deydi Elyor. – O‘zimga, bilimimga ishonaman va kelajakda yurtimga nafi tegadigan yetuk kadr bo‘lishga va’da beraman. Yurtim taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda barcha imkoniyatlarimni ishga solaman.

N.RAHIMOV, O‘zA
5 825