O‘zA O`zbek

03.08.2018 15:17 Chop etish versiyasi

Test jarayonlarini tasvirga olayotgan kameralar barqaror ishlamoqda

Test jarayonlarini tasvirga olayotgan kameralar barqaror ishlamoqda
Farg‘ona viloyatida ham oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari adolatli, shaffof hamda yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda.

Test sinovlarini o‘tkazishda qator yangiliklar joriy etilgani barchani cheksiz quvontirmoqda.

Test sinovlarida viloyatdagi 6 oliy ta’lim muassasalarining abituriyentlari Davlat test markazi taqsimlagan jadvali asosida ta’lim yo‘nalishlari kesimida ishtirok etmoqda. Abituriyentlar uchun test sinovlari o‘tkaziladigan barcha binolar maxsus sovitgichlar bilan jihozlandi hamda zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan.

Test sinovlari o‘tadigan binolarga yaqin hududlarda abituriyentlarning ota-onalariga maxsus joylar tashkil etilgan bo‘lib, ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarayonni kuzatib borishlari uchun 5 ta katta hajmdagi monitorlar o‘rnatilgan. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi bir binolarda kuzatuv kameralarining ishlamay qolgani haqidagi e’tirozlar ham paydo bo‘ldi. Mutasaddilar, ota-onalarning ta’kidlashicha, viloyatda bunday holat umuman kuzatilgani yo‘q. Barcha kuzatuv kameralari barqaror ishlamoqda. Viloyatda test jarayonlarini kuzatish uchun jamoatchilik nazorati guruhi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Nabiram Qobilbek Olimjonov elektro energetika yo‘nalishida o‘qish niyatida. Uning testlarni aniq va to‘g‘ri yechishini so‘rab, duo qilib o‘tiribman, – deydi yozyovonlik onaxon Mo‘tabar Niyozova. – Danagidan mag‘zi shirin, deganlaridek ota-onasidan ko‘ra men ko‘proq hayajondaman.

Barcha binolarda test jarayonini adolatli, qat’iy tartib asosida o‘tkazishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 8 nafar abituriyent bino ichida qoidani buzgani uchun chetlashtirildi.

Mas’udjon Sulaymonov, O‘zA
2 630