O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

“TexnoBus” taʼlim platformasida birinchi boʻlib Toshkent viloyati yoshlari qatnashdi

“TexnoBus” taʼlim platformasida birinchi boʻlib Toshkent viloyati yoshlari qatnashdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan chekka hududlarda mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim boʻlgan sohalarga qiziquvchi yoshlarga taʼlim berishga moʻljallangan “TexnoBus” texnologik mobil taʼlim platformasiga start berildi.

Ushbu taʼlim platformasi respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosini yaratish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi.

“TexnoBus” barcha qulayliklarga ega boʻlib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Taʼlim avtobusi bir vaqtning oʻzida 12 nafar oʻquvchini oʻqitish imkoniga ega. 

photo_2020-07-08_16-47-37.jpg

Innovatsion taʼlim platformasida yoshlarga robototexnika va elektronika, 3D prototiplashtirish, dasturlash va boshqa interaktiv yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim beriladi.

Ilk tashrif Toshkent viloyatining Ohangaron va Olmaliq shahriga uyushtirildi. Hudud yoshlariga ilk mahorat darslari Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov va Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Azizbek Ilhomov tomonidan oʻtkazildi. Mahorat darslarida hududdagi 60 nafardan ortiq iqtidorli yigit-qiz ishtirok etdi.

Mahorat darslari davomida yoshlarga Yoshlar akademiyasi va Ohangaron shahrida tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparki boʻyicha maʼlumotlar, ularda yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar tushuntirildi.

photo_2020-07-08_16-47-45.jpg

3 726
A.Musayev, OʻzA