Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 18:30 Chop etish versiyasi

Tinchlik va osudalik – xalqimizning boyligi

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinch-osuda hayot, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining ham xizmati katta. Aholi o‘rtasida tartib-intizomni yanada kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan profilaktika inspektorlari, militsiya tayanch punktlari, “Mahalla posboni” kabi institutlarning samarali faoliyat yuritayotgani osudaligimizni ta’minlashga xizmat qilayotir.

Ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 16-sentabr kuni qabul qilingan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni soha faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soha vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazayotgani faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘layotir. Joriy yilning 9-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar organlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, muhim ustuvor vazifalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar barcha ichki ishlar organlari, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari o‘rtasida keng muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Prezidentimizning har haftaning payshanba kunini «Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni» deb e’lon qilish haqidagi taklifi xodimlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Chunki jinoyat sodir etilgandan keyin uni fosh etishga qaratilgan chora-tadbirlar olib borishdan ko‘ra, jinoyatning oldini olish, profilaktik tadbirlar o‘tkazish samaraliroqdir. Shu maqsadda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasiga bag‘ishlangan chiqishlar tashkil etilayotir.

Jinoyatlar muhokamasini tashkil etish, targ‘ibot-tashviqot uchrashuvlari, yo‘l-harakat xavfsizligi profilaktikasi bo‘yicha reydlar, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi tadbirlari belgilab olindi. Internet-kafelar va tungi klublarda profilaktik reydlar, pasport-viza tartibotini ta’minlash, giyohvandlik va boshqa illatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari shakllantirildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning shart-sharoit va omillarini o‘rganish, profilaktika maqsadida har bir jinoyat tafsilotini ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirokida chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan fikrlarini amalda joriy etish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan joylarga chiqib, fuqarolarni sayyor qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Bunda nafaqat ijtimoiy masalalar, balki jinoyat ishlari bo‘yicha ularni qiziqtirgan savollar, yuzaga kelayotgan muammolarga shu yerning o‘zida yechim topish maqsadida bu ishga tergovchilar, jinoyat qidiruv xodimlari keng jalb etilayotir.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining guvd.uz virtual qabulxonasi ishga tushirildi. Natijada fuqarolarga poytaxt ichki ishlar organlari faoliyatiga oid masalalar, muammolar yuzasidan ariza, shikoyat yoki takliflar bilan bosh boshqarma rahbariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Videoselektor yig‘ilishda chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish, mahalla raislari, imom-xatiblar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar bilan hamkorlikda aholi orasida diniy ekstremizmning salbiy oqibatlarini tushuntirish ishlari sustligi ta’kidlandi. Demak, bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur.

Yig‘ilishda yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi holat, 2016-yilda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining jinoyatga qo‘l urgani, umumiy jinoyatlarning oltitasidan bittasini xotin-qizlar sodir etgani ham tanqid ostiga olindi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, buning asosiy sabablaridan biri o‘rta maxsus, kasb-hunar bilim yurtlarida o‘quvchilarning davomati tushib ketgani, bu holni o‘rganish va nazorat qilish bo‘yicha mukammal tizim yaratilmaganidir.

Prezidentimiz tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi, muammolarni kabinetda o‘tirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlashga va ularning yechimini topishga qaratish, yakuniy natija uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish, fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda hal qilish, ishda aniq tartib va qat’iy intizom o‘rnatish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlar ildizini quritish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifasi ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlar, talab va vazifalar ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi bilan birga, soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.

To‘lagan Abdullayev,
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh
boshqarmasi Inson huquqlarini
himoya qilish va yuridik ta’minlash
bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.

O‘zA
541






Все о погоде - Pogoda.uz