O‘zA O`zbek

25.08.2018 15:58 Chop etish versiyasi

Tinch va farovon yurtda taraqqiyot boʻladi

Tinch va farovon yurtda taraqqiyot boʻladi

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini, jumladan, roʻy berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarni xalqimiz oʻz hayoti farovonligida koʻrmoqda.

Ayniqsa, odamlarning turmushini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ilgʻor biznes gʻoyalarni ragʻbatlantirish, ish oʻrinlari yaratish, yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlardan Sirdaryo aholisi ham juda mamnun.

Viloyatda keyingi yillarda ulkan bunyodkorlik-qurilish ishlari amalga oshirildi. Hududning investitsiya salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy investorlarga qulay sharoit yaratish masalasi ham doimiy eʻtiborda. Jumladan, 2018-2019-yillarda 230 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb etish boʻyicha 23 loyihani amalga oshirish belgilangan. Bu 2,8 ming ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 21-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlardan keyin qiymati 114,2 million dollar boʻlgan 4 qoʻshimcha loyiha shakllantirildi. 421 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida 4 istiqbolli loyihani amalga oshirish yuzasidan chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Hozirgi kunga qadar 25 dan ortiq xorijiy kompaniya bilan viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi. Buning natijasida Boyovut tumanida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “NSJ Injiniring Boyovut” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Mazkur korxona tomonidan 2018-2022 yillarda viloyatga 300 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritiladi va 10 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Singapur davlatining “Indorama” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Oqoltin va Sardoba tumanlarida jami 30 ming gektar yer maydonida paxta klasteri tashkil etish rejalashtirilib, shunga oid qaror loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun kiritilgan. Xitoyning “Kyubey indastri” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan Sayxunobod tumanida qiymati 10 million dollarlik gʻoʻzapoya va qamishdan qurilish materiallari (DSP) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish moʻljallanmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatga 30,2 million dollarlik xorijiy nnvestitsiya jalb etilib, anorni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Dehqonobod asl anori” MCHJ hamda energiya tejamkor yoritgichlar ishlab chiqarishga moʻljallangan “Flay led grup” qoʻshma korxonasi toʻliq ishga tushirildi.

Mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan faqat keyingi ikki oyda 10 dan ortiq qaror qabul qilingani investitsiya masalasiga nechogʻli katta eʻtibor qaratilayotganining dalolatidir.

Sirdaryo viloyati delegatsiyasi tomonidan 2017-2018-yillarda Germaniya, Xitoy, Qozogʻiston va Turkiya davlatlariga uyushtirilgan xizmat safarlari davomida 31 ta loyiha boʻyicha 293 million dollarlik xorijiy investitsiyani jalb etish yuzasidan memorandum hamda 1 ta 1,2 million dollarlik eksport kontrakti imzolandi. Ushbu kelishuvlar natijasida bugungi kunda 2 ta loyiha doirasida qariyb 1 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida joriy yil 22-27-iyul kunlari viloyat hokimining oʻrinbosarlari boshchiligidagi tadbirkorlardan iborat delegatsiya Turkiya davlatida xizmat safarida boʻldi.

Delegatsiya Anqara shahar gubernatori hamda turkiyalik ishbilarmonlar bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, qurilish mollari hamda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Natijada 10 ta memorandum imzolandi, 13 ta memorandumning yuridik asoslari koʻrib chiqilmoqda. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Yuqorida qayd etilganidek, viloyatda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga ham alohida eʻtibor qaratilmoqda. Jumladan, Guliston shahrida sharqona uslublar asosida Motamsaro ona haykali xiyoboni barpo etildi. 9 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan xiyobondagi haykal poyiga yotqizilgan marmar plitalar oʻrtasiga “mangu olov” oʻrnatildi. Turli manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekilgan xiyobon oʻzida zamonaviy arxitektura va meʻmorchilik anʻanalarini toʻliq mujassam etgan ikkita keng ayvondan iborat. Ayvonda oʻrnatilgan “Xotira kitobi”da Ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlarida halok boʻlgan 3 ming 770 dan ortiq sirdaryolik yurtdoshimizning ism-sharifi bitilgan.

Guliston shahrining Islom Karimov koʻchasidagi xiyobon qayta rekonstruksiya qilindi, Alisher Navoiy nomidagi “Bilimdonlar markazi“ ish boshladi. Majmuada viloyat aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu yerda bitta kitob va bitta gul doʻkoni, kitobxonlar uchun maxsus ayvonlar barpo etildi. Davlatimiz rahbari joriy yil may oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida ushbu markazda viloyatning ijodkor ziyolilari, ijtimoiy soha vakillari hamda yoshlar bilan uchrashgan va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan edi.

“Yurt bayrogʻi” – viloyat markazida barpo etilgan zamonaviy maydon boʻlib, u turli manzarali daraxtlar, turfa gullar va musiqali favvorani oʻzida mujassam etgan gʻoyat koʻrkam xiyobondir. Maydon markaziga balandligi 22,5 metrlik Oʻzbekiston bayrogʻi oʻrnatilgani bois u “Yurt bayrogʻi” deb nomlangan.

Prezidentimiz tashabbusi asosida xitoylik hamkorlar bilan birga Sirdaryo tumanida “Oʻzbekiston – Xitoy doʻstlik bogʻi” barpo etildi. Ushbu maskan davlatimiz rahbarining tavsiyasi bilan shunday ataldi. Loyiha doirasida 14 gektar hudud obodonlashtirilib, zamonaviy bino va inshootlar, bogʻ, stadion, suzish havzasi, dekorativ Xitoy ayvoni, bolalar attraksionlari, mehmonxona, oʻquv markazi, supermarket, xitoy va oʻzbek milliy taomlari oshxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzaro hamkorlikda yaratilgan mazkur muhtasham maskan xitoy va oʻzbek xalklari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va madaniy-maʻnaviy aloqalar, iqtisodiy hamkorlik kabi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Joriy yilda viloyatda namunaviy loyihalar asosida 904 ta arzonlashtirilgan uy-joy qurilishi belgilangan. Ayni paytda mazkur uy-joylarning qurilish ishlari toʻliq yakuniga yetkazildi. Kam taʻminlangan va ehtiyojmand oilalar muammolarini aniqlash, ijtimoiy soha obyektlari, eng avvalo, sogʻliqni saqlash, taʻlim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat koʻrsatishini taʻminlash boʻyicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Viloyatda xalqaro va xorijiy moliya institutlarining kreditlari hisobidan 2018-yilda jami 21,4 million dollarlik obyektlar qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilib, bugungi kunda 15,2 million dollar miqdoridagi mablagʻ oʻzlashtirildi. Jumladan, tuman va shaharlarda ichimlik suvi taʻminotini yaxshilash hamda kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish maqsadida 8,6 million dollarlik ish bajariladi. “Farhod” gidroelektrostansiyasida 2,8 million dollarlik modernizatsiya ishlari hamda “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasining energo bloklarini modernizatsiya qilish boʻyicha 10 million dollarlik ish amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sirdaryo viloyati mirishkorlari davlatga pilla va gʻalla sotish shartnoma rejasini ortigʻi bilan uddaladi. Bobo dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilayotgan gʻoʻzaning hosil yigʻishi ham baravj.

Eng muhimi, Sirdaryo viloyati aholisi qalbida bugunidan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuygʻusi mustahkam. Bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik tufaylidir. Zero, tinchlik va farovonlik egiz tushunchalar boʻlib, bunday yurt odamlarining koʻnglida xotirjamlik, ishida unum boʻladi.

Muxtasar aytganda, sirdaryoliklar ham eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27-yilligi shodiyonalarini koʻtarniki ruhda kutib olishga puxta hozirlik koʻrmoqda.

Gʻofurjon Mirzayev,
Sirdaryo viloyati hokimi

OʻzA
2 040