O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Tilini asragan – elini asraydi

Tilini asragan – elini asraydi

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida shu mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda tilshunos olimlar, taniqli ijodkorlar, ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va tinglovchi-kursantlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir so‘z olganlar ona tilimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, o‘tgan yillar mobaynida sohaga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.

Darhaqiqat, har qanday xalqning, millatning ravnaqi, avvalo, tilining mavqei bilan belgilanadi. Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi va tarixidan ham darak beradi. Bundan o‘ttiz yil avval – 1989 yilning 21 oktabrida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligi ona tizimizning jamiyat hayotidagi mavqeini huquqiy jihatdan mustahkamlashga muhim poydevor bo‘ldi.

O‘tgan yillar mobaynida ona tilimizni rivojlantirish, uni asrab-avaylash, yosh avlod ongida tilga cheksiz faxr, hurmat va mehr tuyg‘ularini singdirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbek tilining tarixini o‘rganish, nufuzi va ahamiyatini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar olib borildi. Ko‘plab adabiyotlar, darslik va qo‘llanmalar, lug‘atlar chop etildi.

Ayniqsa, Prezidentimizning joriy yil 4 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga muhim turtki bo‘ldi.

Mazkur qarorda qayd etilganidek, “dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni e’tirof etib, o‘zbek tilining mavqeini yanada yuksaltirish, tilshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Akademiya badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va she’rlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

563
O‘zA