Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 15:53 Chop etish versiyasi

Til – muloqot kaliti

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida oliy ta’lim tizimi ingliz tili o‘qituvchilari uchun “Ingliz tili – muloqot kaliti” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi, Chet tillarini o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi hamda «O‘zbekistonda xorijiy tillar» elektron jurnali va internet portali bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori G‘.Rahimov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganish va o‘qitishga alohida e’tibor berilayotgani, keng imkoniyat va sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Til – muloqot kaliti, dunyoni bilish vositasidir. Shu nuqtai nazardan chet tillarini biluvchi yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ko‘lamda ilm olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishga davlat siyosati darajasida qaralmoqda.

Mamlakatimizda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, xorijiy tillarni puxta biladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirish maqsadida 58 oliy ta’lim muassasasi, ularning 15 filialida xorijiy tillar o‘qitilmoqda. O‘zbekistonda turli sohalarga yo‘naltirilgan xorijiy davlatlarning 7 nufuzli universitetlarining filiallari mavjud.

– O‘zbekistonning ta’lim, muhandislik, energetika, texnologiya, arxitektura va boshqa sohalardagi imkoniyatlarini yuksak baholaymiz, – dedi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Lesli Vigur. – Shu bois mamlakatingizda ingliz tilini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda samarali vosita bo‘lishiga ishonamiz. Elchixona bilan hamkorlikda ko‘plab o‘quv adabiyotlari, dasturlar yaratildi, AQShning professor-o‘qituvchilari mamlakatingizdagi oliy ta’lim muassasalarida saboq bermoqda. Bugungi anjuman O‘zbekistonda chet tillar tizimini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.

Xalqaro konferensiyada ingliz tili bo‘yicha yangi o‘quv adabiyotlari va dasturlarini yaratish, til o‘qituvchilarini tayyorlash, maxsus yo‘naltirilgan ingliz tili, til ko‘nikmalarini rivojlantirish, madaniyatlararo muloqot, imkoniyati cheklangan yoshlarga til o‘rgatish xususiyatlari, ingliz tilini o‘qitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining roli kabi masalalar muhokama qilindi. Sohani rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalar berildi.

Sevara Alijonova, O‘zA
648






Все о погоде - Pogoda.uz