O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Tilini asragan – elini asraydi

Tilini asragan – elini asraydi

21-oktyabr – oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida bayram tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham “Tilini asragan – elini asraydi” mavzuida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Rustam Hotamov, IIV Faxriylar kengashi aʼzolari, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va bir qator sohaviy xizmat vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda oʻzbek tiliga koʻrsatilayotgan eʼtibor va kundalik hayotimizda undan toʻgʻri foydalanishimiz kerakligi xususida alohida toʻxtalib oʻtdi. Ona tilimizning kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, jamiyatimizdagi beqiyos oʻrni va taraqqiyoti haqida maʼruzalar tinglandi. Oʻzbek tili goʻzal va juda boy til boʻlib, uni hurmat qilish va saqlab qolish har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbir davomida isteʼfodagi polkovnik Abdugʻaffor Sattarov va jurnalist Sadriddin Shamsidinovlarning hammuallifligida yozilgan ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov hayoti haqidagi “Bir umrlik jasorat” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

– Til bizning benazir boyligimiz, xalqimizning urf-odati, uning turmush tarzi, madaniyati va tarixini namoyon qiluvchi asosiy muomala vositasidir, – dedi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Toʻlagan Abdullayev. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi qarori ushbu qutlugʻ sana yurtdoshlarimiz oʻrtasida yanada bayramona nishonlanishiga sabab boʻldi. Bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, oʻzbek tilimizning yanada taraqqiy topishi, yosh avlodning tilimizni puxta oʻrganishga boʻlgan masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda kitob yarmarkasi ham tashkil etilib, tashrif buyurganlar oʻzlarini qiziqtirgan adabiyotlarni xarid qildi.

639
G.Boboyeva, OʻzA