O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Til bayrami keng nishonlandi

Til bayrami keng nishonlandi

Fargʻona viloyatida ham Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, yaʼni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

1989-yil 21-oktyabr. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlgan ona tilimiz oʻzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʻldi. Ona tilimiz milliy oʻzligimizdir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Vatanimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotir.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligi keng nishonlanmoqda. Bayramning asosiy tadbirlari Fargʻona shahrida oʻzbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga oʻrnatilgan haykal poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Unda viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida boʻlib oʻtgan tadbirda bugungi kunda ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi. Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev barchani bayram bilan tabrikladi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkilot va korxonalar, taʼlim maskanlari oʻrtasida “Oʻzbek tilim – iftixorim!” mavzusida 7 ta yoʻnalishda insholar tanlovi oʻtkazildi. Bayram tadbirida 26 nafar tanlovning gʻolib va sovrindorlari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Ona tilimizni madh etuvchi sheʼr va qoʻshiqlar yangradi.

Fargʻona davlat universitetida “Filologiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Anjumanda yoshlar qalbida ona tilimizga muhabbat, milliy va jahon adabiyotini teran nigoh bilan oʻqishga qiziqish uygʻotish, kitobxonlik madaniyatini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

– Har qaysi xalq yoki millatning maʼnaviyatini uning tarixi, oʻziga xos urf-odat va anʼanalari, tili, madaniyati va qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib boʻlmaydi, – deydi Fargʻona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Habibullo Joʻrayev. – Ulugʻ mutafakkir shoirimiz hazrat Alisher Navoiyning oʻzbek xalqi maʼnaviy dunyosi, tilining shakllanib rivoj topishida xizmatlari beqiyos boʻlgan. Uning moʻtabar nomi, ijodiy merosini doimo faxrlanib tilga olamiz. “Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz” degan purmaʼno soʻzlarining magʻzini anglaymiz. Navoiyning asarlari orqali ona tilimizning beqiyos boyligi, uning buyukligini angladik, unga boʻlgan mehr-muhabbatimiz oshdi.

Til bayramiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kechalar barcha shahar va tumanlarda ham oʻtkazildi.

818
Maʼsudjon SULAYMONOV, Muqimjon QODIROV (surat), OʻzA