O‘zA O`zbek

01.05.2018 15:09 Chop etish versiyasi

Tinch o‘tgan har bir kun – bayram

– Prezidentimiz qarori bilan Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni eshitib, ko‘zlarimga yosh keldi. Qarorda faxriylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning yashash sharoitini yaxshilash, holidan xabar olishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklariga ko‘ra, o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga kuzatuvchi bilan safarini tashkil etish, degan jumlani nevaram o‘qib berar ekan, dahshatli janggohlar ko‘z oldimga keldi... Bir ko‘nglim yumshaydi, bir g‘ururlanaman. Vatan, tinchlik uchun qo‘lga qurol olganim bir yon bo‘lsa, begunoh farzand dog‘i minglab onaizorlarni adoi tamom qilgani dilimni o‘rtaydi...

Bu Navoiy shahridagi Hayot mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ibrohim bobo Ismoilovning so‘zlari. Otaxon har tong farovon kunlarga yetganiga shukrona aytib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, farzandu nabiralari haqqiga duo qiladi.

Otaxonning erkatoy evarasi Murodjon bobosining bugun ertakka o‘xshab tuyulgan, aslida dahshatli bo‘lgan urush xotiralarini takror-takror aytib berishni so‘raydi. U kunlar iztirobini bolakay bilmaydi-da. 

– Urushda razvedkachi bo‘lganman, – deydi bobo. – Bu juda mas’uliyatli va mashaqqatli ish edi. Ba’zan 500 metr, hatto kilometrlab masofani emaklab o‘tishga to‘g‘ri kelardi. U vaqtlarda juda g‘o‘r edim. Endi 19 yoshga kirgan yigitcha edim-da. Bizni asragan yagona kuch – qaytishimizga ko‘z tikib o‘tirgan ota-onalarimizning duosi bo‘lsa kerak. Men buni keyin anglab yetganman. Shu bois yoshlarni duo qilishdan hech charchamayman. Dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytaman. Aslida, tinch va xotirjam o‘tgan har bir kunimiz – bayram. Buning qadriga yetish kerak.

Urushning oxirgi yilida oyog‘idan og‘ir yaralangan Ibrohim davolangach, uyiga qaytishi mumkin edi, biroq u qaytmadi. Yana janggohga yo‘l oldi. G‘alabadan so‘nggina yurtiga qaytdi.

Umrini qurilish va bunyodkorlik ishlariga bag‘ishlagan otaxonning xonadoni doimo gavjum. Ayniqsa, bayram kunlari to‘qqiz farzand, ellikdan ortiq nevarayu chevaralar yig‘ilsa, bilmaganlar bu yerda to‘y bo‘lyapti-yov, deb o‘ylaydi.

Ayni dorilomon kunlarda oila davrasiga fayz bag‘ishlab turgan otaxonning qo‘llari hamon duoda, bugungi farovon turmushga shukrona keltiradi. Bunday ezgu tilaklar esa, albatta, ijobat bo‘ladi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 574