Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.03.2017 09:05 Chop etish versiyasi

Tinchlik, ezgulik, obodlik, ahillik ifodasi

Tinchlik, ezgulik, obodlik, ahillik ifodasi Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida umumxalq xayriya hashari boshlandi.

Ota-bobolarimizning Vatanga sadoqat, insoniylik, olijanoblik, obodlik, mehr-oqibat, go‘zallikni ulug‘lash kabi ezgu tuyg‘ularini, yaratuvchilik, bunyodkorlikni ifodalovchi hashar mustaqillik yillarida yangicha mazmun kasb etdi. 

Har yili bayramlarimiz arafasida hashar o‘tkazilib, tevarak-atrofni tozalash, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, navqiron avlodni milliy an’analarimizning munosib davomchisi etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Navro‘z umumxalq bayrami arafasida bunday ezgu urf-odatlar yanada keng quloch yoymoqda.

Bu yilgi hashar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, farovon kelajak barpo etishga yo‘naltirilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilgan bir sharoitda o‘tayotgani har bir yurtdoshimizning yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi farmoyishi asosida mamlakatimizda mart-aprel oylari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. Uning doirasida 11-12-mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

Bugun erta tongdan mamlakatimizning barcha hududlarida butun xalqimiz, yoshu qari bahamjihat bo‘lib aholi punktlari, xiyobonlar, ko‘chalar, yo‘llar, ko‘p qavatli uylar atrofi, hovli-joylarni tozalashga kirishdi. Hasharchilarning sa’y-harakati bilan qabristonlar, muqaddas qadamjolar, tarixiy yodgorliklar atrofi obodonlashtirilmoqda. Navro‘z bayrami munosabati bilan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan yangi inshootlar, namunaviy uy-joylar qurilishida usta-hunarmandlarga hasharchilar yaqindan ko‘mak berayotir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturida belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirish barchamizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu jarayonda hasharning ham o‘ziga xos o‘rni bor.

– Hasharda tumanimizdan oltmish besh mingdan ko‘proq aholi ishtirok etayotgani yurtdoshlarimizning yurt obodligi, to‘kinlik, farovonlikka o‘z ulushini qo‘shishga intilishidan dalolatdir, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi Uchtepa tumani bo‘linmasi raisi Zikrilla Asadov. – Barcha mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim, tibbiyot va boshqa muassasalarda tozalik, obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Tumanimiz markazida barpo etilayotgan Madaniyat va istirohat bog‘ida ish qizg‘in tusga kirdi. Bog‘ni tozalash, tevarak-atrofni tartibga keltirish, bu yerda aholi munosib hordiq chiqarib, dam olishi uchun qulay sharoit yaratishda ustalarga ko‘mak berilmoqda. Tumanimizning Istirohat ko‘chasida ham shunday  hashar uyushtirildi. Yo‘l bo‘yini obodonlashtirib, yashil hududlarni kengaytirdik. Umuman, ikki kunlik hashar davomida mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofi, yo‘llar bo‘yiga, xiyobonlar, bog‘larga o‘n besh ming tupdan ko‘proq mevali va manzarali ko‘chat ekiladi. Kam ta’minlangan oilalarga uch yuz tupdan ko‘proq mevali daraxt, yong‘oq ko‘chatlarini yetkazib berdik. 

– Hasharda saxovatpeshalik, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi tushunchalar yanada sayqallanadi, – deydi Qibray tumani «Yangiyo‘l» mahalla fuqarolar yig‘ini diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Ergasheva. – Mahalla ahli bahamjihat bo‘lib, hududlarni tozalash barobarida o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, keksalar holidan xabar olinadi. Qabristonlarda hashar uyushtirilib, o‘tganlar ruhi yod etiladi. 

Hashar mamlakatimizning barcha hududlarida ana shunday uyushqoqlik va bahamjihatlik ruhida davom etmoqda.

Bahor Xidirova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
608






Все о погоде - Pogoda.uz