Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 16:48 Chop etish versiyasi

Tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi dolzarb tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqi barchamizda zo‘r qiziqish, yuksak faxr tuyg‘usini uyg‘otdi. Ushbu voqelik, shubhasiz, mamlakatimizning xalqaro munosabatlarda teng huquqli davlat sifatidagi roli va o‘rnini yanada oshirdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida sessiya ishtirokchilari e’tiborini bugun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan bir qator dolzarb masalalarga qaratib, ularning yechimi yuzasidan amaliy takliflarni ilgari surdi.

Prezidentimiz O‘zbekistonni jadal rivojlantirish yo‘lida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlardan ko‘zlangan maqsad – "Inson manfaatlari hamma narsadan ustun" degan tamoyilni amalga oshirish, demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu borada xalqimizning xohish-istaklari asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hayotga izchil joriy etilayotganligini qayd etdi.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani, Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi xususidagi, shuningdek, BMTning xalqaro munosabatlardagi mavqeiga yuksak baho bergan holda, xalqaro tashkilot va uning tuzilmalari faoliyatini yanada kengaytirish zarurligi haqidagi fikrlari dunyo hamjamiyati tomonidan iliq kutib olindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston o‘zining bugungi tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotgani, mintaqada barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish, o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekanligini qayd etgani ham alohida ahamiyatga ega.

Haqiqatdan ham, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli so‘nggi paytlarda mintaqamizda siyosiy ishonch darajasi sezilarli darajada oshib, ko‘plab masalalar bo‘yicha prinsipial jihatdan muhim yechimlar topishga erishilgani mintaqa xalqlarining tarixiy ildizlari va maqsadlari mushtarak ekanligini yana bir bor isbotladi.

Bu o‘rinda Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolutsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifini mintaqa xalqlari taqdiri uchun jonkuyarlik namunasi sifatida baholashimiz mumkin.

Prezidentimiz yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratar ekan, mintaqada umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish va Orol bo‘yidagi ekologik muammoni bartaraf etish masalalariga yana bir bor dunyo hamjamiyatining diqqatini qaratgani ham muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, Prezidentimizning qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyor ekanligi borasida bildirgan qat’iy pozitsiyasini barchamiz to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidan turib xalqimiz taqdiri va mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish maqsadida bildirgan dolzarb tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda deputatlarimiz va faollarimizdan fidoyilik talab etiladi. Joylarda o‘tkaziladigan uchrashuv va muloqotlar davomida mazkur tarixiy nutqning mazmun-mohiyatini keng jamoatchiligimiz, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda biz – xalq vakillari faol bo‘lmog‘imiz zarur.

Narimon Umarov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,
O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi.

O‘zA
1 561






Все о погоде - Pogoda.uz