Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 18:29 Chop etish versiyasi

«Tinchlik qo‘ng‘irog‘i»: taraqqiyot, farovon hayot, porloq kelajak chorlovi

«Tinchlik qo‘ng‘irog‘i»: taraqqiyot, farovon hayot, porloq kelajak chorlovi Tinchlik – buyuk ne’mat. Uning mustahkam qo‘rg‘oni tinchlikparvar siyosat tarafdorlari – davlatlar, xalqlar va millatlar. Tinchlik mahsuli dunyoda bir xil anglaniladi: taraqqiyot, farovon hayot, baxtiyor odamlar, porloq kelajak.

Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan qabul qilingan 21-sentabr – Xalqaro tinchlik kuni dunyo miqyosida keng nishonlanadi.

Poytaxtimizdagi Do‘stlik bog‘i har qachongidan-da gavjum. Karnay-surnay sadolari mamlakatimizda tinch-totuv istiqomat qilayotgan turli millat vakillarini so‘lim bog‘ga chorladi.

Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlab «Xalqaro tinchlik kuni» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda do‘stlik jamiyatlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari, keng aholi qatlami, yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Eshonxo‘jaev, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakili Dendev Badarch va boshqalar O‘zbekistondagi tinchlik muhiti hayotning turli jabhalarida erishilayotgan ulkan yutuqlar omili ekanini alohida ta’kidladi.

26.JPG

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqi dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani, unda bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar bugungi kun uchun g‘oyat dolzarb ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari nutqida O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganini, mintaqada barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yaratish barchaga birdek manfaatli ekanini ta’kidlab, dunyoda terrorizm tahdidlari kuchayib borayotgan bir sharoitda, ularga qarshi kurashishning samarali usullarini qo‘llash zarurati yuzaga kelganini, bunda birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifamiz bo‘lib qolayotganini alohida ilgari surdi.

– Alohida e’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tinchlikparvar siyosati Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda, – dedi Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi, missiya rahbari o‘rinbosari Toyoshima Soichiro. – Xalqaro tinchlik kuni munosabati bilan BMT bosh qarorgohida tinchlik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Biz Toshkentda bu qo‘ng‘iroqni chalayotganimizdan mamnunmiz va O‘zbekiston hamda butun dunyo xalqlariga tinchlik-omonlik tilaymiz.

Xalqaro tinchlik kunida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida tinchlik qo‘ng‘irog‘i chalinishi yaxshi an’anaga aylangan. Bugun poytaxtimizda chalingan tinchlik qo‘ng‘irog‘i mamlakatimizda hukmron tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, turli millat vakillarining ahilligi, hamjihatligi, ularning tinchlikparvarligi ramzi sifatida bong urdi.

Tadbirda kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, mamlakatimiz tarixi, bu yerda istiqomat qilayotgan turli millatlar madaniyati, ularning baxtiyor hayoti aks etgan rasmlar va fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
2 518






Все о погоде - Pogoda.uz