O‘zA O`zbek

15.08.2018 13:43 Chop etish versiyasi

Tizim tubdan takomillashadi

Tizim tubdan takomillashadi

Milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar harbiy xizmatchilarning ma’naviy, jismoniy tayyorgarligini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 4-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroridan ko‘zlangan maqsad ham tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, harbiy xizmatchilarning bilimini oshirish, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immuniteti shakllangan, burchiga sadoqatli, professional harbiy xizmatchilarni tayyorlashdan iborat.

Davlatimiz rahbari 2018-yil 10-yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ta’kidlaganidek, harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashni yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqimizning qadimiy tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi va ularning harbiy san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Barchamizga yaxshi ma’lum, vatanparvarlik har bir mamlakatning ma’naviy asosi hisoblanadi. Eng qaltis va tahlikali davrlarda ham ajdodlarimizni yovga qarshi kurashga mardona undagan, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib, jaholatga qarshi chiqishga chorlagan beqiyos kuch ma’naviy jasorat tuyg‘usidir.

Bugungi kunda dunyoning ayrim hududlarida katta ma’naviy yo‘qotishlar yuz berayotgani, asriy qadriyatlar, milliy tafakkur va turmush tarzi izdan chiqayotganidan xabardormiz.

Bu mudhish harakatlar insonni, ayniqsa, yoshlarni o‘z yurti va xalqidan tonishga, vatanparvarlik tuyg‘usidan mahrum etishga, loqayd shaxsga aylantirishga qaratilgani bilan qo‘rqinchlidir.

Shu ma’noda Prezidentimizning qarori nafaqat harbiy xizmatchilar, balki jamiyatimiz uchun ham dolzarb va ahamiyatlidir.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan konseptual g‘oya asosida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tashkil etilishi yosh avlodda ona yurtni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning manfaatlari himoyasida jonini ham fido qilishga shay turish kabi tuyg‘ularni yanada shakllantiradi.

Qolaversa, qarorning 5-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida haftaning har juma kuni “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilandi. Joriy etilayotgan mazkur yangilik buyuk ajdodlarimiz timsolida yoshlar va harbiy xizmatchilarda jasurlik va mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirish, harbiy xizmatchilar va oila a’zolarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini mustahkamlash, vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik, Qurolli Kuchlarga hurmatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning ushbu qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi” ham tasdiqlandi. Konsepsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning ma’naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, faol hayotiy pozitsiyasini, burchga sadoqat, mas’uliyat, fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish kabilardan iborat.

Qaror bilan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilariga hamda fuqarolarga “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi, Mudofaa vazirligida Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tuzilishi, harbiy qismlarda “harbiy psixolog”, “psixolog”, “yetakchi sotsiolog”, “harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi – Madaniyat markazi boshlig‘i” lavozimlari, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar akademiyasi bazasida qo‘shimcha “Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” mutaxassisligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlash ta’lim tizimi joriy etilishi Milliy armiyamizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tubdan takomillashishini ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori professional, burchiga sadoqatli, fidoyi va mard harbiy xizmatchilarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Temur Narziyev,
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi 
matbuot xizmati boshlig‘i

O‘zA
2 089