O‘zA O`zbek

14.10.2019 Chop etish versiyasi

Tilimizning ko‘rkamligi, boyligini tarannum eta olsak, birligimiz mustahkam bo‘ladi

Tilimizning ko‘rkamligi, boyligini tarannum eta olsak, birligimiz mustahkam bo‘ladi

Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi.

Suvsiz daryo bo‘lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Biror millatga mansub bo‘lgan til, o‘sha millat bilan yashaydi va bardavom bo‘ladi. Ota-bobolarimiz qadimdan tilni asrab avaylashgan, rivojlantirishgan.

Insonning ma’naviy saviyasi uning tilida, chiroyli nutqida namoyon bo‘ladi. Til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’analari unda mujassam bo‘ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak. Darhaqiqat, tilsiz millat rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi.

Barchamizga ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 4 oktabr kuni “Davlat tili haqida“gi (1989 yil 21 oktabr) qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”, — deyiladi hujjatda. Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida - davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro miqyosda o‘zbek tilining jozibasi yanada oshib, minbarlardan baralla yangramoqda. Bugungi kunda xorijda o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish tobora kuchayib bormoqda. 

Masalan, Yaponiyaning 8 universiteti, Turkiyaning 18 universiteti Amerikaning 8, Germaniyaning 4 universiteti, Janubiy Koreyadagi 2 universitetda hamda Xitoydagi Millatlar universitetida o‘zbek tili o‘qitiladi. Albatta, bu o‘z navbatida o‘zbek tilining dunyo hamjamiyatida obro‘sini yanada oshib borayotganligini xorijiy olimlar tomonidan Ona tilimizga bo‘lgan qiziqish kuchayayotganligini namoyon etadi. Shuni tan olib aytishimiz kerakki, yutuqlarimiz bilan birga kamchilliklarimiz bor. “Davlat tili to‘g‘risida“gi qonun qabul qilinganiga 30 yil bo‘ldi. Bu davr ichida biz o‘z tilimizni to‘laqonli davlat tiliga aylantira olmadik. O‘zbek tilini xohlagan odam o‘rganadi, xohlamagan o‘rganmaydi. Bunday holatda biz tilimiz obro‘sini ko‘tara olmaymiz. 

Tilimizga bo‘lgan hurmatimiz haminqadar. Mana, masalan, Janubiy Koreya yoki AQShga ishga ketish uchun avval uning tilini, tarixini o‘rganib, imtihon topshirib, shu tilni biladi, degan sertifikatni olib, keyingina ketamiz. Ammo nega O‘zbekistonda yashab, O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, o‘zbek tilini bilmaymiz? O‘rganishni istamaymiz? Vaholanki, butun dunyoda rasmiy davlat tili o‘rganilishga majbur! To‘g‘ri, Konstitutsiyamiz va “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning ona tilining erkin qo‘llashini cheklamagan. Ammo Davlat tiliga bo‘lgan hurmat bunday erkin va ixtiyoriy bo‘lmasligi kerak. Biz boqibeg‘amlik qildik. O‘zbekiston hududi o‘zbek tilining makonidir. Hech bir rivojlangan davlatda boshqa bir til davlat tili bilan barobar qo‘llanilmaydi.

Tilning sofligini saqlash uchun ham kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi lozim. Tilni avvalo, o‘zimiz, har bir o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi hurmat qilishi kerak. Yana bir narsa kishi dilini xira qiladi. Bugungi kunda ko‘plab jamoat joylarida e’tiborimizni tortadigan voqea yoshlarimiz suhbatlarida o‘zbek tiliga ruscha yoki boshqa tillarni aralashtirib gapirishadi. 

Hech e’tibor berganmisiz? Nega birorta yapon yapon tilini, birorta turk turk tilini buzib gapirmaydi? Boshqa davlatlarda ham shunday


. Chunki ular o‘z ona tiliga topinish darajasida qaraydi. Biz ham tilga shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak. Buning uchun maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida ona tilini o‘qitish va targ‘ib qilish kuchayishi, qat’iylashishi, bir so‘z bilan aytganda, ona tilimiz kuchli himoya qilinishi zarur. Ommaviy axborot vositalarida ham til haqida chiqishlar faqat “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun arafasida emas, doimiy bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Til muloqot vazifasi ham hisoblanadi. Hammamizga ma’lumki, Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so‘z bil”. Ya’ni, inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti so‘zdir. O‘zbek tilining so‘zlari shu qadar ma’noli, boyki, bitta ma’noga ega bo‘lgan tushunchani, bir necha so‘zlar orqali ifodalash mumkin. Masalan, birgina ko‘z so‘zining bir necha ma’nolari bor. Bilamizki bir tushunchaga tegishli so‘z, bir necha so‘zlar bilan ifodalansa, ya’ni sinonim so‘zlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, ayni shu til boy til hisoblanadi. Ko‘plab adiblarimiz til haqida hikmatli so‘zlarni aytganlar va tilni turlicha ta’riflaganlar. Masalan, “Til-millat ko‘zgusi”, “Til-ma’naviyat ko‘zgusi”, “Til-millatning bebaho boyligi” va shu kabilardir. 

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etishi bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratib berdi. 

Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNESKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 minggacha bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 ming til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. 

Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta’lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun Internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muomalada bo‘lib, ma’lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan.

Yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan tillarning saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta’minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi.

Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomila vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi.


Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. 

Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250 taning ichida ekani quvonarli, albatta. Ana shunday yutuqlardan quvongan holda, biz o‘z ona-tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. “Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum eta olsak, millatimiz yanada charog‘on va birligimiz mustahkam bo‘ladi. Zero, biz uchun aziz ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan tilimizni jozibasini saqlash va asrab-avaylashimiz har bir Vatandoshimizni muqaddas burchi ekanligini anglashimiz lozim.

Mansur Musaev, 
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi, 
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktor

2 075
O‘zA