O‘zA O`zbek

20.08.2018 17:58 Chop etish versiyasi

Tilagim shu: har lahza yonib yashang...

Tilagim shu: har lahza yonib yashang...
Istiqlol ayyomiga ham sanoqli kunlar qoldi. Xalqimiz o‘y-xayolida ko‘tarinkilik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik kayfiyati hukmron. Mustaqillik yillarida ilm ahliga bo‘lgan e’tibor, qo‘llab-quvvatlash yanada kuchaydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Nazarov bilan yangilanishlar, o‘zgarishlar, adabiyotshunoslik, ilm oldida turgan dolzarb masalalar xususida suhbatlashdik.

– Ustoz, oxirgi yillarda yurtimizda barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilib yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar o‘z yechimini topmoqda. Taniqli akademik, adabiyotshunos sifatida emas, oddiy bir fuqaro sifatida mazkur o‘zgarishlarni qanday baholaysiz?

– Yaqinlashib kelayotgan Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik ayyomi yurtimizdagi har bir insonning qalbida xushnudlik uyg‘otmoqda. Hozirgi islohotlar zamirida, avvalo, tinchlik va farovon hayot kechirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yotibdi. Bugungi o‘zgarishlarga esa har bir shaxs o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilmoqda.

Birgina joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga test sinovlari yangi tartibda o‘tkazilgani ham sohada bo‘layotgan o‘zgarishlarga misoldir. Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir” deya juda muhim gaplarni aytgan edi. Hozir ko‘plab tashkilotlarda iqtidorli yoshlar amaliyotga jalb qilingan. Davlatimizning Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyatga molikdir.

Co‘nggi yillardagi o‘zgarishlar tufayli mamlakatimizni xalqaro miqyosda e’tirof etishmoqda. Aholiga qulay sharoit yaratilayotgani ertangi kunimizga yanada ishonch uyg‘otdi. Yurtimiz bo‘ylab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining amalga oshirilishi ham fikrimiz tasdig‘idir. “Obod qishloq” dasturi doirasidagi bunyodkorlik ishlari Jizzax viloyatining Manas qishlog‘idan boshlangan bo‘lsa, bugun mamlakat miqyosida amalga oshirilmoqda.

Qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik munosabatlarining oqilona hal etilishi nafaqat, savdo-iqtisodiy, balki ilm fan, san’at va adabiyot sohasida ham ijtimoiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingani, yurtimizda esa buyuk shoir Abay tavalludi yuqori saviyada nishonlanayotgani, unga atab turli to‘plamlar va kitoblar chop etilayotgani do‘stligimizni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– Adabiyot sohasida-chi?

– Milliy adabiyotimiz masalasida ham iliq fikrlarni aytish mumkin. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Milliy bog‘da ko‘rkam bino qurib berildi. Unga kishining havasi keladi. Shu paytgacha bu tashkilot o‘z binosiga ega emas edi. Yaqinda xalqaro konferensiya o‘tkazildi. O‘zbek adabiyotining xorijiy mamlakatlarda o‘rganilishi, targ‘ib qilinishi va tarjima qilinishi kabi masalalarga bag‘ishlangan bu yirik tadbir kelgusida adabiyotimiz rivojiga xizmat qilishi tabiiy, albatta. Tadbir doirasida xorijiy mutaxassislar ishtirokida “O‘zbekistonda globallashuv muammolarining adabiyotdagi talqini va zamondosh obrazi” mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Unda mavzuga oid ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Albatta, globallashuv masalalarining badiiy adabiyotda yoritilishi hali chuqur o‘rganilgan emas. Adabiyotimizda Chingiz Aytmatovning “Qulayotgan tog‘lar”, “Kassandra tamg‘asi” kabi asarlaridagi kabi globallashuv masalalari chuqur aks etgan asarlar kam. Biroq Pirimqul Qodirovning “Jon shirin”, Shukur Xolmirzayevning "Qadimda bo‘lgan ekan” nomli hikoyasi, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton kabi ijodkorlarning asarlarini o‘rganish uchun dastlabki qadamlarni tashladik.

– Prezidentimiz bir necha bor olimlar, adabiyotshunoslar, akademiklar bilan uchrashdi, ilm-fan oldida turgan muammolar tahlil qilindi, kelgusi rejalar aniq belgilab olindi. Mazkur uchrashuvlarda shaxsan ishtirok etgan inson sifatida fikringizni bo‘lishsangiz.

– Fan olimlari va akademiklar bilan uchrashuv amaliyotning nazariya bilan yana bir butun bog‘lanishiga zamin yaratdi. Tarqatilib yuborilayotgan ilmiy tadqiqot institutlari yana Fanlar akademiyasining tarkibiga qaytarildi.

Prezidentning 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 91 nafar a’zosi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning turli jabhalarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Hamda ilmiy ishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar grant ajratildi, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlarining maoshlari bir necha barobar oshirildi.

Bundan tashqari, yosh avlodning ilmga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish, maktab yoshidan kitobga, ilmga oshno etib tarbiyalash, ularning innovatsion va novatorlik qobiliyatini oshirish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi aytib o‘tilgan edi. Sohada to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ilmiy faoliyatga jalb qilish barobarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda akademik fan salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berib o‘tilgan. Yaqin kelajakda mazkur ishlar o‘z samarasini berishi, shubhasiz.

– Yurtimiz hayotida yangilanishlar shiddati kundan-kun oshmoqda, sohalar rivoji uchun muhim hujjatlar qabul qilinmoqda. Prezidentning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi milliy ma’naviyatimiz rivoji uchun katta voqea bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz...

– To‘g‘risi, kitobxonlikni rivojlantirish borasida alohida qaror, farmoyishning chiqishi g‘oyatda katta yutuq. Aslida kitob o‘qish har kimning shaxsiy ishi. Biroq kundalik yumushlardan biroz vaqt orttirib, kitob o‘qish juda zarurdir. Zero, o‘qigan inson atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga yangicha dunyoqarash, boshqacha ko‘z bilan qarab, o‘z fikri va munosabatini bildiradi. Bugun oilada ota-ona o‘qimishli, ziyoli bo‘lsa, ertaga ular farzandlariga ham kitob o‘qishni, ilm olishni o‘rgatadi. Kitob o‘qiydigan farzandlarimiz oldiga qo‘ygan maqsadi sari doimiy intilishda bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi bor gap. Bunday jamiyatdan ulug‘ olimlar, turli sohalarning bilimdon mutaxassislari yetishib chiqadi. Aslida, mamlakatimizda olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar insonning ichki dunyosini boyitishga xizmat qiluvchi juda katta ma’naviy siyosat ekanligini anglatadi.

– Bugungi kunda adabiy tanqidchilikning o‘rni bir qadar susaygandek. Ayni vaqtda adabiy tanqidchilikning holati, istiqboliga qanday baho berasiz?

– Ilgari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Sharq yulduzi” jurnali 600-700 ming nusxada chop etilgan. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Said Ahmad kabi adiblarimizning kitoblari 100 ming adadda bosilgan. Kitobxonlar asarning keyingi qismini intiqlik bilan kutishardi. Hozirgi kitob nashrlarining adadi 5-10 ming nusxada bosilsa xursand bo‘lamiz.

Adabiy tanqidda Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Vohid Zohidov kabi katta olimlarimizning tajribalari va an’analarini davom ettirib kelayotgan Umarali Normatov, Ibrohim G‘ofurov va Naim Karimovlar ish olib bormoqda. Ushbu sohaga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilib O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylovlarda ikkita o‘rin adabiyot sohasiga ajratildi. Naim Karimov va To‘ra Mirzayev akademik unvoniga sazovor bo‘ldi.

Bir paytlar “tanqidchi yozuvchi uchun xizmat qilishi kerak” degan qarash bo‘lgan. Go‘yo tanqidchi yozuvchi ijodiga bog‘lanib qolgandek, aslida tanqidchilar ham mustaqil fikrlaydigan ijodkor. Yozuvchi badiiy obrazlar orqali hayotiy jarayonlarni ifodalasa, tanqidchining obyekti esa badiiy adabiyot va ayni vaqtda xalq hayoti ham bo‘ladi. Rus shoiri Pushkinni yuksakka ko‘targan Belinskiy, Chernishevskiy kabi insonlar tarixda qolgani ham fikrimiz tasdig‘idir. Hatto Mayakovskiy ham o‘z Belinskiysi bo‘lishini orzu qilgan ekan.

– Zamon qahramoni obrazini yaratish masalasi barcha davrlar adabiyoti uchun eng katta vazifalardan biri bo‘lgan. Bugungi adabiyotimiz o‘z o‘quvchisiga zamon qahramoni obrazini taqdim qila olayaptimi?

– Zamondoshimiz qiyofasi haqida gap ketganda yozuvchilarimiz bu mavzuda dadil izlanish olib borayotgan bo‘lsa ham baribir ular xalqimiz oldida qarzdor. Zamonamizning bugungi matematiklari, tadbirkorlari, sportchi, shifokori yoki boshqa soha vakili aslida qanday? Ijodkorlarimiz ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rsatib berishi kerak. Davlatimiz tomonidan yozuvchi va shoirlarning ijodi uchun ko‘plab imtiyoz, qulayliklar yaratildi. Endi ulardan talab qilinadigani barchasidan unumli foydalanib ishlash, jamiyatimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan, ilg‘or g‘oyalar bilan boyitilgan roman, hikoya va qissalar yaratishdir.

O‘z davrida jadid adabiyoti vakillari ham zamondosh obrazining his-tuyg‘ulari, fazilatlarini ko‘rsatib berishga harakat qilgan va bunga erishgan. Biroq ularda bugungiday sharoit va imkoniyatlar bo‘lmagan. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Otabek ham o‘sha davr uchun zamonaviy qahramon bo‘lib, eskicha qarashlardan yiroq, dunyoda bo‘layotgan voqealarga to‘g‘ri munosabat bildiradigan inson sifatida gavdalangan. Bugun shunday qahramonlar bor asarlarni xalq intiqlik bilan kutayapti.

– Mustaqillik davri adabiyoti xususida gap ketar ekan aksariyat yosh avlodning bilimi, xabardorligi anchayin o‘tmaslashadi. Buning asosiy sabablaridan biri maktab darsliklaridan mustaqillik davri adabiyoti, uning eng sermahsul ijodkorlari hayoti, asarlari tushib qolayotgani emasmikin?

– Fikringizga qo‘shilaman, bugungi umumta’lim maktablari darsliklariga ham mahoratli yozuvchi va shoirlarni kiritish, ularning ijodini yoshlar orasida ommalashtirish zarur. O‘z paytida Oybek, Abdulla Qahhor kabi adiblarimiz hayotligidayoq maktab darsliklariga kiritilgan edi. Hozirgi adabiyot darsliklaridan mutaxassislarning o‘zlari ham yaxshi bilmaydigan ko‘plab yozuvchilar o‘rin olgan. Bunda asosiy e’tibor asarning mavzusi, janridan kelib chiqilgan bo‘lsa ham uning muallifini hech kim tanimaydi. Vaholanki, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonkul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton kabi ijodkorlarimizning hikoyalari o‘quvchini mushohada yuritishga chorlashi, hayotga jiddiy yondashishga undovchi haqiqati bilan ajralib turadi.

Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramini yaxshi kayfiyat, ko‘tarinki ruh bilan nishonlash arafasida turibmiz. Shunday kunlarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni ko‘rib qalbimizdan bir tilak o‘tadi: har lahzada yangilanib, ko‘rkamlashib borayotgan yurt manfaati yo‘lida jonni nisor qilishdan aslo chekinmaylik, yonib yashaylik. Hamisha Vatanimiz xizmatiga kamarbasta bo‘laylik.

Abdulaziz Musayev, Inobat Ahatova, O‘zA
3 538