O‘zA O`zbek

22.10.2019 Chop etish versiyasi

Tez tibbiy yordam shoxobchalariga 20 ta “Damas” berildi

Tez tibbiy yordam shoxobchalariga 20 ta “Damas” berildi

Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida namunali birlamchi tibbiyot muassasalari tashkil etish hamda ularga qoʻyiladigan talablar yuzasidan seminar oʻtkazildi.

Tadbir avvalida Samarqand shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va deputatlar ishtirokida viloyatdagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga 20 ta maxsus “Damas” avtomashinalari topshirildi.

Marosimda viloyat hokimi E.Turdimov soʻzga chiqib, joriy yilda mahalliy byudjetdan tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun 27 milliard soʻm mablagʻ ajratilganini taʼkidladi. Jumladan, viloyatdagi tibbiyot muassasalari uchun 20 ta yengil mashina, 16 ta boshqa turdagi avtomobillar xarid qilingan.

Shundan soʻng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari Samarqand shahri va Jomboy tumanidagi oilaviy poliklinikalar hamda koʻp tarmoqli markaziy poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Mazkur muassasalarda aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida oʻtkazilgan seminarda birlamchi tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahlil etildi. Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar salomatligini mustahkamlash, ular oʻrtasida yuzaga kelayotgan kasalliklarning oldini olish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

590
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA