O‘zA O`zbek

12.10.2019 Chop etish versiyasi

Tilimiz yubileyiga bagʻishlandi

Tilimiz yubileyiga bagʻishlandi
Ona tilim – oltin sandigʻim

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.

Biz ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida ishlashimiz zarur.

2019-yil 21-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganiga oʻttiz yil toʻladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan oʻtgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi.

Ushbu muhim sanaga bagʻishlab Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan markazning Toshkent shahar boʻlimi va Yunusobod tuman boʻlinmasi bilan hamkorlikda “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda shoir va yozuvchilar, artistlar, ziyolilarning vakillari ona tilimizning hayotimizdagi oʻrni, uning ahamiyatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida gapirdi.

Shuningdek, tadbirga Yunusobod tumanidagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining ijodiy chiqishlari, badiiy havaskorlarning kuy-qoʻshiqlari zavq bagʻishladi.

Tadbir doirasida kitoblar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

1 409
M.TOSHQORAYEVA, O.GʻULOMOV (surat), OʻzA