O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Til yashasa, millat yashaydi...

Til yashasa, millat yashaydi...

Nukusda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari O.Hamrayev va boshqalar xalqimizda “Til – millat koʻzgusi”, “Til yashasa, millat yashaydi”, “Til – millatning bebaho boyligi” degan soʻzlar bejiz aytilmagani, har bir xalqning oʻzligini namoyon qilishida, jamiyat rivojida til gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Til xalqning tarixini, maʼnaviy qadriyatlarini, madaniy merosini, urf-odat va dasturlarini oʻzida mujassam etgan bebaho xazinasi hisoblanadi.

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim oʻrin egallab kelayotgan milliy boyliklarimizdan biridir. Shu bois mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda davlat tilini rivojlantirishga, uni yanada boyitish va sof holida kelajak avlodga yetkazishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi davr talabidan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha ham keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizni chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlarni tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimizning tashabbusi bilan atoqli alloma va adiblarimizning nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilishi bu yoʻldagi yana bir muhim qadamlardan boʻldi.

Albatta, bu oʻz navbatida oʻzbek tilining xalqaro maydondagi nufuzini oshirib, faol muloqot quroliga aylanishiga mustahkam asos yaratmoqda. Xorijiy davlatlardagi koʻplab universitetlar, ilmiy muassasalarda oʻzbek tili markazlarining tashkil etilganligi, ularda oʻzbek tilini oʻrganishga qiziquvchilar sonining tobora ortib borayotgani, Yaponiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi dunyoning taraqqiy etgan davlatlari oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tilining oʻrgatilayotganini taʼkidlash joiz.

Bu kabi tadbirlar davlat tiliga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yanada oshirish bilan birga, uning bundan buyon ham rivojlanishiga, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda oʻzbek tili va adabiyoti fanidan oʻtkazilgan koʻrik-tanlovlar gʻolibi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining bir guruh oʻqituvchilari taqdirlandi.

Tadbirda sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

935
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA