O‘zA O`zbek

16.08.2018 20:32 Chop etish versiyasi

Tinchlik taronasi jaranglab tursin

Tinchlik taronasi jaranglab tursin Qachonki, karnay-surnayning sho‘x sadosi eshitilsa, yuragimiz hapriqib ketadi. Bu to‘yga, bayramlarga chorlovchi navo aslida nafaqat xursandchilik, balki tinchlik taronasidir. Axir tinchlik bo‘lmagan joyda u jaranglamaydi.

Hademay, xalqimizning asriy orzu-umidlari mevasi bo‘lgan, O‘zbekistonni jahonda tenglar ichra teng qilgan Mustaqillik ayyomini nishonlaymiz. Nafaqat yurtdoshlarimiz, balki O‘zbekistonni o‘ziga do‘st deb bilgan qardoshlarni, uzoqda bo‘lsa-da ona-tuprog‘ini aziz bilgan millatdoshlarimizni karnay-surnay navosi ila qutlug‘ to‘yga chorlaymiz.

Ayni kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik ayyomini munosib kutib olish, bayramni tinch va osoyishta o‘tkazish dolzarb masalalardandir. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorda qayd etilganidek, jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne’mat bo‘lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Darhaqiqat, mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochgan bebaho ne’matdir. Shu bois ham eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik ayomini nafaqat qadrlash, balki uni munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotimizda alohida muhim o‘rin tutadi.

“Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” g‘oyasi asosida nishonlanadigan ulug‘ ayyomda amalga oshiriladigan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlangan dasturdan ijtimoiy hayotimizda muhim o‘rin tutuvchi barcha yo‘nalishlar qamrab olingani holda tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash bilan bilan bog‘liq choralar ham alohida o‘rin egallagan.

Aytib o‘tish kerakki, istiqlol yillarida yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga doim ustuvor ahamiyat berildi. Bu ichki ishlar organlari tizimidagi profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari takomillashganida, sohaning moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo‘lmoqda.

Mazkur xizmatlarning barchasi hozirgi kunda mustaqillik bayramini tinch-osoyishta o‘tkazish, xalqimizning xavfsizligini ta’minlashga safarbar etilgan.

Ichki ishlar vazirligi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, huquqni muhofaza etuvchi organlar va boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarni tashkil etish, tezkor-profilaktik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan IIVning alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Ushbu reja asosida respublika miqyosida keng qamrovli “Tozalash-antiterror” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda.

Asosiy e’tibor jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlab, ularga profilaktik ta’sir o‘tkazish, qurol-yarog‘, o‘q-dori, giyohvand va zaharli moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kuchaytirilgan tartibda kurashish, o‘ta muhim, toifalangan, shu jumladan, hayot maromini ta’minlovchi obyektlarning qo‘riqlanishini kuchaytirish va nazoratga olishga qaratilayotir.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlash maqsadida jadval asosida yirik tashkilot va korxonalar rahbarlari, shuningdek, ularning ma’muriyati va avariya xizmati vakillarining tunu-kun navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan.

Respublika hududida, ayniqsa, chegara hududlarida, Toshkent shahri va boshqa markaziy shaharlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, kriminogen muhitni sog‘lomlashtirish alohida e’tiborda. Pasport rejimini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish jarayonida jinoiy, ekstremistik kayfiyatdagi va boshqa g‘ayri-ijtimoiy hayot tarzini kechiruvchi shaxslar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida bayram tadbirlari bilan bog‘liq obyektlar atrofida qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati postlari tashkil etildi. Obyektlar atrofidagi yo‘llar va yo‘l belgilarining holati tegishli idoralar bilan hamkorlikda ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotir.

IIV yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida tayyorgarlik mashg‘ulotlari, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan hamda badiiy jamoalar a’zolari joylashadigan obyektlarning yong‘in xavfsizligi holati belgilangan tartibda o‘rganib chiqilmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi nazoratga olingan.

Bayram bilan bog‘liq barcha obyektlarda yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining navbatchiligi tashkil etiladi. Yirik obyektlarda esa yong‘in o‘chirish avtoekipajlari jangovar shay holda ushlab turiladi.

Bayram tantanalari o‘tkaziladigan joylarning 45 tasida yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazilgan. 147 tasi tekshirib chiqilgan va ular atrofida joylashgan mingdan ziyod korxona va tashkilotlarda yong‘in-profilaktika ishlari olib borilgan. Davlat tasarrufidagi 826 maskan, 25 mingdan ziyod aholi turar joylari hamda 790 ko‘p qavatli uylarning yong‘inga qarshi holati tekshirib chiqildi. Tekshirish va ko‘riklar jarayonida hozirgi kunga qadar ko‘p qavatli uylardagi 784 chordoq va 757 yerto‘laning barchasi berkitildi.

Olib borilayotgan profilaktik ishlar davomida yong‘in xavfsizligi talablarini buzgan yoki bajarmagan 1,5 mingga yaqin fuqaro, mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularga 91 million so‘mdan ortiq jarima solindi. Yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan 530 maskan va alohida uchastkalar talab darajasiga keltirilgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi. Besh mingga yaqin yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan nosoz elektr tarmoqlar va agregatlar manbaidan uzib qo‘yildi.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarning samaradorligi aholining huquqiy madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Shuni e’tiborga olib barcha xizmatlar, ayniqsa, profilaktika xizmati xodimlari mahallalar, korxona va tashkilotlarda, muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazib, xavfsizlikka oid targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Bu jarayonda nafaqat osoyishtalik qadri, balki aholini ogohlikka chorlovchi, har bir inson o‘z uyini, mahallasini asrashga mas’ul ekani tushuntirilmoqda.

Mamlakatimizda Mustaqillik ayyomini munosib kutib olish, bayram tadbirlari, ayniqsa, xalq sayllarini yuqori saviyada, osoyishtalikda o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit ta’minlanmoqda. Keng jamoatchilik, katta-yu kichik bu jarayonga befarq bo‘lmasligi, xotirjamlik uchun hissa qo‘shishi bayram shukuhini yanada oshirishini yodda tutsak, yurtimizda tinchlik taronasi mangu jaranglab turajak!

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 095