Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 16:22 Chop etish versiyasi

Tilsiz yovga qarshi kurashish hamjihatlikni talab etadi

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan yong‘inlar profilaktikasi tadbirlarida zudlik bilan bartaraf etilmasa, yong‘in sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan 6 bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 214 elektr uskunasi va agregatdan foydalanish taqiqlandi.

Mahalla, aholi yashash joylari, korxona va tashkilotlarni o‘rganish davrida yong‘in o‘chirish avtomobillarining o‘tish joylariga noqonuniy o‘rnatilgan 31 sun’iy to‘siq olib tashlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 23-maydagi “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar tilsiz yov bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish, fuqarolar hayoti va mol-mulkini ishonchli himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

– Mamlakatimizda yong‘in xavfsizligini ta’minlash va yong‘inlarning oldini olish, unga rioya etish qoidalarini keng targ‘ib qilish nafaqat soha xizmatchilari, balki barchamizning muhim ishimizdir, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish guruhi inspektori, katta leytenant Farhod Toshboyev. – Boshqarmamiz tomonidan joylardagi davlat yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Rejaga muvofiq boshqarmaning sohaviy xizmatlari va shahar, tuman IIB xodimlari ham yong‘inlar profilaktikasi tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qilish organlari, favqulodda vaziyatlar, gaz ta’minoti, elektr energiyasi idoralari, ta’lim-tarbiya va davolash muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Hamkorlikda olib borilayotgan bu kabi tadbirlar samarasida yong‘in bilan bog‘liq turli noxush holatlarning oldi olinib, yong‘inlar soni kamayishiga erishilmoqda.

Viloyatda davlat tasarrufidagi 360 dan ortiq obyekt qonunga muvofiq tekshirildi. Yuzga yaqin tadbirkorlik subyektiga tegishli obyektda yong‘in profilaktikasi ko‘rigi o‘tkazildi. Aniqlangan 2 ming 150 dan ziyod kamchilikning 2 mingga yaqini bartaraf etildi. Aholi punktlarida olib borilgan tushuntirish ishlari davomida aniqlangan 8 mingga yaqin kamchilikning 7 ming 500 dan ortig‘ini yong‘in xavfsizligi qoidalariga mos ravishda hal etishga erishildi.

O‘tkazilayotgan tadbirlarda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining ko‘rsatmalarini bajarmayotgan mas’ul shaxs va fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilmoqda. Masalan, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasining Surxondaryo filiali, Termiz tumanidagi “Toirjon” xususiy kichik korxonasida yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi, mas’ul shaxslarga tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. Aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etildi.

Termiz shahridagi Ma’rifat mahallasida o‘tkazilgan yong‘inlar profilaktikasi tadbirida fuqaro Tojinor Tursunova xonadonida belgilangan miqdordan ortiq tez alanga oluvchi benzin yoqilg‘isi saqlanayotgani va ochiq elektr energiyasi simlaridan, Oltinsoy tumani Sayrak mahallasidagi Shahlo Qurbonova oilasida vaqtincha elektr simlar va xavfli nosoz elektr moslamalaridan foydalanilayotgani aniqlanib, qoidabuzarliklar tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

– Bunday holatlarga barham berish uchun ishchi-xizmatchilar, xonadon sohiblari bilan suhbatlar tashkil etib, yong‘in xavfsizligi va uning oldini olish choralari to‘g‘risida atroflicha tushuncha berilmoqda, – deydi viloyat IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi yong‘in nazorati va profilaktika bo‘limi muhandisi Sherali Sayidaliyev. – Yilning o‘tgan davrida korxona, tashkilot va muassasalarda, xususiy sektor obyektlarida 15 mingga yaqin ishchi-xizmatchi bilan 450 dan ortiq suhbat o‘tkazildi. Joylarda uyma-uy yurib o‘tkazilayotgan yong‘inlar profilaktikasi tadbirlarida 90 mingga yaqin xonadon egalariga yong‘in xavfsizligiga rioya etish yuzasidan zarur yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi. Xonadonlarda aniqlangan kamchiliklarning kelib chiqishi va ularni bartaraf etish bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida 179 fuqaro muhokama etildi. Biroq o‘ta muhim bu ishga hali-hamon mas’uliyat bilan yondashmayotgan javobgar shaxslar va fuqarolar borligi achinarlidir. Viloyatda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining ko‘rsatmalarini bajarmagan yuzga yaqin javobgar shaxs va fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgani bunga yaqqol misoldir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 315






Все о погоде - Pogoda.uz