Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 16:37 Chop etish versiyasi

Tez tibbiy xizmat samaradorligi oshmoqda

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlashda yuksak samaralar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Mamlakatimizda aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi tubdan yangilanayotgani xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filiali direktori o‘rinbosari Javdat Latipov. – Shoshilinch tibbiy yordam tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilib, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Moddiy-texnik baza mustahkamlanmoqda. Dori-darmon va transport vositalarini yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash yaxshilanmoqda. Viloyat tez tibbiy yordam xizmatiga ixtisoslashtirilgan va umumiy tarmoqli ko‘chma brigadalar hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qiluvchi brigadalar uchun “Tez tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona standartlari” va “Tez tibbiy yordam xizmatining dispetcherlari uchun chaqiriqlarni qabul qilish protokollari” joriy etildi. Tumanlardagi tez tibbiy yordam bo‘limlariga markazlashgan holda ajratilayotgan dori-darmon va tibbiy buyumlarning maqsadli, oqilona ishlatilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filialining maxsus buyrug‘i bilan bosh mutaxassislar tumanlarga biriktirildi.

Viloyat shoshilinch va tez tibbiy yordam tarmog‘ida mavjud 117 maxsus avtotransport vositasi tuman tibbiyot birlashmalari balansidan chiqarilib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi hisobiga o‘tkazildi. Yilning o‘tgan davrida 40 dan ortiq “Damas” ambulans rusumli maxsus avtotransport vositasi keltirilib, Termiz shahri va tumanlar tibbiyot birlashmalariga taqsimlandi. Yana 50 ga yaqin yangi maxsus avtotransport vositasi olib kelish mo‘ljallanmoqda. Xarajatlar smetasi, shtat jadvallari, haydovchilar ish haqi va ajratmalari, texnik va servis xizmat ko‘rsatish bosqichlari, xizmat ko‘rsatiladigan avtotransport vositalari soni va yoqilg‘i-moylash materiallari fondlari hajmining oshishiga bog‘liq o‘zgarishga mos ravishda o‘rnatilgan normativlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilib, tegishli organlarga ehtiyoj va takliflar kiritildi. Viloyat hokimi tomonidan Termiz shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga ajratilgan 30 million so‘m mablag‘ evaziga xodimlar uchun yagona standartli maxsus kiyim-boshga buyurtma berildi.

Manzilli dastur doirasida tez tibbiy yordam xizmatining mavjud bino va inshootlari ta’mirlanib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotir. Shu asosda 7 inshootni 350 million so‘mga kapital va 9 inshootni 180 million so‘m mablag‘ evaziga joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

– Bunday yangilanishlar bemorlarga statsionar, ambulator va chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga ko‘tardi, – deydi Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdusamat Norqobilov. – Bu jarayonda qo‘shimcha tartibda tugatilayotgan qishloq-vrachlik punktlari va yangidan tuzilayotgan qishloq oilaviy poliklinikalari qoshida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etilmoqda. Bu yil viloyatda 94 ana shunday shoxobcha ochish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda 26 qishloq oilaviy poliklinikasida tez tibbiy yordam shoxobchalari tunu kun faoliyat yuritmoqda. Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ishi samaradorligini ta’minlash uchun tez tibbiy yordam stansiyalari va kichik stansiyalarni, tez tibbiy yordamning ixtisoslashtirilgan avtotransporti va brigadalarini zamonaviy komputer va telekommunikatsiya, aloqa vositalari, GPS-kuzatish uskunalari bilan jihozlash choralari ko‘rilayotir.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida shoshilinch tibbiy yordamga qaratilayotgan bunday e’tibor, berilayotgan imtiyozlar sohani malakali mutaxassislar, transport vositasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va eng zamonaviy tibbiy uskunlar bilan jihozlashda muhim omil bo‘lmoqda. Aholiga tez va kechiktirib bo‘lmaydigan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish, insonlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga qulay sharoit yaratmoqda.

– Issiq jon isitmasiz bo‘lmas, degan gap bor, – deydi Termiz shahrida yashovchi Mamarajab Xolov. – Uyda biror kishining tobi qochib qolgudek bo‘lsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilamiz. Rosti, avvallari shoshilinch tibbiy yordam chaqirganimizdan afsuslangan paytlar ham bo‘lgan. Chunki, avtotransport vositasi eskiligi, nosozligi yoki yoqilg‘i taqchilligi ro‘kach qilinar, ba’zan birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga zarur dori-darmoni ham bo‘lmas edi. Endi vaziyat tubdan o‘zgargan. Qo‘ng‘iroq qilsak bas, shifokorlar zudlik bilan uyga kelib, zarur muolaja qilmoqda. Salomatligimizni asrash yo‘lida ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibordan xalqimiz mamnun.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 328






Все о погоде - Pogoda.uz