Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 08:10 Chop etish versiyasi

Tilimiz davlat himoyasiga muhtoj...mi?!

Erkin fikr

Kommunistik mafkuraning dahshatli xatolari avvali – ilohiy qonuniyatlarga qarshi chiqqani edi. Fitratan turli xalqlarga, millatlarga ajratib qo‘yilgan odamiyatni bitta xalqqa aylantirib yuborishga bel bog‘ladilar. Bitta til, bitta xalq, bitta mafkura atrofida birlashmoqqa taklif bo‘ldi. Biroq bu hayot rang-barangdir. U shunday yaralgan va bu xilma-xillikda buyuk hikmatlar bor. Hikmatni topmoq uchun esa aql atalmish ne’mat iymon nuri bilan ziynatlanmog‘i lozim.

Ilohiy dasturga zid o‘laroq, bir tillikka aylantirish mafkurasi tagida tildan judo qilish, bu degani, milliy ruhdan ayirish rejasi bor edi. Garchi bu urinish o‘z samarasini bergan bo‘lsa-da, biroq ko‘zlangan natijaga erishilmadi.

20-asrning so‘nggidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat kommunistik mafkuraning avra-astarini ochib tashladi. Tan olish kerak, ayni vaziyatdan o‘zbek ziyolilari ham unumli foydalanib qoldilar. Ya’ni, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilib, “Til to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shu ma’noda bu qonun milliy uyg‘onish mahsuli edi.

Darhaqiqat, ana shu “uyg‘onish”dan meros o‘laroq 24 ta moddadan iborat “Til to‘g‘risida”gi Qonunimiz bor. Uning qabul qilinganiga 28 yil to‘ldi. Lekin biz uni haligacha hayotimizga to‘liq joriy etolmadik. Nega?

Buning ikkita sababi bor: birinchidan, shu paytgacha bu Qonunning bajarilishini hech kim nazorat qilgan emas. Vaholanki, har qanday Qonunning bajarilishini davlat nazorat qilmas ekan, u qog‘ozdan yerga tushmaydi. Til millatning ma’naviy mulki o‘laroq, davlat himoyasida bo‘lishi lozim. Chunki dunyoda neki muqaddas bo‘lsa, u himoyaga muhtoj. Muqaddas narsalarni ijtimoiy muvozanati buzilib ketgan XXI asrda qarovsiz qoldirib bo‘lmaydi. Zero, til – milliy manfaat. Til – millatning borligiga dalil. Shunday ekan, u shu davlatning sarhadlari singari qo‘riqlanishi, muhofaza etilishi lozim.

Ikkinchidan, bu Qonunni buzganga hech qanday jazo yo‘q! Shuning uchun til to‘g‘risidagi Qonunni istagan odam, istagan paytda buzishi, mensimasligi mumkin. Misol uchun, Davlat tili haqidagi qonunning 10-moddasi bunday: “Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi”. Xo‘sh, yuritilmasa-chi? (Yuritilmayapti-ku!) Yuzlab, minglab tashkilotlarning hisob-kitob ishlari hali-hanuz o‘zbek tilida yuritilmaydi. Buning jazosi nima? Vaholanki, bu yerda qonun buzilyapti. Afsuski, buning jazosi yo‘q.

So‘nggi paytlarda e’tibor qilyapsizmi, ko‘cha-ko‘yda ajnabiy so‘zlar “izg‘ib” qoldi. O‘zbek to‘yxonalarining nomini o‘qing: “Vij-vay”, “Firidays”, “Ellegant”, “Verona” va hokazo. Demak, faqat qonun chiqarib qo‘yish bilan ish bitmas ekan.

Demak, tilni davlat himoya qilsin! Xalqqa davlatning o‘zi o‘rnak bo‘lsin! Xo‘p, o‘rnak bo‘layaptimi?

Yaqinda poytaxtimizda "Tashkent City" xalqaro biznes markazi qurilar ekan. Savol: nega u "Tashkent City" deb nomlanishi kerak? Xalqarolik darajasini albatta "City" so‘zi belgilaydimi? Bu mezonni kim yaratgan? Vatanparvarligimiz tutib, shu mezonni buzsak-chi? Xorijdan kelgan tadbirkor kirmay qaytib ketadimi? "City" so‘zining o‘zbekcha muqobili yo‘qmi? Misol uchun, "Toshkentsaroy" yoki "Shoshsaroy" bo‘lsa, kim nima deydi?! Bir paytlar yurtimizda yuzlab karvonsaroylar bo‘lgan. Mag‘ribu mashriqdan kelgan savdogarlar Karvonsaroylarda jam bo‘lganlar. Karvonlardagi mollar shu yerda “reklama” qilingan. Karvonsaroylar turli mamlakatlardan kelgan savdogarlar uchun nafaqat qo‘nimgoh, balki informatsion markaz vazifasini ham o‘tagan.

Axir joy nomlari milliy, tarixiy, jo‘g‘rofiy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak emasmi? Ular milliy mentalitetimizga mos kelishi, O‘Z SO‘Zlarimiz bo‘lishi lozim emasmi?

Xullas, tilimiz bugun tom ma’noda himoyaga muhtoj. Chunki bugun biz istaymizmi-istamaymizmi, shaxsiy manfaat bilan milliy manfaat o‘rtasidagi muvozanat buzilgan bir davrda yashayapmiz. Bugungi murakkab vaziyatda millat o‘z yarasini o‘zi muolaja qilishi uchun yuksak saviya kerak. Afsuski, biz hali bu yuksak darajaga erisholganimizcha yo‘q. Shunday bo‘lgach, bu masalani har kimning o‘ziga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.

Lotin grafikasi – “tashqari”ga darvoza...mi?

Mustaqillikning uchinchi yili “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonun e’lon qilindi. Shu hujjatdagi bitta jumlaga 24 yildan beri tushunmayman: “...o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929-1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik bildirgan istak-xohishlarini inobatga olib...” lotin yozuviga o‘tibmiz. 1929-1940 yillarda qanaqa ijobiy natijaga erishganmiz? Bolsheviklar partiyasi “o‘zbeklar ijobiy natijaga erishsin” deb 13 asr davomida foydalanib kelingan arab grafikasini itqitib, lotin grafikasini joriy qilganmidi? Judayam soddalik qilmayapmizmi? Axir bu qip-qizil siyosat edi-ku! Bu – xalqni savodsizlik girdobiga otish va o‘sib kelayotgan avlodni o‘zi istagan yozuvda savodini chiqarishga qaratilgan harakat edi, xolos. Oradan 11 yil o‘tib, bir avlod to‘la-to‘kis savodi chiqib, shakllangandan keyin “sovet xalqlarini yaqinlashtirish” degan bahona bilan kirill alifbosiga o‘tildi.

Chorak kam bir asrlik tariximiz kirill grafikasida yozildi. O‘nlab avlodlar shu alifboda savod chiqardi. Shu yillar orasida ozmi-ko‘pmi to‘plagan ma’naviy boyliklarimiz shu alifboda inkishof etildi. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida sovetlardan meros qolgan hamma narsadan birvarakayiga voz kechish kasaliga yo‘liqdik. Ana o‘sha “voz kechish” pallasida kirill alifbosi ham qo‘shilib ketdi. Qo‘shilib ketsa mayli edi, ora yo‘lda qolib ketdi. Biz hamon uni sudraklab yuribmiz. Na hurmatini joyiga qo‘yib, bag‘rimizdan joy beramiz, na undan voz kechamiz.

Xo‘p, kirilldan voz kechish bizga nega kerak bo‘lib qoldi?

So‘nggi paytlarda shu savolga javob tariqasida yozilgan o‘nlab maqolalarga ko‘zim tushdi. Bitta gap: lotin grafikasi dunyo bilan yaqinlashtirib, “tashqari”ga chiqish uchun darvoza bo‘lishi mumkin ekan!

Men aytamanki, dunyoga allaqachon chiqib qo‘ygan ulug‘larimiz lotin alifbosi bilan emas, ilmu zakosi bilan yo‘l topdi, sharaflandi. Agar til boy bo‘lsa, mukammal bo‘lsa, har qanday grafikaga moslasha oladi. Gap tilning mukammalligida. Til qashshoqlashsa, imlo har qancha mukammal bo‘lsa ham foydasizdir.

Bugun ora yo‘ldamiz. Ortimizda arab imlosida ming yillik qadim tariximiz, kirill alifbosida sal kam yuz yillik yaqin tariximiz, oldimizda esa navqiron 25 yillik yangi tariximiz turibdi. Xo‘sh, endi buning qay biriga “yukinamiz”? Biz uchun qaysi biriga yuz burmoq xayrli va foydaliroq? Endi har xil gumanniy gaplarni bir chekkaga surib qo‘yib, real hayotga, voqelikka yuzlanishga majburmiz. Ya’ni, lotin yoki kirill grafikasidan birini tezroq tanlashimiz lozim. Agar bu masala ona tilimiz tabiatidan kelib chiqib tanlanadigan bo‘lsa, har ikki grafika ham tilimizga mosligi jihatidan juda katta farq qilmaydi. Biroq lotin imlosida bir qancha qulayliklar borligini ham tan olmay ilojimiz yo‘q. Birinchidan, hali bizda lotin yozuviga o‘zgartirishlar kiritish imkonimiz bor. Ikkinchidan, lotin imlosi jahon yozuviga aylanib borayotganidir.

Darhaqiqat, masalaning ushbu jihatlarini ham nazardan qochirmagan holda hukumatimiz va keng jamoatchilik qat’iy qarorga kelishi lozim.

Savodsizlik bilan muloqot

Bir odam tinimsiz yolg‘on gapiraversa, bora-bora rost so‘z bilan yolg‘on so‘zning farqiga bormay qoladi. Chunki u rost bilan yolg‘onning chegarasini buzib qo‘ygan. Endi u yolg‘on qarshisida zarracha ham istihola tuymaydi, uyalmaydi, qizarmaydi.

Savodxonlik borasida o‘sha “chegara”ni buzib qo‘ygan bechoraga o‘xshab qoldik. “Chegara” bir-ikki kunda buzilgani yo‘q. Bu o‘n yillarga cho‘zilgan loqaydlikning mevasidir. Biz dastlab ikkilanmay savodsizlik bilan muloqot qildik. Asta-sekin u bilan murosa qila boshladik va nihoyat, unga ko‘nikdik.

Matbuot nashrlari, radio, televideniye, ko‘chalarimizdagi muhtasham shiorlar, reklamalar – hammasida chuchmal gaplar, dag‘al, til haqida ozgina tushunchasi bo‘lgan odamning peshonasini tirishtiradigan so‘zlar. Birgina misol: reklamalarda “lazzat” so‘zidan foydalanish shu qadar urchib ketdiki, bu so‘zni odatdagicha qabul qilishga o‘rganib qoldik. Ovqat haqidagi reklamalarda ham “ta’m” yoki “maza” so‘zi emas, aynan “lazzat” qo‘llanilyapti. Shu tariqa nafaqat savodsizlikni, balki behayolikni ham targ‘ib qilayapmiz.

TV va radio boshlovchilarining gaplariga ilon po‘st tashlaydi. “Bo‘lgan” so‘zi bo‘lgan-bo‘lmagan joyda hoziru nozir: “chiroyli bo‘lgan”, “betakror bo‘lgan”, “yoqimli bo‘lgan”. Ichimizda “o‘zing ham rosa bo‘lgan ekansan-da”, deb o‘tiraveramiz.

Bir zamonlar odamlar imlo xatosini gazeta-jurnallarga qarab to‘g‘rilab olardi. O‘quv darsliklaridan imloviy xato izlash shakkoklikdek tuyular edi. Mana, o‘qib turganingizdek, bu gaplarni “bir zamonlar” deb eslaydigan ahvolga keldik.

Savodsizlanish masalasida yana bir muhim nuqta ajnabiy so‘zlarning ma’naviy hayotimizga kirib kelgani bo‘ldi. Biz ularni qanday bo‘lsa, shundayligicha, o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan (o‘zbekona lutf bilan bo‘lishi kerak edi) kutib oldik. Nutqimizga “begona imidj”li so‘zlarni qo‘shib aytishni fazilat sanadik va bu hamon fazilat sanalmoqda. Vaholanki, har qanday begona so‘zga “o‘zbekona ishlov” berish, birinchidan, tilimizni saqlab qolishga, ikkinchidan, ona tilimiz ifodasining boyishiga xizmat qiladi.

Axir hali dunyoning ba’zi xalqlarida muntazam imlo mavjud bo‘lmagan bir paytda bizning bobolarimiz boy lug‘atlar tuzishga muvaffaq bo‘lishgan. Buni hech kimga isbotlab o‘tirishning keragi yo‘q. “Devonu lug‘atit turk”ni oldiga surib qo‘ying, yetarli! Lekin bu buyuk merosni birovning oldiga surib qo‘yishdan ilgari o‘zimiz ham o‘qib chiqishimiz kerak. Mahmud Koshg‘ariyning bebaho asari har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi shart, deb o‘ylayman. Chunki bu kitob turkiy tilning benazir boyliklari jamlangan xazinadir. Uni varaqlab ko‘rgan odam bugun muomalada bo‘lgan so‘zlarning naqadar qadimiy ekanligini ilg‘aydi.

Biz g‘ofillar “Hazrat Navoiyning nabirasimiz” deb ko‘ksimizga urishdan boshqasiga yaramaymiz. Holbuki, Navoiydan yodlaganimiz 3-4 ruboiydan nariga o‘tmaydi. Uning ham mazmunini tuzukroq anglamaymiz. Ulug‘ shoir turkiy va forsiy tillar muhokamasiga bag‘ishlangan “Muhokamatul lug‘atayn” asarida turkiy tilning jozibasi haqida yozar ekan, bitta turkiy so‘zning boshqa tillardan topish mushkul bo‘lgan o‘nlab ekvivalentini topib beradi. Birgina “yig‘lamoq” so‘zining o‘nlab sinonimlarini keltiradi. Lekin bugun navqiron avloddan shu sinonimlarni so‘rab ko‘ring-chi, nechtasini bilishar ekan?

Mayli, Hazrat Navoiy bilan bizning o‘rtamizda sal kam olti asrlik masofa yastanib yotibdi. Bir asr naridagi Cho‘lpon asarlarini asl holicha o‘qish ham yoshlar uchun murakkab bo‘lib qoldi. Bu ketishda yana ellik-oltmish yildan so‘ng yosh kitobxonlar bugungi yozuvchilarimizni ham imlo lug‘atlari yordamida o‘qishsa, ne tong?

Ha, til va imlo masalasi rostdan ham jiddiy. Nutq va so‘z boyligi masalasida nihoyatda qashshoqlashib borayapmiz. O‘spirinlarning o‘zaro suhbatini eshitgan odamning tepa sochi tikka bo‘ladi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqishiga-ku tishni tishga qo‘yib chidaydigan bo‘ldik. Biroq oddiy fikrni ham ravon va tushunarli ifodalay olishmasa, bu endi jiddiy muammo!

Muammoni o‘zimiz yaratayapmiz, kerak bo‘lsa, targ‘ib-tashviq qilyapmiz. Juda oddiy misol keltiraman.

So‘nggi 1-2 yil ichida yurtimizda so‘z erkinligi, tadbirkorlik deganday “ZO‘R” TV degan bir telekanalga asos solindi. Bugungi kunda lof bo‘lsa ham mamlakat yoshlarining aksariyat qismi shu telekanal “mijozi”. Men bu kanalning saviyasi haqida hech narsa demayman, faqat dasturlarining nomlarini sanab o‘taman. Xulosani o‘zingiz chiqarib olavering!

1. “Adrenalin – shou”;
2. “Time of”;
3. “Real xit”;
4. “Bojalar community”;
5. “Garderob”;
6. “Kinotime”;
7. “Indigo”;
8. “Cover up” va hokazo.


Bu jonajon O‘zbekistonimizdagi o‘zbek tilida “faoliyat olib boradigan” telekanalning dasturlari ro‘yxati. Ajnabiy nomdagi, ajnabiy ruhdagi shu kabi dasturlar asrlar davomida millat ruhi bilan qorishib ketgan adabiy tilimizni buzib, bo‘laklab tashlamoqda.

Til – millatni birlashtiradi, bir maslak atrofiga to‘playdi. Bu haqiqatni unutmasligimiz kerak. Va eng asosiysi, bu qadimiy til ajdodlarimizning omonatidir. Biz bu omonatga allaqachon xiyonat qilib bo‘ldik. Shu xatoni tuzatish va millatimizning asriy boyligi bo‘lgan tilni kelajakka bezavol yetkazish to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ko‘rish fursati yetib keldi, degan fikrdaman. Aks holda, “Hifzi lison” deya millatni uyg‘onishga chorlagan ma’rifatparvar zotlarning pok ruhlari chirqiraydi.

Alisher Nazar,
jurnalist

O‘zA
10 209