O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Tibbiy xizmatdan aholi nega norozi?

Bemor bolani poytaxtimizdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga qabul qilishmadi. Nima uchun?

Shoshilinch tibbiy yordam haqida so‘z borganida biz, avvalo, kafolatlangan, sifatli va tezkor tibbiy yordamni tasavvur qilamiz. Bugun yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish yo‘lida belgilangan vazifalar va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi sa’y-harakatlar shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, aholining har bir murojaatiga amaliy yordam bilan javob qaytarish, eng muhimi, xalqimizning ushbu tizim faoliyatidan rozi bo‘lishiga erishishga xizmat qiladi.

Islohotlardan aholi juda ko‘p narsa kutayotgani ma’lum. Ahvol yaxshilanishidan umidvor. Ammo tibbiyot maskanlari aholiga haqiqatda tezkor yordam ko‘rsata olayaptimi?

O‘zAga yo‘llangan maktubda aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tugul, uni qabul qilishmagani bayon etilgan.

“Shanba kuni kechga yaqin o‘g‘limning boshi yorildi. Yaxshigina chuqurcha hosil bo‘lgan. Amallab qonni to‘xtatdik va poytaxtimizdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib bordik (16-sonli shifoxona). Tizimdagi so‘nggi islohotlardan keyin o‘zgarishlar borligiga umid bor edi. Qayda, chuchvarani yana xom sanabmiz. Jon talvasasida kirib borganimiz bilan birov ”kimsan“ demadi. Aksiga olib, bolalar xirurgiyasi bo‘limi ”moyka“ tufayli vaqtincha yopiq ekan”.

Bizga maktub yo‘llagan fuqaroning yozishicha, avval ham ushbu markazga ishi tushgan. Ammo o‘shanda ham bu yerdagi sovuqqon munosabat, kasbga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondashuv, eshikdan kirishda mingta savollar bilan vaqtni olish kabi holatlar bo‘lgan.

Hech kim shifoxonaga o‘ynagani bormaydi, aslida. Inson og‘riq bezovta qilsa, yoxud salomatligidan xavotirlansagina shifokor huzuriga boradi.

Fuqaroning aytishicha, uning: Xo‘p, endi nima qilish kerak, – degan savoliga:

O‘sha yerda ishlaydigan mutaxassislar xotirjamgina:

– TTZdagi neyroxirurgiya markaziga borish kerak, deb javob berishgan.

Tasavvur qiling, bolaning boshida santimetrli chuqurcha bo‘lsa, qon birda ketib, birda to‘xtab turgan bo‘lsa, oq xalatli “najotkorlar” esa pinagini ham buzgisi kelmayapti.

Murojaat qilgan yurtdoshimiz aytilgan joyga o‘z avtoulovida borib farzandini shifokorga ko‘rsatgan. Ammo, agar biroz imkoni yo‘qroq oila shunday ahvolga tushsa dodini kimga aytadi?

Tibbiyot muassasalarida “moyka” deb ataladigan atama ta’mirlash bilan bog‘liq ekani ma’lum. Bu tushunarli. Tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bilan bog‘liq masala bu. Ammo hech bo‘lmasa bitta mutaxassisning mana shunday shoshilinch vaziyatlarda fuqarolarga yordam berishi uchun kichikroq xona ajratishning iloji yo‘qmi?

Shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan insonga zarur paytda tez yordam ko‘rsatilmas ekan, unda muassasaga “Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi” degan nom nega kerak?

Bu murojaatdan keyin ushbu shifoxona bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Ularga oddiy fuqaro sifatida bergan savollarimizga mazkur bo‘lim bir oy muddatga yopilganini ma’lum qilishdi. O‘zimizni jurnalist sifatida tanishtirganimizdan so‘ng, “moyka” atigi 15 kun bo‘ladi degan ikki xil javobni oldik.

Xulosa sizdan...

Barno Meliqulova, O‘zA
2 366