O‘zA O`zbek

15.08.2018 16:07 Chop etish versiyasi

Tiriklik hikmatining illyustratsiyasi

Tiriklik hikmatining illyustratsiyasi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi oldidan

Xalqimiz “non – iymon” deydi. Muqaddas kitoblarda ham bu ne’matni qadrlashga da’vat etiladi. Aslida insonning noz-ne’matga munosabati uning asl qiyofasini belgilaydi. Uzoq safar oldidan xalqimiz yigitlarga non tishlatib qoladi. Bu nonni asrab-avaylab saqlaydi. Shu tariqa safardagi yigitning nasibasi uzilmasligiga ishonadi.

Non aziz, ushog‘i-chi?

Xushfe’l, ammo jikkakkina bo‘lib qolgan Uzoq momoning hujrasida to‘rtta tishlangan non osiqliq turardi. Hech kim bu nonlarga iznsiz teginishga jur’at qilolmasdi. Momo bu nonlarni go‘yo qalbida saqlardi, asrardi.

Momoning hasrati ichida...

Eri, uch o‘g‘li urushda halok bo‘lgach, qaddi bukilib qoldi. G‘amdan ezildi. Oradan yillar o‘tsa-da ayriliq azobi tinmadi. Shu-shu kampirning yagona umidi devordagi nonlar bo‘lib qoldi. O‘g‘illaridan yodgorlik nevaralarini suyadi, ular bilan ovunadi.

Men Uzoq momoning uyiga tez-tez borib turaman. Ko‘k choy ichib suhbatlashib o‘tiramiz. Ul-bul yumushlariga ko‘maklashgan bo‘laman. Kampir meni alqaydi.

Bir kuni tushdan so‘ng momoni izlab qoldim: yeru ko‘kda yo‘q. Oradan bir oz o‘tgach, hassasini do‘qillatib kelayapti. Rang-aftori buzuq. Bilaman, bu so‘qmoq qabristonga – “Polvon ota”ga olib boradi. Yoshlanib turgan ko‘zlarida chuqur o‘ksinish, tuganmas armonni his qildim. Bola bo‘lsam-da, bu nigohdan badanim seskanib ketdi.

Momoning qo‘lidan oldim. Go‘yoki yelkamni zil-zambil yuk ezganday tuyuldi. Shunday og‘ir yukni salkam yarim asrdan buyon opichlab kelayotgan mo‘tabar ayolga mungli boqdim. Momoning etsiz, teri va suyakdan iborat qo‘lini kaftim bilan ko‘ksimga bosdim. Biz Uzoq momo bilan kechgacha gaplashmadik. Shundoq ham ko‘nglimizdan kechayotgan hislar ma’lum edi.

Bolam, bu dunyoning beadoq g‘am-anduhlari tugamas ekan, deyayotganday bo‘lardi. Urushga nafratim ming chandon ortdi. Imkonsiz o‘ylar aldovida hujraga kirib bordim. Uzoq momo har bir nonni eri va farzandlari ismi bilan atab mahkam bag‘riga bosib, yum-yum ko‘z yosh to‘kardi. Kirganimni sezmadi. Beixtiyor bu qayg‘uli manzaranikuzatib turardim. Men nonning naqadar aziz ne’mat ekanini shunda anglaganman...

O‘tgan asrning 30-yillaridagi biz eshitgan qahatchilik, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qiyinchiliklar... Ularni tasavvur qilish og‘ir. To‘g‘ri, voqealar o‘tmishda qolgan, o‘shanda odamlar bir burda nonga zor bo‘lgan. Ehtimol, nonning ushog‘i ham non, deb o‘sha kezlarda aytilgan bo‘lsa kerak-da. Yerda yotgan non ushog‘ini yuzlariga, ko‘zlariga surtib, bir chetga olib qo‘yayotgan yoshi ulug‘larni ko‘rganimda shularnio‘ylayman.

Ajdodlarimiz azal-azaldan non –kechamiz, bugunimiz, ertamiz deb ta’kidlashgan. Chindan ham, har qanday taraqqiyot tamadduni to‘qlikka, farovonlikka borib taqaladi. Non esa to‘kin-sochinlikning asosiy mezoni sanaladi.

Non haqida o‘ylaganimda tarix kitoblarida bitilgan o‘tmishdagi voqealar ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Bugungi farovon kunlarga yetishimizning mashaqqatli yo‘li, nonning hayotimizda tutgan o‘rni, qadr-qimmatini turmushning achchiq-chuchugini totgan keksa avlod vakillari yaxshi biladi.

Haqiqat– taqqosda bilinadi. Agar yodingizda bo‘lsa, nonga turnaqator bo‘lib navbat turilgan. Gohida non kimlargadir yetmasdan, och qolib ketgan kunlar ham bo‘lgani bor gap. Unda katta avlodning ayanchli qismati namoyon bo‘ladi. O‘sha kunlar kechagiday yodida ularning. Bugun bu gaplar biroz erish tuyulishi mumkin. Chunki biz kitoblarda o‘qib, tasavvurga ega bo‘layapmiz. Bu uchun, avvalo, Yaratganga ming qatla shukr. Bizga bunday buyuk baxtni in’om etgan Istiqlol sharafiga-da shukrona aytamiz. Bunday dorilomon kunlarga yetib kelish oson kechmaganini yodimizdan chiqarmasdan, oldinga harakat qilmog‘imiz darkor.

Qarama-qarshiliklarning oldi olinsa...

1184923_original.jpg

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti va Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari urushlar, ziddiyatlar tufayli oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan Yaman, Janubiy Sudan, Suriya, Livan, Markaziy Afrika Respublikasi, Somali, Ukraina kabi davlatlarni o‘z ichiga olgan ro‘yxatni tuzdi. Ukrainaning o‘zida 1,2 million kishi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bu mamlakat aholisining 26 foizini tashkil etadi. 2017 yilda dunyo bo‘yicha ochlikdan aziyat chekayotgan aholi soni 837 million kishiga yetgani haqida ma’lumot berilgandi. Vaholanki, 2016 yilda ularning soni 791 million edi. BMTning xulosasiga ko‘ra, qarama-qarshiliklarning oldi olinmas ekan, ochlik bilan bog‘liq chigal masalani hal etish mushkul.

Achchiq haqiqat ilovasi

original.jpg

(O‘tkir Hoshimovning “Non va iymon” maqolasidan parcha yoxud 34 yil avvalgi raqamlar sabog‘i)

Hisob-kitob qanaqa bo‘lishini chet elga borganlar yaxshi bilishadi. Manaman degan eng badavlat mamlakatga boring. Manaman degan restoranga kiring. Har burda nonni “qulog‘ingizga o‘lchab” beradi!

Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborotini o‘qiganimda o‘zim ham avvaliga hayron qoldim. Faqat bir yil mobaynida – 1979 yilda yer yuzida 50 millionga yaqin odam ochlikdan qirilib ketibdi. Keyingi paytlarda Hindistonda “Yashil revolyutsiya” amalga oshirilgani, ya’ni qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish keskin ko‘payganligiga qaramay, bu mamlakatda 350 million odam to‘yib ovqat yemas ekan. Indoneziyada 33 million, Bangladeshda 27 million, Nigeriyada 14 million, Braziliya, Efiopiya, Pokistonda 12 milliondan ziyod odam ochlik azobidan qiynalarkan. 1983-yili Yer kurrasida har kuni 40 ming bola ochlikdan o‘lgan ekan. Har kuni! Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi qator mamlakatlarda-ku, bir burda non uchun tilanchilik qilib, “baxshish” so‘raydigan bolalar har qadamda uchraydi. Minglab bolajonlar, qizaloqlar… Hatto taraqqiy etgan Italiyada ham bir yarim million bola bir burda non topish uchun eng og‘ir mehnat qiladi. Jahondagi eng boy mamlakat – Amerika Qo‘shma Shtatlarida har yili 150 ming bola duch kelgan yumushlarni bajarar ekan.

Bu gaplarni “ichimdan to‘qib” chiqarayotganim yo‘q. Bunaqa dahshatli dalillarni Amerika jurnalisti Dotston Reydjer yozgan. Bu gaplar yuz yil oldingi voqealar emas, bizning zamonamizda, yigirmanchi asrning so‘nggi choragida yuz berayotgan voqealar…

Qarang: yillar, raqamlar o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Lekin vaziyat hamon keskin. Ammo non va non mahsulotlarini uvol qilmaslik borasida aniq yechimga kelolmadik. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solayotgan, “Xalq bilan muloqot” kanalida 9 avgust kuni “O‘zimizda ham nonni isrof qiladiganlar ko‘payib ketayapti-da, afsus” deb nomlangan videolavha ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘adi. Undagi videotasvirlar ostida shunday qayd qoldirilgan: “Kecha gruppaga qo‘yilgan ushbu mavzu juda ko‘p tanqidga sabab bo‘ldi. Isrofning bir qancha turlari mavjudligi go‘yo esdan chiqib qolayotgandek. Xususan, umumxalq iste’moli uchun chiqariladigan arzon nonni chorvaga berib boqsak. Axir bu bilan qaysidir vatandoshimizning haqqini suiiste’mol qilayapmiz-ku. Axir hamma narsaning uvoli bor. Nimani xor qilsang, o‘shanga zor bo‘lasan, degan gap bor. Afsuski, bugun nonni qadrlamayotganimizning sababi to‘qlikka – sho‘xlik, deganlariday, dasturxonimiz hamisha shunday bo‘ladi, deb ishonamiz-da.

Endi tanqid qilganlarga savolim bor, suiiste’mol qilish natijasida ertaga non tanqisligi yuzaga kelsa, o‘shanda o‘z hamyonini o‘ylab, sifatsiz non tayyorlab sotganlarga yoki chorvani non berib boqqanlarga qanday munosabatda bo‘lardingiz?..

Moziy va bugun

image (1).jpg

Tarixning guvohlik berishicha, donni iste’mol qilish miloddan 10-15 ming yil avval boshlangan. Dastlab boshoq cho‘g‘da dumbul qilinib, so‘ng pishgan don uqalanib iste’mol qilingan. Yorg‘uchoq paydo bo‘lgach, g‘alladan un tayyorlash va xamir qorib, qizitilgan tosh ustida yoki qo‘rga ko‘mib non pishirish odat tusiga kirgan. Xamirturush kashf etilishi bilan o‘choq, tandir, tova va boshqa vositalar bilan non tayyorlana boshlangan.

Hech qanday shohona taom nonning o‘rnini bosa olmaydi. Negaki, uning tarkibida inson uchun nihoyatda zarur va foydali bo‘lgan 30-35 foiz oqsil, 60-70 foiz uglevod, kletchatka, turli vitaminlar, mineral tuzlar, shuningdek, temir, kalsiy, fosfor va boshqa moddalar bor.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi don va don mahsulotlari bilan barqaror ta’minlangan. Bunga g‘alla mustaqilligiga erishish yo‘lida don mustaqilligi dasturini izchillik bilan bosqichma-bosqichamalga oshirish evaziga erishildi.

Kelajak avlodga bundan-da farovon hayot taqdim etish uchun nonni uvol qilmasdan, ushog‘ini-da qadrlashga o‘rgatib voyaga yetkazishimiz darkor. Shundagina hech qanday xavotirga o‘rin qolmaydi. Bemalol yorqin kelajak haqida shirin orzularga berilish mumkin.

G‘ayrat Shirinov, O‘zA
3 427