O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

“Tez yordam” loyihasi: koronavirusga chalingan bemorning buyragi ham zararlanadimi?

“Tez yordam” loyihasi: koronavirusga chalingan bemorning buyragi ham zararlanadimi?

SAVOL: Koronavirusga chalingan bemorda buyrak va peshob chiqarish tizimi ham zararlanadimi? Bemorda oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilganda qanday davolash kerak?

Bu savollarga “Milliy” telekanalida efirga uzatilgan “Tez yordam” koʻrsatuvida tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali nefrolog-shifokor Barno Alimuhamedova quyidagicha javob berdi:

– Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, koronavirus nafaqat oʻpka, odamning boshqa aʼzolarini ham jarohatlaydi. Virus tanachalari miya toʻqimalarida, yurak-qon tomirlari, jigar, ichak va hatto buyrakda ham topilgan. Buyrak sohasida kasallikning kechishi yengil turda emas, asosan oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻir turlarida namoyon boʻladi.

Jonlantirish boʻlimlarida yotgan bemorlarning 60 foizida buyrak shikastlanishi, xususan, oʻta ogʻir buyrak yetishmovchiligini kuzatishimiz mumkin va bu, oʻz navbatida, peshob yoʻllarining ham zararlanishiga olib keladi.

Maʼlumotlarga koʻra, AQSH va Xitoy kabi davlatlarda oʻtkir buyrak yetishmovchiligiga uchragan bemorlarning koʻpchiligida gemodializ usulida davolanish uchun boʻlimlarda joy qolmagan vaqtlar ham boʻlgan. Bemorda oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilsa, gemodializ usuli, yaʼni sunʼiy buyrak apparatiga qoʻyish kerak. Shu apparat oʻpka, yurak va buyrakka yordam beradi. Hozirda shu usuldan foydalanilmoqda.

S vitaminini aynan kasallangan paytda 1 yoki 2 grammdan ichish mumkin. Lekin keyinchalik toʻxtatish lozim. Chunki S vitamini buyragida kasalligi boʻlgan odamda tosh kasalliklarini rivojlantirib yuboradi.

Buyrak kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarga shomollashga qarshi boʻlgan ayrim dori vositalarini ichish man etiladi. Lekin koronavirusni davolashda shifokorlar bu dorilarning baʼzilarini qisman qoʻllashga majbur boʻladi. Hattoki oddiy paratsetamol yoki ibuprofen ham buyrakka salbiy taʼsir qilishi mumkin. Bu yerda odamning nasliy moyilligi, dorining miqdori va buyrak ishlashining tezligi ham ahamiyatga ega.

Baʼzida travmatolog, revmatolog hamda nevropatolog tomonidan odamlarda juda qattiq ogʻriq boʻladigan boʻlsa hattoki shu dorilarning 2-3 xilini ham berib yuborish holatlari boʻladi. Bu holatlarda adashmaslik uchun bemor har bir dorini mutaxassis nazoratidan oʻtgan holda qabul qilishi lozim.

1 480
OʻzA