Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 18:12 Chop etish versiyasi

Tinchlik hukmron yurtdagina inson buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqini tun yarimdan oqqan bo‘lsa-da, yurtdoshlarimiz televideniye orqali katta qiziqish bilan tingladi. Davlatimiz rahbari yuksak minbardan turib, mamlakatimiz hamda xalqaro hamjamiyat oldida turgan ustuvor vazifalarni aniq, lo‘nda va sodda tilda bayon qildi. Bugun kim bilan gaplashmang, Prezidentimizning ushbu nutqi haqida o‘z fikrini bildiradi, muhim voqea bo‘lganini ta’kidlaydi.

Topvoldi Xoldorov, “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, "El-yurt hurmati ordeni" sohibi:

– Yoshing ulg‘aygan sari kuzatuvchan, har narsani taroziga soladigan bo‘lib qolar ekansan, kishi. Eh-he, bu hayotda nimalar ko‘rmadik, qanday qiyinchiligu mashaqqatlarni yengishga to‘g‘ri kelmadi, deysiz. Prezidentimizning kecha BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘zlagan nutqi yurtimizda yoshi, kasb-koridan qat’i nazar, hech kimni befarq qoldirmadi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, barchamiz diqqat-e’tibor bilan tingladik.

O‘tgan yili boshimizdan og‘ir sinovlar o‘tdi. Mustaqil davlatimiz asoschisi, Buyuk Yurtboshimizdan ayrildik. Xalqimizning xudoga aytgani bor ekan, shekilli, Yaratgan bizga yanada g‘ayrat-shijoatli, el-yurt manfaatini, adolat va qonuniylikni hamma narsadan ustuvor biladigan yo‘lboshchini nasib etdi. Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimizning munosib shogirdi sifatida islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirdi, rivojlanishimizga shiddat bag‘ishladi. Bugun yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishu yangilanishlar vaqtni ham shoshirib qo‘ymoqda. Inson manfaatlariga bo‘lgan e’tibor barcha jabhalarda o‘z ifodasini topmoqda. Odamlarimizning dunyoqarashi o‘zgardi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, nuroniylarimiz umriga umr qo‘shilmoqda. Bu osmondan olingan gaplar emas. O‘zbekistonimizning qay go‘shasiga bormang, o‘zingiz bunga guvoh bo‘lasiz.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z yuritar ekan, uning yechimlarini ham ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish, u yerda tinchlik va barqarorlikka erishish borasida O‘zbekistonning o‘z pozitsiyasini bayon qildi. Dunyo hamjamiyatini qiynayotgan global muammolarga ham muhim e’tibor qaratilgani, bejiz emas. Chunki O‘zbekiston – tinchlik tarafdori. Xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, yoshlar tarbiyasi butun dunyo hamjamiyatining muhim vazifasiga aylangan bugungi kunda uning ahamiyati yanada ortadi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish lozimligi to‘g‘risidagi taklifi ham tarixiy voqea bo‘ldi. Islom dini ezgulikka, tinchlikka xizmat qiladi. Shunday ekan, Islomning asl mohiyatini ochib berish g‘oyat dolzarb vazifa. Bunda bizning zaminimizdan yetishib chiqqan aziz-avliyolar, buyuk allomalar merosini o‘rganish va targ‘ib etish alohida ahamiyatga ega. Dunyoda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, barcha xalqlarning yanada farovon turmushi uchun g‘oyat muhim bo‘lgan bunday ulug‘vor tashabbuslar O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z so‘zi va fikriga ega ekanini ko‘rsatadi. Bu barchamizga g‘urur-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Nortoji Xalibayeva, Farg‘ona viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazining «Suluv qiz» ansambli badiiy rahbari, Farg‘ona tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, "Shuhrat" medali sohibi:

– Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini televideniye orqali ko‘rdim, eshitdim. Soat tungi ikki bo‘lsa-da, uyqum kelmadi. Davlatimiz rahbarining yuksak minbardan turib, butun dunyoni tashvishga solayotgan g‘oyat dolzarb masalalar haqida aytgan fikrlari xayolimda aylanaverdi. Internetdan nutqni olib, har bir satrini qayta-qayta o‘qidim, yurakdan o‘tkazib o‘qidim.

Darhaqiqat, tinchlik hukmron yurtdagina inson buyuk va ezgu orzularni ko‘ngliga tugishi, ularning ushalishidan qalbi quvonchga to‘lishi, o‘z iste’dodi va salohiyatini to‘la namoyish etishi mumkin. Xalqimiz bu oliy ne’matni doim ulug‘lab kelishining, duoga qo‘l ochganda Yaratgandan avvalo el-yurtga tinchlik va osoyishtalik, farovonlik va obodlik tilashining sababi ham shunda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.

Albatta, biz bu ishlarning barchasini bilib, guvohi bo‘lib turibmiz. Birgina Qirg‘iziston bilan keyingi vaqtda hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarilganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlik, do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash borasidagi ishlar har ikki xalqni juda xursand qilib yubordi. Chegara bilan bog‘liq muammolar hal etilib, bordi-keldi yo‘lga qo‘yilgani barchaning ayni dilidagi ish bo‘ldi.

Bu O‘zbekistonimiz tashqi siyosatidagi ishlarning birgina namunasi, xolos. Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan ham hamkorlik munosabatlari tubdan o‘zgarmoqda, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimizning BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqida bular aniq bayon qilib berildi.

Ma’udjon Sulaymonov, O‘zA
1 794






Все о погоде - Pogoda.uz