O‘zA O`zbek

09.08.2018 17:43 Chop etish versiyasi

To‘rt oyda is gazidan 58 fuqaro zaharlanib vafot etgan

To‘rt oyda is gazidan 58 fuqaro zaharlanib vafot etgan
Poytaxtimizda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida yangilanish, modernizatsiya va istiqbolli hamkorlik masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari va soha xodimlari ishtirok etdi.

Ayni paytda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha hududiy gaz ta’minoti idoralarining faoliyatini yaxshilash borasida samarali chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Tizim tasarrufidagi tashkilot hamda korxonalar faoliyatini tubdan yaxshilash mexanizmlari tobora o‘zgarib borayotir. Jumladan, aholiga suyultirilgan hamda tabiiy gazni o‘z vaqtida yetkazib berish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash dasturlarini muddatida bajarish va gaz taqsimlash punktlarining namunaviy holatdaligini doimiy nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biroq, olib borilayotgan tadbirlarga qaramasdan aholi o‘rtasida kuz-qish mavsumining kirib kelishi bilan nostandart, qo‘lbola va avtomatik boshqaruv tizimiga ega bo‘lmagan isitish qozonlaridan foydalanish hamda gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Achinarlisi, isitish jihozlaridan foydalanishda dudburon va ventilyatsiya kanallarining sozligiga e’tibor berilmayotganligi fuqarolarning jabr ko‘rishiga va bevaqt vafot etishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, o‘tgan yillar kuz-qish mavsumida dudburonlari nosoz bo‘lgan isitish qozonlari va uskunalardan foydalanilishi natijasida ko‘plab insonlarning is gazidan zaharlanish holatlari ro‘y bergan.

2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha 81 ta is gazidan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, unda 83 ta fuqaro vafot etgan, 110 kishi jabrlangan, 2018 yilning yanvar-aprel oylarida sodir bo‘lgan is gazidan zaharlanish holatlarida 54 nafar fuqaro jabrlangan, 58 fuqaro vafot etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning 24 oktyabrdagi “Aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalarni amaliyotga to‘la qonli tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.

Dasturga asosan, har yili 1 noyabrga qadar aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlaridagi gaz va isitish jihozlari, dudburonlari hamda ventilyatsiya tizimlarining kuz-qish mavsumidan oldin texnik ko‘rikdan to‘liq o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori ilovasiga asosan aholi bilan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda aholining dudburon va ventilyatsiya kanallarini doimiy soz holatda saqlashi va o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.

Tabiiy gaz hamda is gazi bilan zaharlanish holatlari isitish tizimiga tabiiy gazni ulashda me’yoriy talablarga rioya etmaslik hamda foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik, isitish uchun mo‘ljallangan pechlar hamda mo‘rilarning soz holatda emasligi, yaxshi tozalanmaganligi bois yuzaga keladi. Joylarda gazdan xavfsiz foydalanish yuzasidan aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini tashkil etish va bugungi kunda ko‘p uchrayotgan is gazidan zaharlanishdek salbiy holatlarning oldini olish dolzarb masala.

Shundan kelib chiqib, ma’ruzachilar is gazi va havo-gaz aralashmasi chaqnashi natijasida zaharlanish, shuningdek, noxush holatlarning oldini olish borasidagi ishlarga jiddiy yondashish zarurligini uqtirib o‘tdi. Anjumanda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi. Keng qamrovli tadbirlarni hududiy tuzilmalarda ham amalga oshirish masalasi alohida rejaga kiritildi.

Darhaqiqat, kuz-qish mavsumining ko‘ngildagidek o‘tishi bugungi tayyorgarlik ishlariga bevosita bog‘liq. Qishga tayyorgarlik ishlarini nafaqat gaz ta’minoti korxonalari balki, iste’molchilar ham mas’uliyat bilan bajarishi lozim.

“O‘ztransgaz” AJ iste’molchilarga belgilangan tartib asosida tabiiy hamda suyultirilgan gazni uzluksiz, xavfsiz yetkazib berish ishlarini ijobiy hal etgan. Ishlab chiqilgan mexanizm eng chekka hududlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 3 million 353 ming xonadonga tabiiy gaz, 3 million xonadonga esa suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Iste’molchilar o‘rtasida tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha 330 ming 589 ta eslatma, 4 ming 182 marotaba suhbat, radio va aholi ko‘p yig‘iladigan joylarda mingdan ziyod eshittirish, televideniye orqali 396 marotaba chiqish va videoroliklar ishlab chiqilib, targ‘ibot ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.

Anjuman ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
3 619