O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Texnologiyalarga asoslangan ilm sari qadam

Texnologiyalarga asoslangan ilm sari qadam

Bugungi kunda IT -texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib taʼlim sohasini ham qamrab olmoqda.

Dunyoning deyarli barcha zamonaviy taʼlim muassasalarini axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu sohada ancha ilgarilab ketgan Singapur mutaxassislari oʻquvchilar bilan birgalikda onlayn darslarni tashkil qilib, oʻquv materiallarini oʻrganish uchun mobil ilovalardan foydalanishadi.

AQSH, Xitoy va boshqa qator mamlakatlardagi taʼlim muassasalari ham oʻqish jarayoniga yangi texnologiyalarni joriy etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlamoqda.

“Kun chiqar” mamlakat Yaponiya davlatida ham ushbu soha ancha rivojlangan. Jumladan, oʻqitish jarayoniga xalqaro internet taʼlimi faol tatbiq etilib, qoʻshma internet-loyihalar yaratilib amaliyotga joriy qilinmoqda. Matematika, tarix, biologiya, chet tillari boʻyicha oʻqishni qiziqarli qilishga yordam beruvchi 3-D oʻyinlaridan foydalanishadi.

Oʻzbekiston ham jahon axborot-taʼlim makonida oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Ana shu erishilayotgan muvaffaqiyatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida tashkil qilingan Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining ham salmoqli oʻrni bor.

Markazining faoliyati Xalq taʼlimi tizimining innovatsion pilot loyihalarini texnik amalga oshirish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi organni yaratishga, shuningdek, raqamli innovatsion texnologiyalar, veb-platformalar, dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini joriy qilishga qaratilgan.

Hozirda Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi bir qator loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshirmoqda: Prezident maktabi, “Edu Market” interaktiv virtual taʼlim dasturi, “Edu kids” bolalar uchun ilmiy-ommabop videoroliklari, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti, hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “kitob.uz“ veb-portali.

Markaz oʻz oldiga koʻngilochar kontent bilan foydali boʻlgan narsalarni birlashtirib, bolalarning zamonaviy bilimlarini oʻzlashtirishdagi qiziqishini oshirishni maqsad qilib qoʻygan. Tahliliy maʼlumotlarga qaraganda bunday yondashuvlar bolalarning oʻyin davomida intellektual salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Yaqin kelajakda mamlakatimizda axborot texnologiyalari qoʻshimcha emas, balki taʼlim jarayonining ajralmas qismiga aylanishi shubhasiz.

29 402
Nazokat Rajabova, OʻzA