O‘zA O`zbek

24.08.2018 10:45 Chop etish versiyasi

Tinglovchi dono boʻlsin!

Tinglovchi dono boʻlsin!
Yoshligimda eshitgan bir rivoyatni hech unita olmayman.

Bir bola choʻkayotgan ekan, bir chol uni qutqarib qolibdi va kiyimlarini quyoshda quritib beribdi. Shunda bola cholga qarata “Siz mening kiyimlarimni quritdingiz, Sizni Xudo quritsin” debdi. Chol “rahmat oʻgʻlim, rahmat”, deyishdan oʻzga chora topa olmabdi. Atrofdagi odamlar cholning bu soʻzlaridan hayratga tushib, “Axir bola sizga yomonlik tiladi-ku, nima uchun rahmat deyapsiz”, deyishibdi. Cholning “gapiruvchi nodon boʻlsa-da, tinglovchi dono boʻlishi kerak", degan gaplari koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻlibdi. Shu sabab imkon qadar eshitayotgan gaplarni donolik bilan tinglash va donolik bilan xulosa chiqarish kerak, degan fikrdaman.

Tibbiyot fanining otasi Gippokrat (Sharqda Luqmoni Hakim) hayotida bir marta xato qilgan, deyishadi. Bir kuni u koʻchada ketayotsa, bir qiz qon tuflab ketayotgan ekan. Shunda u sherigiga qarata “qiz bir haftadan keyin oʻladi”, debdi. Uning gapini eshitib qolgan qiz haqiqatan ham bir hafta umr koʻribdi. Qizning otasi mashhur tabib qoshiga kelib, “Oʻsha kuni qizim shotut yegan, shu sababli tupugining rangi qizil edi”, debdi. Yoʻl qoʻygan xatosini Gippokrat tan olib, bundan keyin hech qachon oʻylamasdan gapirmaydigan boʻlibdi.

Yana bir, hammamiz biladigan rivoyat bor, tush tabiri haqida. Podsho tush koʻribdi. Tushida hamma tishlari toʻkilib ketgan emish. Birinchi taʻbirchi “hamma qarindoshlaringiz sizdan avval oʻlib ketadi”, debdi. Ikkinchi taʻbirchi esa “Siz hamma qarindoshlaringizdan uzoq yashaysiz”, debdi. Birinchi taʻbirchi dorga osilgan boʻlsa, ikkinchi taʻbirchi podshoning muruvvatiga sazovor boʻldi. “Oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir”, degan gap naqadar toʻgʻri. “Yomon gap bilan pichoq qinidan, yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi”, deydilar-ku.

Yaqinda qaysidir gazetada tush taʻbiri haqida shu kungacha koʻzim tushmagan rivoyatni oʻqib qoldim.

Rivoyat qilishlaricha, bir ayol tush koʻribdi. Tushida uyni oʻrab turgan devor qulab tushibdi. Devorning uchta tomoni tashqariga, bitta tomoni esa ichkariga agʻanabdi. Uyqudan uygʻongach, yuragi xijil boʻlib taʻbirchining yoniga boribdi. Taʻbirchi ayolning tushi mazmuni bilan tanishgach, “ey shoʻrpeshona, boshingga tashvish yogʻilibdi-ku. Hamma narsangdan ayrilasan”, debdi. Taʻbirchining gaplarini eshitgan ayol hoʻng-hoʻng yigʻlaganicha, uyiga ravona boʻlibdi. Yoʻlda bir moʻysafidga duch kelibdi. Ayolning xafaligi sababini bilgan chol kulganicha,“toʻrta farzanding bormi?” deya soʻrabdi. “Ha”, deb javob beribdi ayol. “Uchtasi qiz, bittasi oʻgʻilmi?” deya yana soʻrabdi moʻysafid. Bu gaplarni eshitib hayron boʻlgan ayol “Qayerdan bildingiz?“ debdi . ”Axir koʻrgan tushing aytib turibdiku. Nima sen ularni baxtli boʻlishini istamaysanmi? Yigʻlashning oʻrniga quvon. Uchta qizing uzatilib, kelin boʻlib uyingni tark etadi. Devorning uch tomoni tashqariga agʻdarilib tushgani shundan dalolat beradi. Oʻgʻling esa xonadoningga goʻzal kelinchakni olib kelar ekan. Shuning uchun bir tomoni ichkariga qulagan. Boshingga baxt qushi qoʻnibdi, qizim", debdi moʻysafid.

Mavzuni koʻtarishdan maqsad tushlardan yomonlikni emas, balki ezgulikni qidirish kerak, degan masalani oʻrtaga qoʻymoqchimiz. Har qanday tushni (nafaqat tushni, balki eshitayotgan har bir gapni ham) yaxshilikka bogʻlash kerak.

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA
1 870