O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Tinchlik qadrini notinchdan so‘rang

Tinchlik qadrini notinchdan so‘rang

Yoki tinchlik qadriga tinchlikda yetaylik!

Tinchlik qadrini tinchlikda yashayotganlar balki bilmas. Ammo urush olovini ko‘rayotganlar, xorlik, ochlik, muhtojlikni boshidan kechirayotganlar uchun tinchlik nima? Bu na orzu havas, na boylik va na boshqa har qanday moddiy ne’matdan ancha ustun tushuncha, orzu ekaniga shubha yo‘q.

Yon-atrofda bo‘layotgan bunday holatlarga nazar solib mushohada qilib ko‘rgan, xotirjam yashayotgan odam esa tinchlikning qadrini his qila boshlaydi.

Hech bir qo‘rquvsiz ostona hatlab ko‘chaga chiqar ekanmiz, maqsadlar sari dadil qadam tashlay olamiz, muammo bo‘lsa uni hal qilish uchun kurasha olamiz, orzularimizni ro‘yobga chiqaramiz, to‘ylar, bayramlar qilamiz! Bunday onlar uchun shukrona qilsak, ya’ni tinchlik qadrini tinchlikda bilsak yomon bo‘lmasdi.

Shu kunlarda yurtimizda Mustaqillik atalgan ulug‘ bayram shukuhi kezib yuribdi. Bu xalqimizning dunyoda o‘z ovoziga ega bo‘lish huquqini bergan, o‘z bayrog‘ini baland ko‘tara olish imkonini bergan milliy bayramdir!

Xalqimiz bu bayramni har yili munosib kutib olish va nishonlashga intiladi. Bayram arafasi va kunlarida osoyishtalikni saqlash, yurtdoshlarimizning tom ma’noda bayram qilib, xursandchiligini ta’minlashga ahamiyat kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning shu yil 8 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham bu masalaga alohida urg‘u berilgan.

Qaror ijrosini ta’minlash, bayram kunlari osoyishtalikni ta’minlash borasida huquq-tartibot organlari tomonidan barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

O‘zA muxbiri ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Muhiddin JO‘RAEV bilan suhbatlashdi.

- Prezidentimizning qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida keng miqyosda nishonlanishi rejalashtirilgan, - deydi M.Jo‘raev. – Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda ichki ishlar organlari oldida turgan barcha tashkiliy, profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa chora-tadbirlar qamrab olingan.

Bayram tadbirlari 230 joyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan 96 tasi stadion, 56 tasi istirohat bog‘lari, 33 tasi amfiteatr, 13 tasi maydonlar, 13 tasi davlat idoralari va tashkilotlar maydonlari va boshqa joylardir.

Bayram o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ob’ektlar, tabiiyki, shu kuni odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Bayram tadbirlari vaqtida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun ichki ishlar organlarining jami 24,5 mingdan dan ortiq xodimi hamda 1,8 mingdan ziyod Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va 12 mingga yaqin jamoatchilik vakillari jalb etilishi rejalashtirilgan.

Zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sari ulardan samarali foydalanishga harakat qilinmoqda. Xizmatda foydalanish uchun 2 mingga yaqin metallodetektor, 5 mingdan ortiq aloqa vositalari bilan bir qatorda kuzatuv kameralari, onlayn muloqot orqali vaziyatni nazorat qilish ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunday imkoniyat xizmat olib borishni yengillashtirish bilan bir qatorda bayram tadbirlarida ishtirok etayotgan, turli noxush holatlarga tushib qolgan fuqarolarga tezkor yordam berishda ham qo‘l keladi.

Avvallari bayram tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar atrofi to‘rt xalqa shaklida o‘rab olinib, qo‘riqlagan, bunga yanada ko‘proq xodimlar jalb etilgan bo‘lsa, hozir bu biroz osonlashdi. Ya’ni ko‘proq texnologiyalar vositasida vaziyatni kuzatishga sharoit yaratilgani ish olib borishni qulaylashtirdi.

- Bayramlar arafasida xavfsizlikni ta’minlash uchun chegaralarni yopish, ayniqsa, poytaxtga keluvchilarga nisbatan cheklov o‘rnatish kabi choralar qo‘llanib kelingan. Bu qanchalik to‘g‘ri va bu amaliyot hozir ham mavjudmi?

- Haqiqatan ham nafaqat bayramlarda, boshqa paytlarda ham ehtiyot choralarini haddan ziyod kuchaytirib kelingan. Bu bir qarashda qobiqqa o‘ralish, boshqacha aytganda, kosa tagiga bekinib olishga ham o‘xshagan. Afsuski, bu amaliyot to‘g‘ri bo‘lmaganinierkinlashtirish siyosati yaqqol ko‘rsatdi. Yaqin qo‘shnilar bilan hamkorlik aloqalarining kuchaytirilgani, yopib tashlangan chegara postlarining ochilib, fuqarolar, tadbirkorlarning bemalol o‘tib-qaytishi yo‘lga qo‘yilgani nafaqat turizmning, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim rol o‘ynamoqda.

Birgina qo‘shni davlatlar bilan bemalol bordi-keldi qilayotganimiz natijasida yurtimizga kirib keluvchilar soni kuniga ikki mingga yaqinni tashkil etmoqda. Ularning asosiy qismi turistlar bo‘lib, ular tomonidan qo‘pol qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish keyingi bir yilda umuman qayd etilmadi. Xususan, qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan ana shunday emin-erkin bordi-keldi yo‘lga qo‘yilganda ko‘pchilik xavf paydo bo‘lishidan qo‘rqqani sir emas. Ammo chetdan kirib kelayotgan shaxslar ichida O‘zbekistonga buzg‘unchilik niyatida kelgan yoki terrositik xavf tug‘diruvchi birorta ham shaxs qayd etilmadi.

Bayram arafasida poytaxtga kirib keluvchilarga cheklov o‘rnatish amaliyoti ham mavjud edi haqiqatan. Ammo bu yurtdoshlarimizga juda ko‘p noqulayliklar tug‘dirib kelgan. Chunki mamlakatimizning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy markazi bo‘lgan Toshkent shahri bilan hududlardagi aholini bog‘lab turgan aloqalar juda keng qirrali, albatta. Shularni hisobga olib hozirgi kunda bunday amaliyotga ham butunlay chek qo‘yilgan. Bu yil Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida ham, bayram kunlari ham poytaxtga keluvchilarga nisbatan hech qanday cheklov bo‘lmaydi.

- Bayramlar arafasida “Tozalash”, “Pasport-viza” kabi tadbirlar o‘tkazib kelingan. Bunday tadbirlar bu yil ham o‘tkazildimi?

- Bunday tadbirlar qonuniylikni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgani uchun doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. “Tozalash” tadbirida qonunni buzib qochib yurgan yoki qonunga zid harakat qilayotgan shaxslar aniqlanib, javobgarlikka tortilishi ta’minlansa, “Pasport-viza” tadbirida mamlakatda bo‘lish qoidalari yoki Toshkent shahrida o‘rnatilgan tartibga rioya etish ahvoli o‘rganiladi.

Ichki ishlar organlari, xususan profilaktika xizmatining jamoatchilik bilan hamkorligi mustahkamlangani natijasida mamlakatimizdagi har bir mahalladagi vaziyat nazoratda. Bu har qanday qonunbuzarlikni tezkor aniqlash imkoniyati ortayotganini anglatadi.

Hozirgi kunda mahallalardagi tayanch punktlari soni ham ko‘paytirildi. Ayni paytda ularning soni 4 ming 869 taga yetkazildi. Huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktikasini ta’minlash borasida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida har bir sodir etilgan jinoyat shu kunning o‘zida keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu sodir bo‘lgan holatning asl sababini aniqlash, bunga barham berish choralarini ko‘rishga sharoit yaratdi.

Ana shunday samarali hamkorlik natijasida jinoyatchilik joriy yilning 6 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,2 foizga yoki qariyb 7 mingtaga kamayishiga erishildi. Eng muhimi, 9 mingdan ziyod mahallaning 63,2 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Jamoat tartibini saqlash odamlar gavjum bo‘ladigan maydonlar, istirohat bog‘lari, bozorlar va savdo majmualarida doimiy kuzatuv va nazorat ham tashkil qilinmoqda. Patrul-post xizmatining mini ko‘chma butkalari joylarga o‘rnatilgani sodir bo‘layotgan huquqbuzarliklarni tezkor aniqlash, aholiga esa bunday holatlar haqida xabar berish imkonini yaratdi.

Vaziyatdan onlayn xabardor bo‘lish hamda kuch va vositalarni onlayn yo‘naltirish maqsadida xodimlar planshetlar bilan ham ta’milangan. Bu borada “Xavfsiz shahar” dasturiy ta’minoti ishga tushirilgan bo‘lib, shu orqali xizmatdagi xodimlarni, avtoekipajlarni JPS navigatorlari orqali boshqarish mumkin. Joylarda “Vaziyat markazlari” ham ishga tushirilganki, shu orqali naryadlar xizmatini to‘laqonli boshqarish, ayniqsa tezkor muvofiqlashtirish, qolaversa mavjud tezkor-ma’lumotlardan aniq vaqt rejimida foydalangan holda patrullik yo‘nalishlarida fuqarolar va buyumlar to‘g‘risidagi ma’lumotni tekshirish imkoni bor.

Hozirda patrullik xizmati orqali 1,6 mingdan ziyod mahalla hududi tezkor qamrovga olingan. Shuningdek, aholi gavjum bo‘ladigan bozor, yirik savdo markazlari hamda madaniyat va istirohat bog‘laridagi tezkor vaziyat to‘laqonli nazoratga olingan.

Bundan tashqari, aholi gavjum joylarga “SOS” tashvish tugmalari ham o‘rnatilmoqda. Bu orqali fuqarolar huquqbuzarliklar va favqulotda holatlar to‘g‘risidagi hududiy ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar yetkazishi mumkin.

Patrul-post xizmati orqali mamlakatimizning butun hududi shu tariqa qamrab olinib, xavfsizlik ta’minlanayotgani tufayli keyingi paytda aholiga zarar yetkazadigan birorta ham katta ko‘ngilsizlik kuzatilmadi.

Xalqimizning katta shodiyona kunlari, bayramlarida osoyishtalikni ta’minlash uchun barcha kuch va vositalarimizdan unumli foydalanilgani natijasida ularning tinch va shukuhli o‘tishiga hissa qo‘shilmoqda. Shu yilning o‘zida 45 million fuqaroni o‘ziga jalb etgan ruxsat berilgan 567ob’ektda 82 mingga yaqin ommaviy tadbirlar shu tariqa o‘tkazildi.

Ko‘p hollarda ayrim yovuz niyatli kishilar odamlar to‘plangan yoki xursandchilik qiladigan paytda o‘zlarining g‘araz niyatlarini amalga oshirish, biror jinoyatni amalga oshirish, ommaning tinchligiga putur yetkazishni rejalashtiradi. Vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, albatta, ular o‘ylagan niyatiga yetadi. Xodimlarimiz hushyorligi bois esa ular niyatiga yeta olmaydi.

Patrul-post naryadlari ishtirokida joriy yilda 1,7 ming, xizmat xodimlari tomondan esa 2 mingdan ziyod jinoyat o‘z vaqtida fosh etilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar joriy yilning o‘tgan davrida 53,7, ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar esa 55,5 foizga kamaydi.

Jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan 529 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. Mingdan ziyod og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etildi.

Xulosa o‘rnida aytishi mumkinki, bayram kunlari hushyorlik va sergaklikni har doimgidan ko‘ra oshiriladi. Zero, xalqimizning sevimli bayrami tinch va osoyishta o‘tishi uchun mas’ul ekanmiz, bu yo‘lda tunni tongga ulab xizmatda bo‘lamiz. Tinchlikni saqlashga hissa qo‘shish, uning qadriga yetish esa shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning burchidir.

505
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA