Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.01.2017 18:17 Chop etish versiyasi

Tinchlikka xizmat qilish – eng sharafli ish

Vatanimiz taraqqiyoti, osuda hayotimiz haqida mushohada yuritganda uning mustahkam va ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilayotgan Qurolli Kuchlarimizni albatta tilga olamiz.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tuzilgan zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan, tezkor va harakatchan, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ hamda texnikaga ega milliy armiyamiz mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolatidir.

Mudofaa sohasida qo‘lga kiritilayotgan barcha yutuqlar harbiy kadrlar tayyorlash ishlari tubdan takomillashtirilayotgani, armiya saflarida xizmat qilayotgan va unga chaqiriluvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasidir.

Bu boradagi tizimli ishlarda Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 24-oktabrdagi qarori asosida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jamoatchilik kengashi safida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ijodkorlar, madaniyat hamda san’at namoyandalari, olimlar faoliyat yuritmoqda.

-Mustaqillik yillarida mamlakatimizni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish borasida katta yutuqlarga erishildi, – deydi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev. Bugun Vatanimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etmoqda. Kengashimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq vazirlik faoliyatining ochiq-oshkoraligi ta’minlanmoqda, harbiy qismlarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit, yuksak axloq va madaniyat yanada boyimoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi kabi ijodiy tashkilotlar, jamg‘armalar, hokimliklar vakillari, san’at va fan namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jamoatchilik kengashi milliy armiyani xalqimiz bilan bog‘lovchi ko‘prikdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilga Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nom berilishi ishlarimizga yanada kuchli mas’uliyat bilan qarab, ularni yangi bosqichga ko‘tarishimizni talab qilmoqda.

Kengash a’zolari jamoatchilik uyushmalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish, mudofaa va harbiy qurilish sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga oid eng dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish, fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishdan boshlab, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarning ijtimoiy va professional moslashuvigacha bo‘lgan masalalarni hal etish, shunga doir taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatayotir.

Kengash tomonidan yoshlar orasida sog‘lom ma’naviy muhit, yuksak axloq va madaniyatni shakllantirish, sohaga daxldor tashkilotlar bilan birgalikda chaqiruvga tayyorlanayotgan yoshlar va harbiy xizmatchilarning ma’naviyati hamda dunyoqarashini kengaytirish, ularning yon-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga munosabati va hayotiy pozitsiyasini shakllantirish, Vatan taqdiri, uning mustaqilligi va xavfsizligini mustahkamlash uchun shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Harbiy okruglar va qismlarda, oliy harbiy ta’lim muassasalarida, kollej va litseylarda, tashkilot va mahallalarda “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Armiya va yoshlar”, “Vatan – ulug‘, burchim – muqaddas” kabi mavzularda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bu yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan barcha tadbirlar "O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!" shiori ostida tashkil etilayotgani ularni yangicha ma’no-mazmun bilan boyitmoqda.

O‘tkazilayotgan uchrashuvlar, suhbatlar va seminarlarda yoshlarga milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradigan islohotlarga asoslangan, butun dunyoda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilgani va u bugungi kunda biz tanlagan rivojlanish yo‘lining naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini tasdiqlab berayotgani, Vatan himoyasi muqaddas burch ekani, Qurolli Kuchlarimizning bugungi salohiyati hayotiy misollar asosida tushuntirilmoqda.

Bunday tadbirlar harbiy qism va muassasalarda sog‘lom ma’naviy muhit, qonun ustuvorligi, huquqiy tartib, axloq va madaniyatni yuksaltirish, chaqiruvga tayyorlanayotgan o‘smirlar va harbiy xizmatchilarning fikr-mulohazalarini boyitish, atrofda ro‘y berayotgan hodisalarga daxldorlik hissini, faol hayotiy pozitsiyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Kengash a’zolari mudofaa siyosatining eng dolzarb masalalari yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tizimli monitoring ishlarini olib borayotir. Ular nafaqat harbiy qismlarda, balki xalqimiz orasida bo‘lib, harbiy sohadagi islohotlarning borishi to‘g‘risidagi fikrlarni o‘rganib, taklif-mulohazalarni yig‘ishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu takliflar tahlil qilinib, mutasaddi idoralarga taqdim etilmoqda.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy ta’minotini, yashash va xizmat o‘tashining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlarining ijrosini o‘rganish uchun bevosita harbiy okruglar, alohida harbiy qism va muassasalarga sayohatlar uyushtirilmoqda. Qayd etilgan masalalar kompleks ravishda tahlil etilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Jizzax viloyati Baxmal tumanida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farzandlarining ta’lim olishi va to‘garaklarda qatnashishi kabi masalalarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar tegishli idoralarga taqdim etildi.

Qashqadaryo viloyatidagi aholi yashash punktlaridan olisda joylashgan harbiy qismlarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Ehtiyojlar o‘rganilib, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun aviamodel, kemamodel, karting kabi sportning texnik va amaliy turlaridan to‘garaklar ochildi.

Tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida xalqimiz muntazam tanishtirib borilayotgani milliy armiyamiz salohiyati va qudratini keng targ‘ib etish, yoshlarda harbiy xizmatga hurmat va qiziqish uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Dilshod Karimov, O‘zA
3 579






Все о погоде - Pogoda.uz