Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 16:42 Chop etish versiyasi

Tinchlik bor joyda hayot go‘zal, bayramlar fayzli bo‘ladi

Navro‘z har safar yurtimizga o‘zining iliq tafti, gulu chechagi bilangina emas, balki tinchlik-osoyishtalikda hayot yanada totli va zavqli ekanini namoyon etib keladi. Shu bois xalqimiz bu bayramda barcha ne’matlarga, ayniqsa, tinchligimizga shukrona keltiradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham ana shu jihatga alohida e’tibor qaratilgan. Unda tinch hayotni qadrlash, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga bo‘lgan yuksak da’vat mujassam.

Mazkur qaror ijrosini bajarish, bayramni tinch-osoyishta o‘tkazish, aholi xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Navro‘zi olam barchamiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramidir. Bu bayramning mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotir.

Tinch hayot qadri bayram kunlarida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki bu xalqimizning yaratuvchanlik, bunyodkorlik kabi qon-qoniga singib ketgan ezgu amallarini ro‘yobga chiqarishga keng yo‘l ochadi. Shu kunlarda barcha qishloqlarda, shaharlarda yurtdoshlarimiz ko‘chat ekish, obodonlashtirish ishlari bilan band. Bunday emin-erkinlik, turmushimizni go‘zallashtirayotgan sa’y-harakatlar zamirida yurtimizda hukm surayotgan osoyishtalik mujassam. Bu mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani natijasidir.

Tinchlik atalgan bebaho ne’mat doimo barqaror bo‘lishini ta’minlash, fuqarolarimiz munosib hayot kechirishi, bayramu shodiyonalarni xotirjamlik bilan o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazish belgilab berildi. Demak, bu yil bayramning ko‘lami va unda ishtirok etuvchilar doirasi yanada kengayishidan dalolat beradi va zimmamizdagi mas’uliyat yanada oshadi.

Shundan kelib chiqib Navro‘z bayramini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Bayram kunlari xavfsizlikni ta’minlash uchun tegishli idora va tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Bayram sayillari bo‘ladigan 262 maskanda jamoat tartibini saqlash, favqulodda holatlarning oldini olish, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirildi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil 9-fevralda ichki ishlar organlari xodimlari bilan uchrashuvda qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib tizimdagi ishlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Ichki ishlar organlarining har bir xodimi bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, har bir oila, har bir inson, mahalla xavfsizligini ta’minlashdek murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyat, kuch-g‘ayratini safarbar etishga kirishgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va ochiqlikni ta’minlash asosiy maqsadga aylandi. Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan haftaning payshanba kunlari profilaktika kuni, deb belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ishlar samaradorligini oshirmoqda. Turli huquqbuzarlik va jinoyatlar mahalla faollari bilan chuqur tahlil etilayotgani, sayyor ochiq sud majlislari o‘tkazilayotgani, ta’lim muassasalarida turli tadbirlar tashkil etilayotgani va ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilayotgani besamar ketmayotir. Bu ta’sirchan usullar odamlarni o‘ylashga, egri yo‘lda yurganlarni hushyor tortishga, darsdan qochayotgan bolani ortga qaytishga unday boshladi. Axir, el ichida muhokamaga qolish, teleekranda yoki matbuotda nomi oshkor bo‘lib, uyatga qolishni ko‘pchilik o‘ziga or deb biladi.

Profilaktik chora-tadbirlar natijasida huquqbuzarliklar kamayib, jamiyatda sog‘lom muhit barqarorlashmoqda. Militsiya tayanch punktlari atrofida turli to‘garaklar, kichik biznes shoxobchalari hamda sport maydonchalari barpo etilgani yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga yordam berib, ishlar samaradorligi oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotir.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan har bir xonadondagi vaziyatni o‘rganish bilan birga pasport-viza qoidalarga rioya etish ahvoli ham nazoratga olingan. Bu borada barcha sohaviy xizmat vakillari jalb qilingan keng qamrovli “Tozalash” tadbiri uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Tadbir davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotir. Ko‘cha va jamoat joylarida jamoat tartibini buzgan yoki shubha uyg‘otgan shaxslar ichki ishlar organlariga olib kelinib, ro‘yxatga olindi. 634 qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olindi.

Bayram sayillari o‘tkaziladigan joylar, uning atrofidagi subyektlar, aholi turar joylari hamda boshqa maskanlarning yong‘inga qarshi holati tekshirib chiqildi. Natijada yong‘in sodir etilishi mumkin bo‘lgan mingdan ziyod bino va inshoot aniqlanib, tegishli chora ko‘rildi. 6,2 ming nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi. Olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi talablarini buzgan 2,6 mingdan ortiq mas’ul shaxsga tegishli tartibda 189 million so‘m jarima solindi.

Navro‘z ayyomi oldidan har bir qishloq va mahallada, ayniqsa, mamlakatimizning chegara hududlarida hushyorlik va ogohlikka chorlovchi targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari ham o‘tkazilmoqda. Huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash mavzularidagi uchrashuvlar, suhbatlar shular jumlasidandir.

Bayram kunlari yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois yo‘llarning holatini yaxshilash, svetofor va yo‘l chiziqlarini yangilash yuzasidan salmoqli ishlar bajarildi. 2017-yil 15-martdan Toshkent shahrining 115 chorrahasiga o‘rnatilgan kameralar va shahar yo‘llaridagi radarlar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar to‘ldirilishi va jarimalar yuborilishi boshlandi. Bu haydovchilarning ogohligini oshirib, yo‘llarda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etish mas’uliyatini kuchaytirishi shubhasiz.

Shu kunlarda 2016-yil 17-sentabrda matbuotda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi. Mazkur qonun nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid muhim huquqiy asos, balki fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga puxta zamin yaratdi. Jamiyatda qonun ustuvorligi, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasida yangi bosqichni boshlab berdi.

Qonunda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari sifatida birinchi bo‘lib fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mustahkamlangani zimmamizga alohida mas’uliyat yukladi. Ichki ishlar organi va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlar ham tartibga solingani muhim jihatdir. Bundan buyon ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi lozim. Fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi kerak. Ichki ishlar organi xodimi fuqaroni diqqat bilan eshitishi, o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘rishi yoxud qo‘yilgan masalani hal etish kimning vakolatiga kirishini tushuntirishi shart.

Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda jamoat xavfsizligi, osoyishtalik ta’minlanmoqda. Buni yanada mustahkamlash, tinch-osoyishta hayotimizni asrab-avaylash har birimizdan ogoh va hushyor bo‘lishni talab etadi. Zotan, elu yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash nafaqat ichki ishlar idoralari xodimlarining, balki har bir fuqaroning burchidir.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 646






Все о погоде - Pogoda.uz