Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.10.2017 17:59 Chop etish versiyasi

To‘rt sektor: muammolarga chek qo‘yilmoqda

Prezidentimizning joriy yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Termiz shahrida ham hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralarining hududiy organlari rahbarlari boshchiligida tuzilgan sektorlar aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish, odamlarning hayot darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyatida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish Nizomi hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili bo‘yicha tuman, shahar va mahallalarni to‘rt sektorga bo‘lishda ularning ixtisoslashuvi tahlil etilib, hududlar hokim, prokuror, ichki ishlar va davlat soliq idoralari rahbarlariga taqsimlandi. Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xurshid Bozorov rahbarlik qilayotgan to‘rtinchi sektorga viloyat markazidagi Alpomish, Yulduz, Kattabog‘, Jayxun, Bo‘ston, Farhod va A.Avloniy nomidagi mahallalar biriktirildi. Odamlarni o‘ylantirib kelayotgan muammo va masalalarni chuqur o‘rganish, hal etish yuzasidan tegishli vakolat berilib, mas’uliyat yuklatildi.

Sektor shtabi aholi uchun qulay joyda tashkil etilib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan. Yotoqxona ajratilib, navbatchilar uchun tunu kun qulay sharoit yaratilgan. Ko‘rinarli joyda sektor faoliyati va shtabga oid barcha ma’lumotlar yoritilgan banner o‘rnatilgan. Sektorga qarashli yettita mahallada okrug shtabi tashkil etilib, mas’ullar biriktirilgan. Ayni paytda hududda o‘rganilayotgan muammolar okrug va sektor shtabida umumlashtirilib, yechimi izlanmoqda. Aksariyati joyida hal etilayotir.

Viloyat markazidagi to‘rtinchi sektorga 29 mingdan ortiq fuqaro yashayotgan 115 ko‘p qavatli uy va 1 ming 688 yakka tartibdagi uy-joy biriktirilgan. Ikkita kasb-hunar kolleji, beshta umumta’lim maktabi, o‘nta tibbiyot va to‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud. Hududda beshta tijorat banki, ikkita to‘yxona, 41 dorixona, yetmishga yaqin xususiy firma faoliyat yuritmoqda. 429 fuqaro tadbirkorlik, 43 xonadon oilaviy tadbirkorlik bilan band. 1 ming 411 oilaning tomorqasi bor.

Hududni uyma-uy yurib o‘rganish jarayonida fuqarolar asosan yo‘l, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini ta’mirlash, ko‘p qavatli uylar atrofidagi noqonuniy qurilishlar, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, bank krediti, ta’lim muassasalari, ko‘chalar atrofini obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash, ehtiyojmand oilalar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish kabi masalalarni ko‘ndalang qo‘ymoqda.

– Hududning joriy yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” oktyabr oyi ish rejasiga muvofiq, yetti mahalladagi 1 ming 101 xonadonda bo‘lib, ular bilan muloqot qilishimiz lozim, – deydi Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xurshid Bozorov. – Shu kungacha 500 dan ortiq xonadon o‘rganildi. Ularning yuzdan ortig‘ida muammo borligi aniqlanib, 86 tasi joyida hal etildi. 20 dan ortiq fuqaroning muammosini yechish uchun tegishli tashkilotlar bilan zarur choralar belgilab olindi. O‘rganish jarayonida tovuq parvarishlash istagini bildirgan ehtiyojmand oilalarning har biriga 20 tadan bepul parranda tarqatilmoqda. Farzandlariga o‘quvchilar formasi va o‘quv qurollari olib berilayotir. Ayrimlariga tegishli tartibda moddiy yordam tayinlanmoqda, tabiiy gaz, elektr energiyasi va soliq qarzdorligi to‘lab berilmoqda. Xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlanayotir. Buning natijasida huquqbuzarlik va jinoyatlar, oilaviy ajrimlar kamayib bormoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan yangi tizim mas’ul rahbarlarni aholi bilan bir hududda yashab, ularning dardu tashvishini tinglash, taklifini o‘rganish va ijobiy hal etishda o‘z samarasini berayotir. Odamlarni yillar davomida o‘ylantirib kelgan ko‘plab muammolarga chek qo‘yilmoqda. Xususan, Alpomish mahallasini uyma-uy yurib o‘rganish jarayonida fuqaro F.Turdiyev va Sh.Rajabov mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topolmayotganini ma’lum qildi. Sektor rahbari hududdagi ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini o‘rganib, F.Turdiyevni kompyuter dasturchisi, Sh.Rajabovni telekommunikatsiya operatorlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishga joylashtirdi. Kattabog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi G.Qorayeva, F.Karimov, A.Avloniy nomidagi mahallada yashovchi B.Avazovning bandlik muammosi ham uyma-uy yurib o‘rganish davrida aniqlanib, o‘z yechimini topdi.

– Gapning ochig‘i, xonadonimizga rahbarlar kelib, dardu holimizni so‘raganida biroz ikkilanish ham bo‘ldi, – deydi Yulduz mahallasida yashovchi J.Rajabov. – Avvaliga masalani baribir hal etib bermaydi, degan xayolga bordim. Shunday bo‘lsa-da, iymanib, ishsizligimni aytdim. Ular tegishli ma’lumotlarni so‘rab, yozib olishdi. Baraka topishsin, qisqa kunlarda Termiz xalqaro aeroportida ish boshladim. Axir, bunday nufuzli joyda mehnat qilish xayolimga kelmagan. Hozir oilam byudjetiga hissa qo‘shayotganimdan xursandman.

Xonadonma-xonadon yurib, odamlar bilan muloqot va sektor shtabiga murojaatlar asosida 50 ga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlandi. 38 ehtiyojmand oila farzandiga 4 million 500 ming so‘mlik o‘quvchilar formasi va o‘quv qurollari olib berildi. 40 ga yaqin kam ta’minlangan oilaga 9 million 500 ming so‘m miqdorida moddiy yordam tayinlandi. 18 kam ta’minlangan oilaning 5 million 600 ming so‘mlik tabiiy gaz, elektr energiyasi va soliqdan qarzdorligi homiylik yo‘li bilan o‘z yechimini topdi. Ehtiyojmand va nogiron farzandlari bor oilalarning murojaati asosida bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanmoqda.

– Moddiy yetishmovchilik sababli o‘g‘lim Maqsudbekka yangi ust-bosh va o‘quv qurollari olib berishda qiynalib turgan edik, – deydi Farhod mahallasida yashovchi S.Kapayeva. – Ushbu masalada sektor shtabiga murojaat etdim. Muammomizni tezda hal qilib berdi. Bundan suyungan o‘g‘lim maktabda a’lo baholarga o‘qib, kelgusida yurt uchun munosib farzand bo‘lishga intilmoqda.

Sektor faoliyati nafaqat bu kabi muammolarni hal etish, balki hududni kompleks rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Shu maqsadda sektor xodimlari o‘tkazayotgan suhbat va uchrashuvlarda mahallalardagi muammolar o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Nogiron va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalarga e’tibor kuchaytirilib, hashar yo‘li bilan uylari ta’mirlab berilmoqda. Uy-joyga muhtoj oilalarning yakka tartibda turar joy qurishi uchun yer uchastkasi ajratilishiga yordam ko‘rsatilayotir. Ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda. Hudud obod bo‘lib, odamlarning turmush darajasi yuksalayotir. Masalan, Farhod mahallasida 1 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yulduz mahallasida oqova suv tarmog‘i qurilgan bo‘lsa, Kattabog‘ mahallasining oqova suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinayotir. 11-umumta’lim maktabi stadioni atrofiga yangidan asfalt yotqizildi. Bo‘ston mahallasi yo‘llari yoqasiga asfalt yotqizish uchun qariyb 10 million so‘m, A.Avloniy nomidagi mahalla hududidagi notekis yo‘llarni tekislab, asfalt yotqizish uchun 7 million so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.

– Kichkina bir uyda ikki-uch oilaning istiqomat qilishi juda qiyin bo‘lar ekan, – deydi A.Avloniy nomidagi mahallada yashovchi Z.Xo‘jayev. – Qolaversa, har bir oilaning o‘z siri bor. Ba’zan bolalar injiqlik qilib qoladi. Shu bois o‘z uyim bo‘lishini orzu qilib, bu masalaning yechimini topolmay yurgan edim. Sektor rahbarlari bilan suhbatda ana shu dardimni aytdim. Ular yakka tartibda uy-joy qurishim uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, shahar hokimligiga topshirishga yaqindan ko‘maklashdi. Bu masala qisqa vaqtda yechim topishini aytib, ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Xalq bilan katta-kichik rahbarlar o‘rtasida yaqin muloqot o‘rnatayotgan davlatimizdan behad minnatdorman.

Muxtasar aytganda, sektor rahbari va mas’ul xodimlarning hudud aholisiga ishonchli maslakdosh, muhim masalalarda yaqin ko‘makchi bo‘lib borayotgani, birma-bir xonadonlarga kirib, hol-ahvol so‘rayotgani odamlarni xursand qilmoqda. Bularning barchasi yurtdoshlarimizda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 223






Все о погоде - Pogoda.uz