O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Tilimizni asraylik!

Tilimizni asraylik!
Ona tilim – oltin sandigʻim

Hazrat Navoiyning “Soʻzdurki, nishon berur oʻlikka jondin, soʻzdurki, xabar berur jongʻa jonondin” degan misralari maʼlum va mashhurdir. Shu maʼnoda biz soʻzni ilohiy bir neʼmat deb baholasak boʻladi. Rost-da, agar shu neʼmat boʻlmasa, holimiz ne kechar edi.

Nazarimizda, insonni inson aylagan eng ulugʻ mukofot bu soʻzdir, aniqroq aytadigan boʻlsak, ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan aziz va muqaddas tilimizdir.

Men Ohangaron tumanida katta boʻlganman. Shu yerda suyagim qotgan. Shu elning ertaklari, laparlari, oʻlanlarini eshitib ulgʻayganman. Odamlarning oʻziga xos suhbat yoʻsini koʻnglimga olam-jahon nur bagʻishlagan. Xalqning shu ulugʻ merosini kuzatib, u bilan hayotini bogʻlagan inson sifatida aytishim mumkinki, bunday ulugʻ, jozibador, boy, goʻzal tilimiz bilan har qancha faxr etsak boʻladi.

Nadomatki, tilimizning qadriga yetmaydiganlar, hatto uni kamsitadiganlar toifasi ham paydo boʻlib qoldi. Bu nihoyatda qaygʻuli, gʻamgin hodisadir. Albatta, bunga oʻzimizning ham aybimiz bor. farzandlarimizga tilimizdan faxr etish tuygʻusidan saboq bermadik. Ular oʻz tilimizni unutish hisobiga boshqa tillarni oʻrgansa, xursand boʻldik, olqishladik. Avval oʻz tilingni bil, keyin boshqa tillarni oʻrgansang yarashadi, deb aytmadik. Jadid bobolarning ikki til emas, toʻrt til lozim, degan hikmatli soʻzlarini teran tushunib yetmadik.

Yana jadid bobolarning fikrlariga kelamiz: haq berilmas – olinur. Xoʻsh, bu oʻrinda haq qanday olinadi. Menimcha, farzandlarimizga ilmiy, adabiy, maʼrifiy merosimizni chuqur oʻrgatish bilan bu ezgu ishni amalga oshirsak boʻladi. Farzandlarimizni boshqa tillarga ixtisoslashgan bogʻcha-maktablarga berishdan oldin ularga oʻzbek tilidek ulugʻ tilni oʻrgataylik. Ular bilsin, bu til uni dunyoga kelishiga sabab boʻlgan ota-onasining tili. Uning hurmatini joyiga qoʻyish chin farzandlik burchdir. Farzandlarimiz “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra” kabi dostonlarimizni, “Uch ogʻa-ini botirlar”, “Ur toʻqmoq”, “Zumrad va Qimmat” kabi ertaklarimizni oʻqib-eshitib, “Choʻli Iroq”, “Munojot”, “Lazgi” kabi kuy-qoʻshiqlarimizni tinglab ulgʻaysin. Yoshlarimiz Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva kabi adiblarimizning merosidan bahramand boʻlib ulgʻayishi zarur va shart. Ana shundagina bolalarimiz qalbida milliy gʻurur, iftixor tuygʻusi shakllanadi. Va ular tillarini hurmat qiladi, oʻz ona tilini mukammal oʻrganadi. Zero, oʻz tilini eʼzozlamagan kishi boshqalarning tilini hurmat qilishni bilmaydi.

Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga oʻttiz yildan oshdi. Keyingi yillarda tilimizga eʼtibor yana ham kuchaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 21-oktyabr sanasi Oʻzbek tili bayrami sifatida nishonlanadigan boʻldi. Endi barchamiz jipslashib, bir maqsad va maslak yoʻlida birlashib, jahon miqyosida tilimizning mavqeini oshirish yoʻlida astoydil harakat qilmogʻimiz kerak. Davlat va nodavlat tashkilotlari, barcha idoralar oʻzbek tilida ish yuritishi shart ekani qonun bilan mustahkamlanishi lozim. Bunga amal qilmaganlar esa qonun oldida javob berishi kerak. Biz bu kabi qonun va qarorlar chiqarishda, oʻz mamlakatimizda oʻz ona tilimizda soʻzlashish hamda ish yuritishda eʼtiroz yoki qarshilik bildirganlarga munosib javob berishimiz lozim. Bunga shunchaki qarab turishga aslo haqqimiz yoʻq.

Shayx Muhammad Gʻazzoliy aytganidek, oʻgʻri jurʼatli va uy egasi qoʻrqoq boʻlsa, uy ilojsiz qoʻldan boy beriladi. Oʻz uyimizda turib, uni himoya qila olmasak, kelajak avlod oldida kechirilmas xatoga yoʻl qoʻygan boʻlamiz. Alloh shundan asrasin. Tilimizni asraylik, azizlar!

Toshpoʻlat MATKARIMOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist.

9 900
OʻzA