O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Til – millatning bebaho boyligi

Til – millatning bebaho boyligi

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Jizzaxda ham oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning 30 yilligi katta tantana qilindi.

Bayram tadbirlari ertalab viloyat va Jizzax shahar hokimligi, muassasalar, korxonalar, tashkilotlar, yoshlar, jamoatchilik vakillarining oʻzbek tili ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib va davlat arbobi Sharof Rashidov haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, ziyorat qilish bilan boshlandi.

Tantanalar shaharda Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonida davom etdi. Bayram ishtirokchilari oʻzlarining sheʼrlarida oʻzbek tilining goʻzalligi va jozibasini namoyish etgan yurtimizning ikki otashnafas shoiri haykali poyiga guldastalar qoʻyib, hurmat bajo keltirdilar.

Shu yerda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunga bagʻishlangan miting boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olganlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qabul qilgan qarori tilimizning jamiyatimiz madaniy, siyosiy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirishga berilgan katta eʼtibor ekanligini taʼkidladi.

– Bundan oʻttiz yil burun oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish toʻgʻrisida qonun qabul qilinganini xalqimiz qanday xursandchilik bilan qarshilagani hamon yodimdan chiqmaydi, – deydi xalq taʼlimi aʼlochisi, 98 yoshli Yusuf ota Xolmatov. – Bu qonun millatimiz oʻzligining eng muhim belgisi boʻlgan tilimizni qaytarib berdi. Prezidentimizning ushbu tarixiy sanani keng nishonlash toʻgʻrisida qabul qilgan qarorida ham ona tilimizni asrab-avaylash, uni yanada boyitishdek ezgu maqsad mujassam. Bugun ushbu tarixiy sananing nishonlanishida ham tarixiy haqiqatning yangi zamon, yangi davrdagi tantanasini koʻrib, beadad shukr qilaman.

Ijod bogʻiga tutash oʻzbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi oʻquvchilarining ijodkorlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir Turob Niyoz bilan adabiyot va soʻz sehriga oshna iqtidorli oʻquvchilar sheʼriyatning, badiiy ijodning ifoda vositasi boʻlgan ona tili haqida samimiy suhbat qurdi, oʻzining ona tili haqidagi sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi.

Bayram tantanalarining asosiy tadbiri Yunus Rajabiy nomli viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Teatrda hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari, adabiyot va sanʼat vakillari, taniqli ijodkorlar, sanʼatkorlar, yoshlar ishtirokida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 30 yilligiga bagʻishlagan adabiy, badiiy, musiqali kecha oʻtkazildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ergash Soliyev yigʻilganlarni bayram bilan tabrikladi.

Til bayramiga bagʻishlangan tadbirlar faqat Jizzax shahrida emas, viloyatning barcha hududlarida keng nishonlandi.

Zafarobod tumanida ushbu sanaga bagʻishlagan tadbir tuman madaniy hayotida keyingi yillardagi muhim voqeaga aylandi. Tuman markazida oʻzbek adabiy tilining asoschisi, ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qoʻyishga bagʻishlangan tadbirda hududdagi davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etishdi. Bu yerda boʻlib oʻtgan tadbirda buyuk allomaning tilimiz ravnaqiga qoʻshgan ulkan hissasi minnatdorlik bilan yodga olindi.

706
Toshqul BEKNAZAROV, Jamshid YORBEKOV (surat), OʻzA