O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Tibbiyot xodimlari kuniga munosib tuhfa

Tibbiyot xodimlari kuniga munosib tuhfa

Sirdaryo viloyati Guliston shahri Taraqqiyot mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 4-oilaviy poliklinika mukammal taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Sirdaryo viloyati va Guliston shahar hokimliklari, sogʻliqni saqlash tizimi rahbar va xodimlari, mahalla faollari va poliklinikada faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlar oʻzining yorqin samaralarini berayotgani taʼkidlandi.

Ushbu shifo maskanining respublikamiz mustaqillikka erishgandan buyon har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanib kelinayotgan “Tibbiyot xodimlari kuni” kasb bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi shahardagi 4 ta mahalla hududida istiqomat qiluvchi 14 ming 992 nafar aholi hamda shu poliklinikada faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari uchun quruvchilarning munosib bayram tuhfasi boʻldi.

Faxriddin Murodov boshchiligidagi “Nasix – Aziz – Elshod” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan mukammal taʼmirlash, tiklash, pardozlash va jihozlash ishlariga davlat byudjeti hisobidan 1 milliard 360 million soʻm mablagʻ sarflandi.

– Kasb bayrami arafasida qaytadan ishga tushirilgan poliklinikamizda endi aholi roʻyxatini elektron tizimda roʻyxatga olish imkoniyati yaratildi, – deydi Guliston shahridagi 4-poliklinika mudirasi Gulnoza Abbasova. – Qisqa muddatda zamonaviy talablarga mos tibbiy asbob-uskunalar bilan toʻla jihozlangan va yuqori sifatda qayta rekonstruksiyadan chiqarilgan tibbiyot maskanimizda aholi va shifokorlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Tabiiyki bu poliklinikamizda fuqarolarimizga xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

425
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA