O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Tinib-tinchimas onaxonlar

Tinib-tinchimas onaxonlar

– Assalomu alaykum, Nasiba opa, Men Muqimaxonman. Agar vaqtingiz boʻlsa, Yunusobod tumanida yashovchi 95 yoshli onaxon Tretyakova Nina Ivanovnaning holidan xabar olib kelsak, deb qoʻngʻiroq qilayotgandim.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining Nuroniy onaxonlarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi aʼzolari oʻrtasida bunday muloqotlar tez-tez boʻlib turadi.

Yaqinda kengashning bir guruh faollari ehtiyojmand keksalar xonadonlarida boʻlib, oziq-ovqat, sanitariya-gigiyena mahsulotlarini tarqatdi.

Bugungi kunda vazirlikning barcha quyi tuzilmalari va respublikamizdagi 9 ming 150 ta mahalla fuqarolar yigʻinida “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashlari tashkil etilgan boʻlib, ular tomonidan notinch oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nizolarni bartaraf etish, ajrimlarning oldini olish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash borasida keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilmoqda. Koʻpni koʻrgan, boy hayotiy tajribaga ega, namunali farzandlar tarbiyasida boshqalarga oʻrnak boʻlgan nuroniy va faol onaxonlarga mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan tarbiyasi ogʻir, jinoyatchilikka moyilligi bor yoshlar ham biriktirilgan boʻlib, ular nafaqat yoshlarga hayotdan saboq berishadi, balki kasb oʻrganishi, ishga joylashishi, shaxsiy bizneslarini boshlashi borasida ham amaliy yordamlar koʻrsatadi.

“Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashining faol aʼzolaridan biri, Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi tadbirkor onaxon Ozoda Aliyeva Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga oʻz jamgʻarmasi hisobidan 1,5 tonna un, 1,5 tonna guruch, 1 tonna oq qand, 600 dona oʻsimlik yogʻi (1 litrlik), 1 tonna 100 kilogramm kartoshka va piyoz, 600 dona sochiq xayriya qilish bilan birga, Yashnobod tumanida yashovchi 200 ta muhtoj oilaga, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanidagi 10 ta birinchi guruh nogironiga oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari yetkazib berdi. Yana bir onaxon M.Qoriyeva “Saxovat va koʻmak” xayriya jamgʻarmasi hisob-raqamiga 50 million soʻm mablagʻ oʻtkazdi. Saxovatga oʻz hissasini qoʻshishni istagan keksalarimizning pensiyalaridan xayriya qilishlari esa, ularning qanchalar bagʻrikeng va koʻpni koʻrganini anglatadi.

Ezgu ishlar koʻlami butun respublika boʻylab keng quloch yoygan. Birgina Namangan viloyatidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashining faollari va bir guruh onaxonlar ham ”Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga munosib hissa qoʻshdi. Namangan shahar “Ifoda agrokimyo himoya” MCHJ taʼsischisi Dildora Isayeva 35 million soʻm, Mirobod mahallasida yashovchi Muhayyo Gʻafforova 20 million soʻm homiylik yordamini koʻrsatdi. Uychi tumanidan Barno Mirjalilova oziq-ovqat mahsulotlari, Raʼno Qoriyeva esa kiyim-kechak mahsulotlari xayriya qildi.

Xayriya qilishga bel bogʻlagan bir guruh onaxonlar tomonidan Sirdaryo viloyatining Oq oltin, Sardoba va Mehnatobod tumanlaridagi evakuatsiya punktlariga 80 quti oziq-ovqat, sanitariya-gigiyena mahsulotlari va uy-roʻzgʻor buyumlari, gilamlar sovgʻa qilindi.

– Faol onaxonlarning “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi atrofiga birlashganligi xayrli tashabbuslarning qamrovini kengroq olish, koʻnglida ezgu istaklari mujassam boʻlgan har bir keksaning ijtimoiy hayotda yana-da faol boʻlishiga sharoit yaratib berdi, – deydi Nuroniy onaxonlarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Xayriniso Mirzajonova, – Eng asosiysi, bu tuzilmaning har bir mahallada tashkil etilganligi, atrofiga qariyb 16 ming nafardan koʻproq yoshi ulugʻ ayollarni birlashtirgani katta kuch boʻldi. Har bir onaxon oyiga bittadan xayrli ish qilganida ham 16 mingta xayrli, savobli ish amalga oshadi.

Ayni kunlarda sochlariga oq oralagan keksa onaxonlarimiz yakka-yolgʻiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga mustaqillik bayrami uchun sovgʻalar hozirlash bilan ovora. Ushbu xayrli tashabbusga qoʻshilayotganlar safi tobora kengayib borayapti.

Sherali Qutlimuratov,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi
bosh mutaxassisi.

1 691
OʻzA