O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Til – millat boyligi

Til – millat boyligi

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganiga 30 yil toʻldi. Ushbu sana munosabati bilan joylarda tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻziga xos bayramona tus olmoqda.

Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻtkazilgan oʻzbek tilining oʻqitilishidagi muammolar va yechimlar hamda uning jamiyatdagi ravnaqini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Atoqli shoir haykali atrofida yigʻilgan viloyatning barcha tumanlaridan tashrif buyurgan iqtidorli oʻquvchilar oʻzbek tili tarixi, uning sayqal topishi, ravnaqi haqida hikoya qiluvchi sahna koʻrinishlari, sheʼrlari bilan ishtirok etdi.

– Maktabimizda oʻzbek tili rivojiga bagʻishlangan bu kabi tadbirlar muntazam oʻtkaziladi, – deydi Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchisi Sevinch Omonova. – Shu munosabat bilan koʻplab tilshunos olimlar, adabiyotshunoslar tez-tez tashrif buyurishadi. Ularning maʼruzalaridan, suhbatlaridan olam-olam maʼno olamiz. Mana bugungi oʻtkazilayotgan ilmiy-amaliy anjuman ham biz oʻquvchilar uchun nihoyatda ahamiyatli boʻldi. Biz baxtli avlodmiz, deb bemalol ayta olaman. Sababi, bobolarimizga armon boʻlgan orzular, maqsadlarga biz erishyapmiz. Oʻzbek tilida ijod qilyapmiz. Sheʼrlar bityapmiz. Kelajakda taniqli shoira boʻlib, oʻzbek tilining shuhratini dunyoga yoyishni orzu qilaman.

Ilmiy-amaliy konferensiyaga taqdim etilgan maqolalar toʻplam sifatida chop etildi. Unda milliy tilimizning ahamiyati va dolzarbligi borasida olib borilayotgan izlanishlarning yuzga yaqini jamlangan.

621
Oʻlmas BAROTOV, Jamshid NORQOBILOV (surat), OʻzA