O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:19 Chop etish versiyasi

Tizimda yangicha yondashuv

Tizimda yangicha yondashuv Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 34-sonli maktabgacha taʻlim muassasasida “2018/2019 oʻquv yilida maktabgacha taʻlim tizimini rivojlantirishning strategik ustuvorliklari – hammaboplik va sifat” mavzusidagi anjumanning amaliy sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Maktabgacha taʻlim vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi, Xalq taʻlimi vazirligi, Taʻlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Toshkentdagi Puchon (Koreya) universiteti filiali, shuningdek, YUNЕSKO, YUNISЕF va Jahon banki vakillari, Toshkent shahar maktabgacha taʻlim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha taʻlim boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Joriy yil kuz faslidan boshlab vazirlik tomonidan bolalarni maktabga majburiy bepul bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich oʻtish maqsadida poytaxtimizning Mirobod tumanidagi ayrim MTMlarda 6 yoshli tarbiyalanuvchilar uchun sinov guruhlari tashkil etiladi. Hozirda maktabgacha tayyorgarlikni yoʻlga qoʻyish uchun muassasalarda guruh xonalarini tayyorlash va malakali pedagogik kadrlarni qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan “Autsorsing uslubida bolalar uchun sogʻlom va xavfsiz ovqatlanish”, “Maktabgacha taʻlim muassasasida innovatsion taʻlim muhitini tashkil etish”, “OpenEMIS taʻlim boshqaruvi axborot tizimini joriy etish”, “Tabiatda taʻlim faoliyatidan lavha”, “Maktabgacha taʻlim muassasalaridagi tarbiya-taʻlim jarayonlarida multimedia texnologiyalarini qoʻllash” va “Maktabgacha taʻlim muassasalaridagi rivojlantirish markazlarini jihozlashga ijodiy yondashuv” mavzulari boʻyicha amaliy tarzda tashkil etilgan maydonlarda hududiy maktabgacha taʻlim boshqarmalari rahbarlariga atroflicha maʻlumot berildi.

– Ushbu loyiha tajriba sinov shaklida Mirobod tumanidagi 34 va 164-sonli maktabgacha taʻlim muassasalarida tashkil etildi, – deydi Maktabgacha taʻlim vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻlimi boshligʻi X.Madraimov. – Joriy yilda 34-MTMda maktabga tayyorlov sinflariga 6 yoshli 200 nafar bola qabul qilinadi. Mashgʻulotlar 2 smenada 3 soatdan turli mavzularda oʻtkaziladi. Jumladan, innovatsion guruhida bolalarning dunyoqarashini oʻstirishga xizmat qiluvchi darslar oʻtiladi. Qoʻl mehnati guruhida esa ularning tasavvurini shakllantirishga xizmat qiluvchi vazifalar beriladi.

Bugungi kunda maktabgacha taʻlim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, har jihatdan zamonaviy tizim yaratish muhim ahamiyatga egadir. Bolalarning qiziqish va intilishini hisobga olgan holda, ularga maktabgacha boʻlgan davrda har tomonlama puxta taʻlim-tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish davr talabi hisoblanadi.

Tadbir doirasida mazkur loyiha yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda soha xodimlari kelgusida hududlardagi MTMlarning sharoitidan kelib chiqib, bu kabi oʻquv-tarbiya jarayoniga oʻqitishning zamonaviy ilgʻor shakllarini joriy etish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan atroflicha maʻlumot berdi.

Abdulaziz Musayev, Oqil Gʻulomov (surat) OʻzA
1 632