O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Til – xalq qalbi, uning o‘y va maqsadlari aks etadigan ko‘zgu


Ona tilim – oltin sandig‘im 

Mamlakatni uning madaniyati, urf-odatlari, tarixi, xalqi va albatta tili belgilaydi. Zero tilsiz xalq bir kun kelib yo‘q bo‘ladi, tilini asragan esa millatga aylanadi, deb bejizga aytilmaydi. Til jamiyatning oldinga muttasil intilishi, ilm-fan va texnik fikrlar, globallashuv jarayonlarini aks ettiruvchi yangi so‘zlar bilan boyigan holda muntazam rivojlanib boradi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni imzolanganiga ham o‘ttiz yil bo‘ldi. Men o‘shanda talaba edim va yoshlar bu Qonunning qabul qilinishi uchun qanday kurashganini, uni qanday faxr bilan qabul qilganini yaxshi eslayman. Ushbu hujjat o‘zbek tili qo‘llaniladigan sohalar kengayishiga muhim turtki bo‘ldi, ish yuritish muntazam ravishda davlat tilida amalga oshirila boshladi – bu eng katta yutuqlardan biri. Buning samarasida, tilshunoslarning ishi ham ko‘paydi.

O‘ttiz yil davomida mutaxassislar o‘zbek tilining terminologik asosini ishlab chiqdi. Unda barcha sohalarda qo‘llaniladigan tushunchalar paydo bo‘ldiki, bu uning imkoniyatlari kengligidan dalolatdir. Olimlarimiz tomonidan til tarixi, fonetika, leksika, stilistika, dialektologiya va lingvistikaning boshqa sohalariga oid ko‘plab dolzarb tadqiqotlar olib borildi. Ular 50 dan ziyod amalga oshirilgan fundamental ishlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ular orasida 80 mingta so‘z va iborani o‘z ichiga olgan o‘zbek tilining besh jildli izohli lug‘ati bebaho xazinalardan biri sifatida ajralib turadi. Biz ilgari o‘tgan asrning 80-yillarida yaratilgan ikki jildli lug‘atdan foydalanardik. Bunda esa, tilimizning qay darajada boyigani o‘z aksini topgan. Shuningdek, yangi nazariy asosda imlo lug‘ati, klassik adabiyotlar va Navoiy asarlari tili, ikki va uch tilli lug‘atlar ham tayyorlangan. 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda boshqa fanlar qatorida dunyo tilshunosligining ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlari ham rivojlandi. Turli tillarning o‘ziga xos xususiyatlarini taqqoslaydigan qiyosiy tilshunoslik ham ancha rivoj topdi, bunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy madaniyat, mentalitetning o‘ziga xos xususiyatlari nutqda nechog‘lik ifodalanishini o‘rganadigan hamda muayyan bir tilni o‘rgangunga qadar yoki ushbu til bilan hamohang o‘rganilishi kerak bo‘lgan fan ham ommalashdi. Zero, hammaga ma’lumki, turli mamlakatlardagi ingliz yoki rus tili ma’lum tafovutlarga ega.

Men anchadan buyon kompyuter lingvistikasi – tilshunoslik, matematik modellashtirish va texnika kesishuvidagi ilm-fan bilan shug‘ullanib kelaman. Meni avvalambor, texnika yordamida lingvistika muammolarini hal etish ko‘proq qiziqtiradi, shu bois hamkasblarim bilan birga ushbu mavzuga doir darslik, qo‘llanma nashr etdim, hamkorlikda ona tili bo‘yicha darsliklarga ilovalar yaratdik. Biroq bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. Masalan, matnlarni avtomatik tarzda tahrir qiladigan, bizning orfografik, sintaktik yoki boshqa xatolarimizni ekranda ko‘rsatadigan, sinonimlarni taklif etadigan tizimning o‘zbek tilidagi versiyasi kerak. Shuningdek, bugungi kunda yaxshi tarjima qiladigan avtomatik tarjimonga ehtiyoj katta. Operatsion tizimlar – yana o‘sha Windowsni o‘zbek tiliga moslashtirish muammosi bor.

Bularning barchasi uchun matnlar va lug‘atlarning elektron korpuslari uchun ulkan ma’lumotlar bankini yaratish talab etiladi. Masalan, ingliz tilining milliy korpusi 100 milliondan ortiq so‘zlar qo‘llaniladigan misollarni o‘z ichiga oladi.

Biroq o‘zbek tili shoirona va obrazli til bo‘lgani bois, SMS va internet muloqot tufayli urfga kirayotgan qisqartmalar unga uncha yarashmaydi. To‘g‘ri, so‘zlashuv va adabiy til o‘rtasida katta farq bor – u hammaga ham ma’lum bo‘lmagan “murakkab” so‘zlarni o‘z ichiga oladi, masalan qadimiy g‘azallarning ma’nosini tushunishni qiyinlashtiradi.

Zero, ona tilimizning sofligini, uning ko‘p qirraligini saqlash va kelgusi avlodga yetkazish olim sifatida bizning vazifamiz. Bu esa, oson ish emas, chunki barchamiz ham bir necha bor reklamada noto‘g‘ri yozilgan so‘zlarga ko‘zimiz tushgan, ko‘chada savodsiz nutq qulog‘imizga chalingan. Jamiyatda til madaniyatini yuksaltirish, adabiy til me’yorlariga amal qilish, shevadan foydalanish bo‘yicha bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hali talaygina. Muammolar haqiqatan ham jiddiy. Ma’lumki, Toshkent va Farg‘ona shevalari o‘z vaqtida o‘zbek tilining asosini tashkil etgan. Farg‘ona shevasi me’yorga yaqinlikni saqlagan, biroq so‘nggi paytlarda Toshkent shevasiga boshqa viloyatlar lahjasi ta’sir ko‘rsatayotgani ham ancha sezilmoqda.

Imlo bilan bog‘liq muammolar ham talaygina. Tajribali tilshunos xatolarni ilg‘amay o‘tolmaydi. Do‘konga kirganimda, savodsiz yozilgan yozuvga ko‘zim tushgan holatlar ham bo‘lgan. Shunda do‘kon xodimlariga bu so‘z aslida qanday yozilishi kerakligini tushuntirsam, ular bunga javoban: “Bitta harfni o‘zgartirish uchun ortiqcha xarajatning bizga nima keragi bor?” deyishgan. Ko‘pchilik e’tiboriga qo‘yiladigan bir juft so‘z yoki iboralarni hech bo‘lmaganda yaqin atrofdagi maktab o‘qituvchisiga ko‘rsatib, tekshirtirib olishning iloji borku axir! Men bir paytlar bu mavzu bo‘yicha televidenieda chiqish qilib, efir orqali fuqarolarimizga mazkur masalada yordam kerak bo‘lganda murojaat qilishi, xatolarni bepul tekshirib berishim mumkinligini aytganman va men bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlarni berganman. Bu axir judo osonku! O‘shanda menga faqatgina bir kishi qo‘ng‘iroq qilgandi xolos...

Eskirgan frazeologizmlar, sinonim va antonimlar lug‘atini yangilash vaqti keldi. Ularni nafaqat tahrir qilish, qaytadan yozib chiqish kerak. O‘zbek matnlarida ko‘proq va kamroq qo‘llaniladigan so‘zlarni aniqlash imkonini beradigan chastota lug‘atlarni ham yaratish zarur. Bu olimlar uchun ham, pedagoglar uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Til boyligini ilmiy asosda rivojlantirish, fundamental ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, bank-moliya singari muhim sohalar bo‘yicha uning resurslarini kengaytirish, zarur iboralarni ishlab chiqish kerak, shuningdek, so‘zlarning kelib chiqish tarixini oydinlashtiradigan yangi etimologiya lug‘ati, boshqa tillar bilan qiyosiy lug‘atlarni yaratishga ham ehtiyoj bor.

Shuningdek yurtimizda dialektologiyaga ham talab katta. Bu ham qiziqarli mavzu. Ayniqsa, barcha lahjalarimiz ham o‘zbek tili singari qarluqlar guruhiga kirmaydi. Turkman va ozarbayjon tillariga o‘xshash bo‘lgan o‘g‘uz lahjasi ham, qoraqalpoq tilining “qarindoshi” bo‘lgan qipchoq lahjasi ham quloqqa chalinadi. Har bir viloyat shevasining o‘ziga xos xususiyatlari bor. Masalan, Namangan shevasida unli tovushlar uyg‘unligi kuzatiladi. Bunday holat deyarli barcha turk tillarida uchraydi.

Tilshunoslik rivojida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining hissasi beqiyos.

Oliy ta’lim muassasamizga yaqindagina – atigi ikki yarim yil ilgari asos solingan bo‘lsada, u filologik tadqiqotlar bo‘yicha o‘zini eng muhim markazlardan biri sifatida tanita oldi. Ta’lim dargohimizning nufuzi hamda o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kun sayin ortib bormoqda, shu bilan birga qabul kvotalari ham oshmoqda. 2016 yilda o‘qishga 300 talaba qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 700 dan oshdi. Dunyoning turli burchaklaridan mutaxassislar o‘zbek tilini o‘rganish va O‘zbekiston bilan bog‘liq ilmiy ishlar qilish maqsadida ushbu ta’lim dargohiga tashrif buyurmoqda. Bugungi kunda 18 mamlakat bilan hamkorlik aloqasi o‘rnatilgan, jahonning turli universitetlari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida 52 memorandum va kelishuvlar imzolangan.

Universitetimiz uchta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha o‘z faoliyatini yuritadi. Bular: o‘zbek tilini tadqiq etish, uni ommalashtirish va mavqeini oshirish hamda yangi uslublardan foydalangan holda, o‘zbek tilini o‘qitishni joriy etish. Faoliyatimizga mutlaqo yangi fanlar – kompyuter lingvistikasi, psixolingvistika, sotsiolingvistika, tillarni o‘qitishning yangi uslublari bilan bog‘liq fanlar kiritilgan. Tilning tarixiy ildizlari, uning turli asrlardagi “qiyofasi” puxta o‘rganilmoqda, hatto qadimda xat yozishga doir maxsus loyihalar ham amalga oshirilgan. Mamlakatimizda lotin alifbosini joriy etish davom etmoqda, biroq ko‘pchilik hali ushbu grafikada yozishni ham, o‘qishni ham bilmaydi. Maqsadimiz yangi alifboga bosqichma-bosqich o‘tilishiga ko‘maklashishdan iborat. O‘zbek alifbosi va orfografiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlangan.

Universitetda til o‘rgatish jahon tajribasi va standartlarini hisobga olgan holda, modifikatsiyalangan metodika bo‘yicha yuritiladi. Auditoriyalar smart-doskalari, interfaol ekranlar bilan jihozlangan, an’anaviy o‘qitish uslublari o‘rnini ilg‘or va dolzarb o‘qitish uslublari egallagan.

Ushbu o‘quv yilidan boshlab, muassasada “Xorijiy guruhlarda o‘zbek tili” nomli yangi fakultet ochildi. Unda o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitadigan bo‘lajak o‘qituvchilar tayyorlanadi. Yurtimizda ta’lim yetti tilda yuritiladi va maktablar, litsey, oliy o‘quv yurtlari uchun davlat tili bo‘yicha malakali pedagoglar kerak.

Ko‘pchilik xorijliklar o‘zbek tilini o‘rganish istagini bildirmoqda. Toshkent va Samarqand inson hayoti davomida bir marta bo‘lsa ham tashrif buyurishi kerak bo‘lgan 50 shahar sirasiga kiritildi. Ushbu ro‘yxat Amerikaning mashhur “Huffington Post” internet nashri tomonidan tuzilgan. Mamlakatimizda turizm rivojlanmoqda, investitsiyalar uchun qulay muhit yaratilgan.

Mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni oshiruvchi ko‘plab omillar bor. O‘zbekistonni yaxshi bilmoqchi bo‘lgan inson o‘zbek tilini o‘rganishi kerak, zero madaniyat va tarix hamisha til bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib kelgan. Xorijiy davlat fuqarolarining o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan xohishini shu bilan izohlash mumkin.

Universitetimizda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitadigan xorijiy fuqarolarni tayyorlash markazi ham faoliyat yuritadi. Bugungi kunda ushbu markaz tinglovchilari soni 70 dan oshdi.

Universitetning ilmiy va kadrlar salohiyati ham yuqori. O‘zbek tilshunosligi "yosharib" borayotgani ham muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda hali 40 yoshga ham to‘lmagan fan doktorlari soni ortmoqda.

Bu bugungi kunda universitetimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismigina xolos. Ta’lim muassasasi xodimlari va talabalarini oldinda hali ko‘plab rejalar, loyihalar, uchrashuvlar kutmoqda. Bularning bari o‘z kasbiga bo‘lgan qiziqish, fidoyilik va albatta ona tiliga cheksiz muhabbat muhitida amalga oshirilishi shubhasiz.

Saodat MUHAMEDOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va
adabiyoti universiteti o‘zbek tili ikkinchi til sifatida 
kafedrasi mudiri

6 080
O‘zA